184

Yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan saqlash muhim vazifa

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

So‘nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, internet orqali targ‘ibot o‘tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda.

Vaziyatning bunday tahlikali o‘zgarib borishi respublikamizda barcha jonkuyar fuqarolaridan hushyorlik va ogohlikni keskin oshirishlarini taqozo etadi. Tinchlikni saqlash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Afsuski, hayotimizda sodir bo‘layotgan noqonuniy xatti-harakatlarni ko‘rib ko‘rmaslikka oladigan, tinchlikni saqlash faqat davlatning ishi deb o‘ylaydiganlar, farzandlarining tarbiyasi bilan qiziqmaydigan ota-onalar ham borligini qayd etish lozim. Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo‘lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik bo‘ladi, yurt ravnaq topadi. Farzandlarimizning ilmiy saviyalari, kasb-u hunarlari bilan axloqiy fazilatlarini ham o‘stirib borishimiz kerak. Yosh avlodning turli yot oqimlar ta’siriga tushib qolishini oldini olish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik faqat hukumatimiz yoki ta’lim muassasalarining vazifasi emas, balki har bir ota-onaning ham muhim burchlaridan biridir.

Farzandlarimizning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanib borishlarini ta’minlab berishimiz va nazorat qilishimiz lozim.

Afsuski, sog‘lom e’tiqodni oyoq-osti qiladigan va muborak dinimizni o‘z manfaati yo‘lida qurol qilib olgan kimsalar borligi bugun barchamizni tashvishga solmoqda. Ma’lumki, aqidaparast va buzg‘unchi kuchlar xalq ruhiyatini ichdan yemirib, halokatga boshlaydi. Jamiyatning hamjihatligini buzadi, xalqni jar yoqasiga olib boradi. Diniy tushunchalardan ustalik bilan foydalanib, odamlarga uning asl mohiyatini buzib ko‘rsatadi. Shuningdek, xalqning ishonuvchanligidan foydalanib, ommani norozilik kayfiyatida tarbiyalaydi. Yoshlarni esa aldov yo‘li bilan o‘zining jirkanch quroliga aylantirib, juvonmarg qiladi.

Aqidaparastlar fikricha islom ma’rifatini yoyishning yo‘li faqat zo‘rovonlikdir. Shu yo‘lda ular jangarilarni tayyorlash va qo‘poruvchilik bilan insonlarga vahima solish orqali o‘z qora niyatlariga yetishni maqsad qiladi. Vaholanki, Alloh taolo: “(Ey Muhammad), Robbingizning yo‘li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!..” (Nahl surasi 125-oyat).

Bir hadisi sharifda “Yoshlikni g‘animat biling, qarilik kelishidan oldin”, deyilgan. Shunday ekan, umrni, yoshlikni behuda o‘tkazmaslik zarur. Har bir ota-ona o‘z farzandini baxtli bo‘lishini istaydi. Shunday ekan, kelajakni bugundan belgilash lozim. Hozir dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lishimiz kerak. Shundagina loqayd va befarq bo‘lmaymiz. Hushyorligimiz yanada oshadi. Yoshlarimizni yurt bayrog‘ini baland ko‘taradigan, fidoyi, yurtparvar va elparvar insonlar qilib tarbiyalasak, yurtimiz kelajagi yanada buyuk bo‘lishi muqarrar.

Jahongir TO‘LAKBOYEV,

Uchqo‘rg‘on tumani “Buzrukxo‘ja eshon” jome masjidi imom-xatibi

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish