8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning BAYRAM TABRIGI
Hurmatli hamkasblar!
Munis opa-singillar, aziz talaba-qizlarim!
Avvalo, barchangizni, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi nomidan go‘zallik va nafosat ayyomi – 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Sizga o‘zimning eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildiraman. Oila a’zolaringiz, yaqinlaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘lish saodatini tilayman.
Ayol deganda ko‘z oldimizga eng avvalo, moʻtabar onamiz, qadrli buvijonlarimiz, munis opa-singillarimiz keladi. Ularga qancha mehr bersak, shuncha oz. Dunyoda shunday bir zot borki, uni har kuni e’zozlasak ham, dillarini xushnud qilishga urinsak ham uning haqqini ado eta olmaymiz. Bu moʻtabar zot onadir.
Chindan ham ayolni, onani e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos olijanob xususiyatlardan biri. Shu ma’noda yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, jamiyatda siyosiy, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va taraqqiyoti xotin-qizlarga bo‘lgan munosabat va e’tibor bilan bog‘liq.
Davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda jamiyatda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Prezidentimizning 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimidagi “Xalqimiz azal-azaldan Ona siymosini, Ayol zotini Yaratganning ulug‘ ne’mati, tengsiz moʻjizasi, deb biladi, uni hamisha ardoqlab-asrab yashaydi”, degan xitoblari bejiz emas.
Zero, Qur’oni karimda “Niso” (Ayollar) nomi bilan alohida sura nozil qilingan bo‘lib, unda meros va ayollarga muomala qilish hukmlari bayon etilgani dinimizda ularning ehtirom qilinganini ko‘rsatib beradi.
Ayollar muqaddas dinimizda ona, opa-singil, jufti halol va qiz sifatida hurmatlanib, ayol kishiga latofatli xilqat, ibo va xayo timsoli sifatida qaralgan. Bejizga Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Jannat – onalar oyog‘i ostidadir”, deb marhamat qilmaganlar.
Qadrli opa-singillar!
Yurtimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishini ta’minlash borasida ham mutlaqo yangi yo‘nalishlar asosida faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Gender masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlari qatoridan o‘rin olgan.
Ayni paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida qizlarimizning ta’lim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Talaba-qizlarni ma’naviy barkamol, g‘oyaviy kurashchan, millat va davlatning barqarorligi hamda taraqqiyoti yo‘lida o‘z kuchini ayamaydigan, milliy qadriyatlarni ulug‘lab, ma’naviy tahdidlarga qarshi tura oladigan insonlar qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatning taraqqiy topishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatdagi yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tiborga chambarchas bog‘liqdir. Shu ma’noda yurtimizda yosh avlodni har tomonlama yetuk qilib tarbiyalash ustuvor maqsad hisoblanadi. Bu borada ertamiz egalariga zarur sharoitlar muhayyo qilinayotir. Mazkur imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan yoshlar esa o‘z iste’dod va salohiyatlarini namoyon etib, yuksak natijalarga erishmoqda.
Shu fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va shaxsan o‘zimning nomimdan yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanayotgan mana shunday qizlarimizga o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildirib o‘taman!
Oqila, har ishda tengdoshlariga o‘rnak qizlarimizning bu yutuqlari bilan ularni chin dildan muborakbod etib, muvaffaqqiyatlari bardavom bo‘lishini tilab qolaman.
Muhtarama opa-singillar, aziz talaba-qizlarim!
So‘zim nihoyasida Siz, azizlarni mazkur bayram bilan yana bir marotaba tabriklab, barchangizga tinchlik-xotirjamlik, oilaviy totuvlik, mustahkam salomatlik tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Izoh qoldirish