Institutsional o‘zgarishlar samarasi mamlakat taraqqiyotida akslanadi
NUQTAYI NAZAR
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida mamlakatimizda katta ma’muriy islohotlar boshlanganini ma’lum qildi. Prezidentimizning shundan so‘ng imzolangan “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan, vazirlik va idoralar soni 61 tadan 28 tagacha kamaytirilishi, davlat xizmatchilari soni ham bosqichma-bosqich 30-35 foiz qisqartirilishi nazarda tutildi. Birinchi bosqichda vazirliklarni isloh qilish, hukumatning ish uslubini tubdan o‘zgartirish, davlat apparatidagi takrorlanish, keraksiz shtatlar, yuqori markazlashuvga barham berishga e’tibor qaratildi. Bu keyingi yillarda amalga oshirila boshlagan eng yirik institutsional o‘zgarish bo‘ldi.
Har qanday jamiyat muayyan institutlar doirasida faoliyat yuritadi va rivojlana boradi. Mamlakatimizda mustaqillik davrida iqtisodiyotning yangi xo‘jalik yurituvchi subyektlari – yirik aksiyadorlik jamiyatlari, xolding kompaniyalar va xususiy mulkchilikning turli shakllari paydo etildi. Shu bilan birga, ular uchun faoliyat yuritish shartlarini belgilab beruvchi rasmiy qoidalar (konstitutsiya, qonunlar, farmonlar, qarorlar, ma’muriyhuquqiy hujjatlar) hamda milliy qadriyatlar, urfodatlar, mentalitet va boshqa norasmiy me’yorlarni o‘z ichiga oluvchi institutsional asoslar yaratildi. Bu jamiyatda mulkchilik, ishlab chiqarish, taqsimot va iste’mol munosabatlari takomillashuvi, moddiy, tabiiy va mehnat resurslaridan samarali foydalanishga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.
Institutsional o‘zgarishlar muttasil takrorlanib, takomillashadigan dinamik jarayon. Birinchisi, yangi hayotiy zaruratlarning paydo bo‘lishidir. Masalan, yurtimizda yangi davlatchilik shakllanishi, bozor munosabatlariga o‘tish bilan qator yangi institutlarga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Ikkinchisi, mavjud institutlarni takomillashtirish, ularning ixtisosligi va vazifalarini konkretlashtirishdir.
Ilmiy adabiyotlarda institusional o‘zgarishlarning uchta guruhi farqlanadi.
Birinchisi, inkrement institutsional o‘zgarishlarda noformal qoidalar, me’yorlar, nisbatan kichik guruhlarda oilatug‘ishganlik aloqalari hisobiga mustahkamlanadi. Bunda guruh a’zolari uchun tranzaksion xarajat pasayadi.
Ikkinchisi, evolyutsion institutsional o‘zgarishlarda noformal amaliyot astasekinlik bilan umumiy qabul qilingan formal institutlarda mustahkamlanadi.
Uchinchisi, inqilobiy institutsional o‘zgarishlarga esa institutlarni ekzogen tarzda tashqaridan qabul qilish yoki import qilish orqali erishiladi.
Institutsional o‘zgarishlarning ikki turini birbiridan farqlash lozim. Endogen iqtisodiy tizimning institusional transformatsiyasi institutlarning asosi bo‘lgan mavjud qoida va me’yorlarni evolyutsion o‘zgartirish orqali amalga oshiriladi.
Ekzogen institutsional o‘zgarishlar esa o‘z tabiatiga ko‘ra keskinroqdir. Ko‘pincha institutlar importi orqali sodir bo‘ladi. Institutlar importi faqat bir holatda – mamlakatdagi institutlarning rivojlanish vektori joriy qilinayotgan institutlar talabiga mos kelsa, hech bo‘lmasa, ular o‘rtasida ziddiyat kuzatilmaganda amalga oshadi. Ekzogen institutsional o‘zgarishlarga 1917-yildagi oktabr to‘ntarishidan keyin shakllangan yangi iqtisodiyotni va o‘tgan asr oxirlarida bozor munosabatlariga o‘tish tufayli shakllangan yangi iqtisodiy tizimni misol keltirish mumkin.
Mustaqillik yillarida institusional islohotlar bozor munosabatlari ta’sirida bir necha bosqichni bosib o‘tdi. Ularni shartli ravishda 4 bosqichga ajratish mumkin. Birinchi bosqich 19911994-yillarni o‘z ichiga olib, bu davrning xarakterli xususiyati davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiyotda kichik xususiylashtirishni amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish munosabatlarini yo‘lga qo‘yishdan iborat jarayonni o‘z ichiga oladi.
Ikkinchi bosqich 1995-yildan 2000-yillarning boshigacha bo‘lgan davrni tashkil etadi. Bu davr o‘rta xususiylashtirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvining yangi shakllari vujudga kelib, xolding, uyushma, konsern, kompaniya kabi tuzilmalarning tashkil topishi va qayta tuzilishi bilan xarakterlanadi.
Uchinchi bosqich 20052016-yillarni o‘z ichiga olib, bu pallada ancha yirik korxonalar, bank, sug‘urta kabi tuzilmalarda ham davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoni o‘tdi, xususiy sektor rivojlandi.
To‘rtinchi bosqich 2017-yildan boshlanib, bu davrda xiyla yirik, nisbatan muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni ham xususiylashtirishga keng yo‘l ochildi. Davlat o‘z aksiyalarini sotuvga chiqara boshladi. Ayrim tijorat banklaridagi davlat ulushlari ham auksionga qo‘yildi. Chunki bozor munosabatlarini chuqurlashtirish shuni talab qilardi.
Bu qadar institutsional o‘zgarishlar samarasini bermasdan qolmadi, albatta. Ammo institutsional qayta qurish sur’ati jamiyat va iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar dinamikasidan ortda qolmasligi kerak. Ijtimoiyiqtisodiy va siyosiy hayotda davlatning o‘rni va roliga talabning o‘zgarib turishi, ma’muriybuyruqbozlikdagi boshqaruvning iqtisodiy (bozor) munosabatlariga o‘tishi, davlat va xususiy sektor sherikligini rivojlantirish shuni taqozo etardi. Markaziy va hududiy (gorizontal) boshqaruv munosabatlarini uyg‘unlashtirish ham dolzarb masalalardan. Bularning hammasi 2022-yil oxirida yirik institutsional o‘zgarishlarni boshlashga olib keldi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi ana shunday o‘ta dolzarb jarayonni hisobga olib tashkil etilgan edi. Chunki innovatsiyalar, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish bo‘yicha rivojlangan mamlakatlar bilan o‘rtamizdagi farq chuqurlashib borayotgan, bu boradagi dastlabki imkoniyatlarni boy berib bo‘lgan edik. Vaziyatni baholar ekan, davlatimiz rahbari “Oldinlari e’tibordan chetda qolib yo‘q bo‘lib ketish arafasida bo‘lgan sohalarni oyoqqa turg‘izish uchun olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil etishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilishga majbur edik, aks holda, hozirgi yutuqlarimiz bo‘lmas edi”, deb ta’kidladi. Innovatsiyalar sohasida faqat so‘nggi yillardagina ko‘rilayotgan jiddiy choratadbirlar hisobiga vaziyat birmuncha o‘nglana boshladi. Lekin oxirigacha emas. Masalan, innovatsion rivojlanishning muhim segmenti bo‘lgan axborot texnologiyalarining yalpi ichki mahsulotdagi hissasi bo‘yicha jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan kamida 2 barobar orqadamiz.
Postindustrial davlatlarning texnik va texnologik rivojlanish darajasidan ancha ortda ekanmiz, jadal choralar ko‘rilmasa, bu farq yanada kattalashishi sir emas. Masalan, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalari xarajatining 5 foizi yuqori texnologiyali, 2,55 foizi o‘rta yuqori texnologiyali, 12,5 foizi o‘rta texnologiyali, 1 foizdan kamrog‘i past texnologiyali tarmoqlarga sarflanmoqda. Bu har qanday mamlakat uchun yuqori, salmoqli ko‘rsatkichdir. Mahsulotning umumiy qiymatida fan sig‘imi yuqori texnologiyalarga ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalari xarajatining 8,5 foizi to‘g‘ri kelmoqda.
Kompyuter, elektronika, axborot texnologiyalari, dasturiy ta’minot, maishiy elektronika yaratadigan “Apple” kompaniyasida kapitallashuv qiymati 2,4, “Microsoft”da 1,9, “Alhhabet”da 1,5, “Amazon”da 1,2 trillion AQSh dollarini tashkil etadi. Bu har qanday o‘rtacha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti qiymatidan ko‘proqdir. Yarim o‘tkazgichlar, internet reklama, elektron tijorat, qidiruv tizimi, xotira chiplari, mobil telefonlar, telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqaradigan “Meta”, “TSMC”, “NvIDIA”, “Tencent”, “Samsung”, “Alibaba” kompaniyalarining ham bu boradagi ko‘rsatkichi yuqori. Yuqori texnologiyali mahsulotlar eksportining 60 foizidan ziyodrog‘i Xitoy, Gongkong, Janubiy Koreya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Yuqori texnologiyali tovarlar eksportida Xitoyning ulushi (28 foiz) yuqoriligi, asosan, mobil telefonlar, ma’lumotlarni qayta ishlash texnikasi, xotira kartalari, elektron integral mikrosxemalar, tovushli, grafik signal va tasvir uzatish uskunalari, protsessorlar, nazorat jihozlari, yarim o‘tkazgich qurilmalar, svetodiodlar, optik asboblar, ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash qurilmalari hisobiga ta’minlanmoqda.
To‘g‘ri, bizda Kaliforniya (AQSh)dagi singari Kremniy (Silikon) vodiysida joylashgan transmilliy korporatsiyalar yoki Xitoydagi kabi yuqori texnologiyali innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga start beriladigan, eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar yo‘q. Stenford kabi innovator kadrlar yetishtirib chiqaradigan universitetlarimiz bilan ham faxrlana olmaymiz. Kichik korxonalar va xususiy tadbirkorlik bilan esa bu qadar ulkan muammolarni hal qilib bo‘lmaydi. Ular hisobiga ish bilan ta’minlash, raqobat muhitini yaratish, bozorni iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish mumkin. Buning o‘zi ham yomon emas. Lekin innovatsiya uchun katta mablag‘, ilmiy, ilmiytexnik salohiyat, rivojlangan ilmiy tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlanmalari bazasi zarur.
Qo‘shni Qozog‘iston sanoat mahsulotlari eksportida yuqori texnologiyali tovarlar ulushi bo‘yicha keyingi yillarning o‘zida 15 ta ilg‘or mamlakat qatoriga kirib oldi. Bundan 10 yilcha avval bu to‘g‘rida gapirish ham qiyin edi. Qanday qilib, nimaning hisobiga qo‘shnilarimiz bunga erishdi? Ular, avvalo, Rossiyaga elektronika tovarlari eksportini keskin oshirdi. Keyingi bir yilda Rossiyaga smartfonlar yetkazib berish, protsessorlar eksportini o‘n, yuz barobardan ziyodga oshirdi. Bundan tashqari, chipli smart kartalar, fleshka va xotira kartalari, video va fotokameralar, kir va idish yuvish mashinalari eksportini keskin kuchaytirdi. Qozog‘istonning Rossiyaga yuqori texnologiyali tovarlar eksportini anomal darajada oshirganining ikkita sababi bor, albatta. Birinchisi, o‘tgan yili mart oyidan boshlab Gʻarb brendlari Rossiya bozoridan chiqib ketdi. Yevropalik aksar ishlab chiqaruvchilar o‘z tashab busi bilan biznesini to‘xtatdi. Endi ularning o‘z mahsulotini Rossiyaga Qozog‘iston orqali kiritishi parallel import ko‘rinishini oldi.
Ikkinchisi, Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining a’zosi bo‘lgani sababli ishlab chiqargan tovarining hudud bo‘ylab erkin harakatlanish imkoniyati bor. Biroq baribir bu tajriba xalqaro biznesning bozor konyunkturasiga moslashuvchan bo‘lish, vaziyatni tez anglab olish, jahon bozorida hosil bo‘ladigan bo‘shliqlarni to‘ldirishga tayyor turishni taqozo qiladi. Yangi va qayta tashkil qilinayotgan iqtisodiy, ijtimoiy institutlar xuddi ana shu muammolarga shay turmog‘i zarur.
Institutlarning raqobatbardoshlikni ta’minlash va muvaffaqiyatli rivojlanishdagi o‘rni hamda ahamiyati katta. Institutlar evolyutsiyasi takror ishlab chiqarish jarayonini muvozanatlashtirishning muhim shartidir. Chunki ular davlat va tadbirkorlarga transaksiya xarajatini kamaytirish imkonini beradi. Xo‘jalik subyektlarining iqtisodiy manfaatlariga ijobiy ta’sir qiladi.
Biz ishlab chiqarish korxonalaridan samaradorlik, ya’ni nafaqat ketgan chiqimni qoplash, balki foyda bilan ishlashni talab qilamiz. Bu to‘g‘ri. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, kengaytirish, yangi texnika va texnologiya bilan jihozlash, malakali kadrlar jalb qilish va ularni moddiy rag‘batlantirish zarur. Lekin nima uchun institutlarga bunday talabni qo‘yishimiz kerak emas?
Samaradorlik tushunchasi institutlarga ham xos bo‘lishi lozim. Ammo hech qachon institutsional xaos yoki vakuumga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Qachonlardir qabul qilingan qarorlarni birdan bekor qilish qiyin. Yoki eskisiga o‘rganish, ko‘nikib qolish mumkin. Bu esa institutsional “tuzoq”ni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas. Natijada uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishga to‘siq paydo bo‘ladi.
Xo‘sh, institutlarning samarali yoki samarasiz faoliyat yuritayotgani qanday o‘lchanadi yoki baholanadi? Institutlar bozor munosabatlari sharoitida natijadorlik nuqtayi nazaridan baholanishi lozim. Institutlar koordinatsiyalash mexanizmi bo‘lib, birining samaradorligi, boshqasining esa samarasizligi institutsional metaraqobat natijasida aniqlanadi. Agar iqtisodiyotni tashkil qilishning qaysidir shakli barqaror bo‘lsa, demak, u samarali. Chunki raqobat kurashida kuchlilar, ya’ni samaraliroq institutlar yashab qoladi. Institutlar samarali “o‘yin qoidalari”ni yaratish bilan faoliyati natijadorligini maksimallashtiradi. Shu orqali xalqning farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Aks holda, ular qayta quriladi, o‘zgartiriladi, ba’zida esa butunlay tugatiladi. Milliy iqtisodiyotda qaysi soha (tarmoq) samarali, qaysi biri samarasiz ishlayotganini aniqlash qiyin emas.
Yangi iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biri axborotkommunikatsiya texnologiyalari bo‘lgani sababli bu yo‘nalishning yetakchi institutsional tuzilmasi Raqamli texnologiyalar vazirligidir. Albatta, mazkur jarayonda boshqa manfaatdor idora va vazirliklar ham faol ishtirok etishi talab qilinadi. Bu institutning asosiy vazifalaridan biri “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturini amalga oshirish, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, IT texnologiyalar bozori salohiyatini oshirish, umuman, axborotlarni samarali boshqarish tizimini yaratishdan iborat. Demak, ushbu institut faoliyati samaradorligini baholash yuqorida qayd etilgan vazifalarning qay darajada uddalanishiga bog‘liq bo‘ladi. Qolgan institutlar oldida ham shunga o‘xshash vazifalar turgani tabiiy.
Hisobkitoblarga ko‘ra, institutsional qayta qurishlardan mamlakat bo‘yicha 2,8 trillion so‘m tejaladi, transport xarajati kamayadi. Lekin institutsional islohotlardan jamiyat ko‘radigan foyda yoki undan ko‘zlangan maqsad shugina emas. Bu muz tog‘ining suv ustidagi qismi, xolos. Asosiy samara barcha ijtimoiyiqtisodiy sohalarda barchaga barobar “o‘yin qoidalari”ni yaratish orqali jamiyat hayotini yanada boyroq, jozibaliroq qilish, xalqning moddiy farovonligini oshirishdan iborat. Institutlar va institutsional o‘zgarishlarning ahamiyati katta. Zero, hech kim ishga yoki ta’limga o‘zining qoidalari bilan bormaydi, balki mavjud institutsional qoidalarga amal qiladi.
Nurislom TO‘XLIYEV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 14-mart, 50-son
Izoh qoldirish