251

MUBORAK OY FAZILATLARI

MUNOSABAT

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ramazoni sharifni qut-baraka oyi qilgan Alloh taologa hamd-u sanolar boʻlsin. Ushbu oyni yaxshiliklar mavsumi deya uni gʻanimat bilishga chaqirgan Rasul alayhissalomga salavot-u salomlarimiz boʻlsin.

Prezidentimizning 2023-yil 21-martdagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori butun xalqimizni nihoyatda xursand qildi. Zero, keyingi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoya asosida har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadida xalqimizning azaliy orzu-intilishlariga hamohang va uygʻun holda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarda qadimiy tariximiz va boy madaniyatimizga, yuksak insonparvarlik tamoyillarini oʻzida mujassam qilgan milliy va diniy qadriyatlarimizga tayanilishi tabiiydir. Ayniqsa, el-yurtimiz doimo orziqib, katta xursandchilik bilan kutib oladigan, jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladigan muqaddas Ramazon oyining bu borada alohida oʻrni va ahamiyati bor.

Shu bois, qarorda butun dunyo musulmonlari qatori xalqimiz uchun ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat, oliyjanoblik va shukronalik timsoli boʻlgan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada oʻtkazish, diniy-maʼrifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida qator chora-tadbirlar belgilandi. Chunonchi hududlarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan odamiylik, inson shaʼnini ulugʻlash, yaxshilik va mehr-u saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni uyushtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Mashhur sahoba Salmoni Forsiy roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi: “Shaʼbon oyining oxirgi kunida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga shunday xutba oʻqidilar: “Ey insonlar! Ulugʻ va muborak bir oyning soyasi ustingizga tushdi. Shunday bir oyki, unda ming oydan afzal bir kecha bor” (Imom Bayhaqiy rivoyati). Shukrki, Yaratgan ana shunday muborak oyga bizlarni yetkazdi. Yurtdoshlarimiz Ramazon oyini koʻtarinki kayfiyatda, katta tayyorgarlik ila kutib oldi. Mohi Ramazonda ado etiladigan solih amallar evaziga moʻmin-musulmonlar ulkan ajr-savobga erishadi. Alloh taolo farz qilgan roʻza tutiladi, masjidlarda taroveh namozi oʻqiladi va xayriya ishlari amalga oshiriladi.

Quvonarlisi, bu yil yurtimizda 1500 dan ziyod masjidlarda taroveh namozlarida xatmi Qurʼon oʻqilmoqda. Joriy yilda Ramazon oyining 27 kuni davomida masjidlarda Kalomullohning sahifalari bir xil adadda oʻqish anʼanasi joriy qilinadi.

Alloh nasib etsa, barcha masjidlarda Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi, yaʼni “Qadr” kechasi kuni xatmi Qurʼonlar yakunlanib, bir vaqtning oʻzida bir necha million xalqimiz Haq taologa duo qiladi. Mana shunday jamuljam iltijolar ijobatidan, yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz farovon boʻladi, insha Alloh.

Darhaqiqat, bu muborak oyda sanab adogʻiga yetib boʻlmas fazilatlar, duolar qabul boʻladigan iftor vaqti, Alloh taologa qurbat hosil qilishga vosita boʻluvchi taroveh namozi va ming oydan afzal boʻlgan “Qadr” kechasi bor. Har bir moʻmin banda bu ulugʻ oyga yetganda gunohlardan tiyilishga, savob amallarni bajarishga, atrofdagilarga yaxshi muomalada boʻlishga intiladi. Chunki bu oyda qilingan har bir solih amalning darajasi boshqa oylarnikidan ulugʻdir. Hadisi sharifda “Bu shunday oyki, Alloh uning roʻzasini farz qildi, kechasini ibodat bilan oʻtkazishni ixtiyoriy – nafl qildi. Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek boʻladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek boʻladi. U sabr oyidir, sabrning savobi esa jannatdir. U doʻstlik, koʻngil ovlash oyidir” (Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Ramazon – Qurʼon oyidir. Alloh taoloning kalomi aynan shu oyda nozil boʻlgan. Haq taolo bunday marhamat qiladi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat manbai va toʻgʻri yoʻl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir” (“Baqara” surasi, 185-oyat).

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida moʻmin kishining rizqi ziyoda boʻlishi, xonadoni fayz-u barakaga toʻlishi haqida bunday marhamat qilganlar: “Bu oyda Alloh moʻminning rizqini koʻpaytiradi” (Imom Bayhaqiy rivoyati). Bu haqida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat etilgan hadisi sharifda bunday marhamat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga bashorat berib: “Sizlarga Ramazon oyi keldi. U muborak oydir. Alloh sizlarga uning roʻzasini farz qildi. Unda jannat eshiklari ochiladi, doʻzax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi kecha bor. Kim uning yaxshiligidan mahrum boʻlsa, batahqiq, (barcha yaxshiliklardan) mahrum boʻlibdi”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Ramazon oyining kunduzlari qanday fazilatli boʻlsa, kechalari ham shunday fazilatlidir. Sarvari koinot Muhammad sollallohu alayhi vasallamning marhamati shuki: “Albatta, Alloh taolo sizlarga Ramazonning roʻzasini farz qildi, men esa uning kechalarini ibodat bilan oʻtkazishni sizlarga sunnat qildim. Kim imon bilan, savob umidida uning roʻzasini tutsa va kechalarini ibodat bilan oʻtkazsa, onadan yangi tugʻilgan chaqaloqdek gunohlardan pok boʻladi” (Imom Nasoiy rivoyat qilgan).

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda qaysi din vakili boʻlishidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizga vijdon erkinligi kafolatlangan. Har kim xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Bu yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ham aks etmoqda. Shu bilan birga, har bir din vakilining ibodati, diniy tadbir va marosimlarni emin-erkin oʻtkazishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Jumladan, moʻmin-musulmonlar ham bu borada hamma imkoniyatlarga ega.

Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, yangi ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar va koʻpayib borayotgan Qurʼoni karim kurslari moʻmin-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda. Oʻtgan 5-6 yilning oʻzida 70 dan ziyod yangi masjidlar ochildi. Hajga boruvchilar soni oʻtgan yili 12 ming nafardan oshdi, umra ziyoratchilari soni qariyb 100 mingga yaqinlashdi. Bu raqamlar joriy yilda yanada oshadi, insha Alloh.

Islom dini taʼlimotlarini ilmiy asosda oʻrganish borasida Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyat olib bormoqda. Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ishlamoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, 500 yillik tarixga ega boʻlgan Mir Arab madrasasining mutlaqo yangi andozadagi faoliyati soha uchun zamonaviy fikrlaydigan, dinimiz mohiyatini chuqur tushunadigan, bugun zamon oldimizga qoʻyayotgan muammolarni hal etishga salohiyatli mutaxassislarni yetishtirib chiqarishda namuna boʻlmoqda.

Oʻtgan qisqa fursatda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi buyuk ajdodlarimizning yuzlab asarlari ona tilimizga tarjima qilinib, maʼrifatga intiluvchi xalqimizga taqdim etildi. Bu ishlarning barchasi xalqimiz dinimiz mohiyatini toʻgʻri tushunib, haqiqiy islom nima-yu, din niqobidagi yot gʻoyalar nima ekanini teran anglashiga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning Saudiya Arabistoni va Misr Arab Respublikasiga tashrif buyurib, ushbu mamlakatlar rahbarlari bilan diniy-maʼrifiy jabhada ham qator kelishuvlarga erishgani sohadagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarmoqda.

Shuningdek, bir necha yillardan buyon Allohning baytini ziyorat qilish orzusida yurgan kam taʼminlangan oilalar vakillarini bepul umra safariga yuborish taklifi maʼqullangani chinakam tarixiy voqea boʻldi.

Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, uning hayotdan rozi boʻlib yashashi, orzu-maqsadlarini roʻyobga chiqarishiga hissa qoʻshmoqda.

Ramazon oyining koʻtarinki ruhda oʻtishi ham xalqimizning ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlab, oʻzaro mehr-oqibat tuygʻularini yanada ziyoda qiladi. Binobarin, yurtdoshlarimiz bu oyning barakasidan har bir uy bahramand boʻlsin, moʻminlar qalbiga xursandchilik va shodlik kirsin deb koʻproq xayr-saxovat qilishga, zakotini berishga oshiqadi. Nogironligi bor, yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotgan fuqarolar hamda kam taʼminlangan oilalarga mehr-muruvvat ulashadi. Bemorlarning holidan xabar olib, koʻngillarini koʻtaradi.

Shu oʻrinda, bu borada bir tavsiyani boʻlishmoqchiman: mahallangizdagi doʻkonda sotuvchining qarzlar daftarida beva-bechoralar hamda kambagʻallar xarid qilgan, lekin puli toʻlanmagan mahsulotlar roʻyxati yozilgan. Siz oʻsha qarzlarni yoki ularning bir qismini yopib, daftardan ularning ismini oʻchirtirib yuboring. Oʻsha mablagʻ siz uchun arzimasdir, ammo ayrimlar uchun toʻlash ogʻir boʻlgan ishdir. Aslida bu bir tavsiya, xolos. Kam taʼminlangan, yordamga muhtoj insonlarga kimning qanday yordami tegsa, savoblar koʻpaytirib beriladigan Ramazon oyida ana oʻsha ishga shoshilmogʻi zarur.

Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vassallam: “Roʻza tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi koʻpaytirib beriladi, duolari ijobat va gunohlari kechiriladi”, deb marhamat qildilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Hadisi sharifda roʻzadorning duosi maqbuldir deyildi. Chunki inson Alloh taolo uchun nafsining orzularini tark etgani boisidan duosi ijobat qilinadi. Shuning uchun ham bu qutlugʻ oyda chin qalbdan, astoydil dunyo va oxirat saodatini soʻrab, duolar qilishimiz kerak.

Fazilatli oyda tutadigan roʻzalarimiz qabul, ado etadigan ibodatlarimiz maqbul va duo-yu iltijolarimiz mustajob boʻlishini Haq taolodan soʻraymiz.

Alloh taolo butun xalqimizga qutlugʻ oyni muborak aylasin, diyorimizdagi tinchlik-xotirjamlik neʼmatini bardavom qilsin, duo-yu iltijolarimizni oʻz dargohida qabul etsin.

Barchamizga fazilatli Ramazon oyi muborak boʻlsin!

Nuriddin XOLIQNAZAROV,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2023-yil 24-mart, 59-son

 

Izoh qoldirish