Mamlakatimiz delegatsiyasining Birlashgan Arab Amirliklariga amaliy safari samarali kechdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib, o‘ndan ortiq ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, BAA Islom ishlari va vaqf bosh idorasi raisi Muhammad Matar Salim al-Kaabi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Matar al-Kaabi O‘zbekiston qadimdan buyuk allomalarga beshik bo‘lgan tadarruk zamin ekanligini qayr etgani barobarida so‘nggi yillar davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan din sohasidagi islohotlarni ijobiy baholadi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezident maslahatchisi ikki davlat rahbarlari o‘z mamlakatlari aloqalarini yana-da rivojlantirishga katta eʼtibor qaratayotganini taʼkidlar ekan, musaffo Islom eʼtiqodi va madaniyatini to‘g‘ri anglash hamda tarqatishda paydo bo‘layotgan muammolar, turlicha qarashlarni oldini olish bugungi jamiyatlar oldida turgan dolzarb masala ekanini qayd etdi. Uchrashuv chog‘ida o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari Muhammad Bin Zoid nomidagi gumanitar fanlar universiteti rektori, doktor Xalifa al-Zohiriy bilan ham uchrashdilar. Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning milliy davlatchiligi, dunyo taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan allomalarimizning ilmiy merosi va bugungi kunda diniy-maʼrifiy sohada, jumladan, taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar o‘rtoqlashildi.
Mazkur universitetda talabalarga diniy va dunyoviy ilmlar birgalikda berilishi, bu yoshlarning vatan, milliy davlatchilik g‘oyalarini tezroq va oson qabul qilishiga sabab bo‘lishi, fanlar bugungi voqelik bilan bog‘lab berilishi maʼlum qilindi. Mazkur oliy o‘quv yurtida xohlovchilar uchun masofaviy taʼlim, erkin taʼlim, Qurʼon kurslari dasturlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, mamlakatimiz vakillari Bag‘rikenglik va hamjihatlik vaziri Shayx Nahayon Muborak Ol Nahayon tomonidan ham qabul qilindi. Uchrashuv chog‘ida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan iliq va samimiy munosabatlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshirgan rasmiy tashrifi, ikki yetakchining doimiy muloqotlari va buning natijasida davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganligiga alohida taʼkidlandi.
O‘z navbatida, Shayx Nahayon Muborak Ol Nahayon diniy-maʼrifiy, millatlararo yo‘nalishda hamkorlik tajribasining muhimligi haqida to‘xtalar ekan, birodarlik va hamkorlik butun insoniyat uchun eng zarur rishtaligi, tarixan ham O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlar islomni ilmiy asosda o‘rganganliklari, musaffo taʼlimotni saqlashga beqiyos hissa qo‘shganliklarini qayd etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolarining Shayx Abdulloh bin Bayya bilan uchrashuvi chog‘ida mezbon O‘zbekiston Imom Buxoriy, Imom Moturidiy singari ko‘plab zabardast alloma va mutafakkirlar yurti ekanligi, ular islom sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shganlari va bugungi o‘zbek xalqi buyuk allomalar avlodi ekanini alohida taʼkidladi.
Abdulloh bin Bayya fatvo berish qoidalari, fatvo beruvchilarning tan olinishi meʼyorlari, fatvolarning asoslantirilishi muhimligi yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etgani barobarida o‘zbek mutaxassislarini har yili anʼanaviy tarzda o‘tkaziladigan Abu Dabi Tinchlik forumida ishtirok etishga chaqirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Sharja Amirligida joylashgan Qosimiya universiteti prezidenti Jamal Al Turayfiy hamda rektor Avad Xalaf, Sharja Qurʼoni karim akademiyasi bosh kotibi Sherzod Abdulrahmon Tohir bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida ham o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish bilan bog‘liq qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yuqoridagilar bilan birga, mamlakatimiz vakillarining Sharja Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Juma al-Majid madaniyat va meros jamg‘armasi, Abu Dabi Amirligida joylashgan “Hedayah”, “Sawab” markazlari, Amirlikning Sharʼiy fatvo kengashi, Dubay shahridagi Al Vasl universiteti faoliyati bilan ham yaqindan tanishuvlari doirasida ham o‘zaro aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Izoh qoldirish