Yangi O‘zbekistonda yangi tahrirdagi Konstitutsiya
Xabaringiz bor, joriy yilning 30-aprel sanasida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea boʻlib oʻtadi. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni umumxalq referendumida ovozga qoʻyiladi.
Shu bois, ayni paytda yurtimiz bo‘ylab soha mutaxassislari ishtirokida aholi, ayniqsa, yoshlarning yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilinishida faol ishtirok etishiga bag‘ishlangan, mazkur siyosiy jarayonning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan turli targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yangi O‘zbekistonda yangi tahrirdagi Konstitutsiya” mavzusida bo‘lib o‘tdi.
“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, fakultet dekanlari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuvda “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti, falsafa doktori, PhD Mo‘minjon Xo‘jayev hamda kafedra katta o‘qituvchisi Bektosh Berdiyev mavzu yuzasidan ma’ruza qilishdi. So‘zga chiqqanlar tomonidan davlatimiz va xalqimiz hayotida Konstitutsiyaviy islohotlarni umumxalq referendumi orqali amalga oshirilishi bilan bog‘liq katta siyosiy voqea bo‘lib o‘tishi, referendum jarayonlarida har bir fuqaroning shaxsan o‘zi ishtirok etishi orqali o'z siyosiy irodasini namoyon qilishi hamda referendum o‘tkazish tartiblari haqida tushuntirishlar berildi.
Ma’lumki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida”gi qarori qabul qilindi.
Fuqarolar va keng jamoatchilik vakillari takliflarini yigʻish, umumlashtirish, ularni Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etish tizimini ishga tushirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mutasaddilar tomonidan “Mening Konstitutsiyam” onlayn platformasi, call-markaz, pochta, jumladan, elektron pochta hamda telegram maxsus boti orqali taklif va mulohazalar yuborish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.
Konstitutsiyaviy komissiya esa oʻz faoliyatini uch bosqichda amalga oshirdi. Birinchi bosqichda, Konstitutsiyani oʻzgartirish boʻyicha takliflar qabul qilindi, jamlandi va tahlil qilindi. Qisqa muddatda fuqarolardan 60 mingdan ziyod taklif va gʻoyalar kelib tushdi.
Ikkinchi bosqichda, parlament tomonidan ishlab chiqilgan, takomillashtirilayotgan Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasida koʻrib chiqildi.
Yakuniy bosqichda esa umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan qonun loyihasi Prezidentimiz taklifiga asosan, referendum oʻtkazish yoʻli bilan qabul qilinishi koʻrsatib oʻtildi.
Davra suhbatida yangi tahrirdagi Konstitutsiya yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi rivojiga xizmat qilishi, eng avvalo esa “Inson qadri uchun” gʻoyasini ustuvor yoʻnalish sifatida belgilashi qayd etildi.
Darhaqiqat, shu maqsadda insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi ustuvor maqsad qilib olingan, izchil va puxta oʻylangan, bir necha bosqich davomida ishlab chiqilgan Bosh qomusimizning yangi tahrirdagi varianti ishlab chiqildi. Moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni esa 275 tadan 434 taga koʻpaymoqda. Shuningdek, 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual oʻzgarish kiritilyapti. Konstitutsiya matni 65 foizga yangilandi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish