257

Abu-Dabi Tinchlik forumi taʼsischisi Shayx Abdulloh bin Bayya bilan uchrashuv o‘tkazildi

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklarida diniy-ma’rifiy soha vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ana shunday tadbirlardan biri Abu-Dabi Tinchlik forumi taʼsischisi Shayx Abdulloh bin Bayya bilan bo‘lib o‘tdi. 

Shayx Abdulloh bin Bayya islom olamidagi yirik zamonaviy sunniy olimlaridan biri boʻlib, koʻplab tashkilotlar aʼzosi va muassasisi sanaladi. Jumladan, Abu-Dabi Tinchlik forumi taʼsischisi, Londondagi Global yangilanish va soddalashtirish markazi boshqaruv kengashi raisi, Islom hamkorlik tashkiloti Fiqh akademiyasi Kengashi, Islom olami uyushmasida Butunjahon masjidlar oliy kengashi, Qurʼon va Sunnatda ilmiy moʻjizalar hayʼati aʼzosi, Hindiston Fiqh Kengashi va boshqa kengashlar aʼzosi hisoblanadi. 

Shayx Abdulloh bin Bayya yoshligidan qadim Movarounnahr haqida kitoblardan koʻplab maʼlumotlarni oʻqigani, uning Imom Buxoriy, Imom Moturidiy singari zabardast allomalari islom sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshganliklarini, ushbu yurt farzandlari buyuk allomalar avlodi ekanini alohida e’tirof etdi.

Abdulloh bin Bayya ekstremizm va terrorizm islom olamidagi katta muammolardan biri boʻlib qolayotgani, tinchlik va barqarorlik ilm olish hamda ibodat qilish uchun naqadar zarurligini barcha musulmonlar birdek anglashlari lozimligini taʼkidladi. 

Shayx oʻz navbatida oʻzbekistonlik mutaxassislarni har yili anʼanaviy tarzda oʻtadigan Abu-Dabi Tinchlik forumida ishtirok etishga chaqirdi.

Suhbat yakunida Shayx Abdulloh bin Bayya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev haqlari va butun oʻzbek xalqiga tinchlik, omonlik, omad va muvaffaqiyatlar hamda Allohning panohida boʻlishini soʻrab duo qildi.

Izoh qoldirish