228

Tinchlikni asrash va qadrlash – barchaning burchi!

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Mo‘min-musulmonlar bir-biri bilan ko‘rishganda bir-biriga salom berib, o‘zaro tinchlik, omonlik tilaydi, Haq taolodan yurtga tinchlik, obodlik so‘rab duoi xayrlar, har bir yaxshilik ustida tinchlik bo‘lsin deya, yaxshi niyatlar qiladi. Bu, albatta, bejiz emas.

Negaki, har bir inson hayoti davomida ezgu maqsad, orzu-istaklariga yetish uchun harakat qiladi. Buning uchun unga eng katta tayanch tinchlik muhitidir. Osoyishtalik hukm surgan oila bardavom va mustahkam, el-yurtning tinchligi esa mamlakat taraqqiyoti, aholi turmush farovonligiga sabab bo‘ladi.

Alloh asrasin, oila va yurt notinch bo‘lsa, hayot lazzatini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Hatto kishi biror luqmasini xotirjam yutolmaydi.

Islom dinida tinchlikni ulug‘lash komil mo‘minlikning muhim belgilaridan hisoblanadi. Tinchlikni qadrlash, osoyishta hayot uchun shukronalik uni saqlab qolish va mustahkamlashning zaruriy shartidir. Dinimiz ta’limotida masalaning bu jihatiga ham alohida e’tibor berilgan.

Qur’on karimda marhamat qilinadi: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur” (Isro surasi, 83-oyat).

Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik barqarorligini ta’minlash yo‘lida katta ish olib borilmoqda. Shunga ko‘ra, biz ham tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetib, uning davomiyligiga o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim.

Tinchlik va xotirjamlik ulug‘ ne’mat ekanini hammamiz yaxshi bilamiz, ammo uning qadriga yetish lozimligini ayrimlar tushunmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ta’kidlaganlaridek: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik odamlar uning qadriga yetmaydi. U sihat-salomatlik va xotirjamlikdir” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati). Ushbu ne’matlar qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi.

Dinimizda tinchlikka bo‘lgan e’tibor nechog‘liq katta bo‘lish bilan birga bag‘rikenglik uning negizidir. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, undan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan his etadi.

Barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi osoyishtalikdir. Shu bois, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetishi, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan saqlanishi lozim. Abu Xurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey, Parvardigor! Dunyo va oxiratda tinch va omonda qilgin” deb qilingan duodan ko‘ra afzalroq duo yo‘qdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Bugungi tahlikali davrda insoniyat uchun tinchlik va xotirjamlik suv va havodek zarur. Farzandlarimiz, yon-atrofdagi kishilarga ushbu ne’matlarning qadriga yetib, uni asrab- avaylash zimmamizdagi burchi ekanini tushuntirishimiz lozim.

Qur’oni karimda Ibrohim alayhissalom tilidan Vatanlari haqiga bunday duo qilgan: “Eslang: Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” (Baqara surasi, 126-oyat). Oyati karimada Haq taolo Payg‘ambarimiz alayhissalomga o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilib, ummatlarini ulug‘ ne’matlar tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab-avaylab hayot kechirishga undalmoqda. Ibrohim alayhissalom yashagan davrda Makka tinch shaharlardan bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, tinchliki doimo so‘rab duo qilish muhim ekaniga dalolatdir.

Demak, ushbu buyuk ikki ne’mat bardavom bo‘lishi uchun insondan shukr va qadrlash, tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish dinimizning eng dolzarb talabidir. Ayniqsa, dinimizni niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan firqa va oqimlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini doimo yodda tutmoq lozim.

Qur’oni karimda: “... Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”, deya marhamat qilinadi (Moida surasi, 2-oyat). Oyati karimada aytilganidek, ezgu niyat yo‘lida va taqvo yo‘lida hamkorlik qilish yer yuzida tinchlik va xotirjamlikni barqaror bo‘lishiga bosh omil bo‘ladi.

Bashariyat barcha narsasi: aql-zakovat, mol-dunyo va kuch-quvvatini sarflashiga haqli bo‘lgan ushbu ulug‘ ne’matlar bardavom bo‘lishi uchun uning sabablarini ham davomli bajarilishi lozim. Buning uchun insonlar, ayniqsa, yosh avlod, Haq taoloning toatida bo‘lishga targ‘ib qilish, ma’siyat ishlardan qaytarish, ne’matlarni qadrlash ruhida tarbiyalash lozim. Bu borada har bir inson o‘zining burchi va majburiyatlarini yaxshi bilishi va unga qat’iy amal qilishi dinimiz tavsiyasidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Jahonda ro‘y berib turgan notinchlik, kishi dilini xufton qiladigan holatda g‘aflatda qolish hech kimning haqqi yo‘q. Mamlakat, oila va insonlarni halokat va falokatga uchratadigan eng yomon musibatlardan bu – beparvolik, g‘aflat, loqaydlik va shunga oid yomon hislatlardir. Bu ko‘zga ko‘rinmaydigan illat, kasallikdir desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ushbu yomon illatlardan barchamiz xalos bo‘lishimiz lozim va lobuddir. Zero, dinimiz beparvolik, g‘aflat, loqaydliklardan qat’iy qaytarib, uni ulamolar orqali muaolaja qilishga targ‘ib etadi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, tinchlik va xotirjamlik amaliy shukr talab qiladigan ne’matlardandir. Uni ado etish barchaning zimmasiga farz. Yoshi ulug‘ insonlar ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab ko‘proq duo qilishi, yoshlar o‘zining halol mehnati, Vatanga har jabhada sharaf bilan xizmat qilishga astoydil bel bog‘lash bilan bu ne’matning shukrini ado etgan bo‘lamiz, inshaalloh.

Alloh taolo yurtimiz tinchligini bardavom, xalqimiz hayotini farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar bo‘limi mudiri

Manba: muslim.uz

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish