213

Soxta salafiylarga ergashib qolmang!

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Bugungi globallashuv jarayonida islom ummatlari o‘rtasida turli tafriqalar kelib chiqmoqda. Bilib-bilmay turli xil firqalarning ta’sir doirasiga tushib qolgan ba’zi yoshlarning bunday xato yo‘lga kirib qolayotgani kuzatilmoqda. Keyingi paytlarda islom mafkurasi va tarixiga zid g‘oyalari bilan qayta namoyon bo‘layotgan “soxta salafiylik” oqimi o‘zlarining aqidaviy va huquqiy masalalarini ko‘pincha suriyalik Ibn Taymiya (1263-1328) ta’limoti bilan asoslamoqchi bo‘lishadi. Ibn Taymiya asarlarida, islomga turli bid’atlar kirib qolgani aytilib, musulmonlar va ular yashayotgan jamiyatlarni, Qur’on va sunnat ta’limotiga asoslangan yo‘lga solish zarur, degan g‘oyalar ilgari suriladi.

Soxta salafiylar jamiyatni ikkiga: “musulmon” va “dinsizlar”ga ajratadi. Bu bilan boshqa dindagilarni dushman sanab, dinlararo adovat uyg‘otishga urinadi. Ular nafaqat boshqa din vakillariga, balki shariat hukmlarini ular o‘ylagandek to‘liq bajarmayotgan musulmonlarni ham shunday atashadi.

Bugungi kunimizda har bir musulmon yakka tartibdagi ijtihod bilan shug‘ullanishi kerak, degan gap ham mutlaqo asossizdir. Imom Ahmad aytadi: “Kim dinda taqlid yo‘q desa, Alloh va Uning rasuli oldida fosiqdir. Uning so‘zi sunnat va salafi solihlar qarashlarini rad qilishdir”. Mujtahid Abdulloh ibn Vahb aytadi: “Hadis ilmlari, agar fiqh ilmi bo‘lmasa, adashtiradi”.

Imom Abu Bakr Haraviy aytadi: “Insonlar dinda ikki qismdir: muqallid va mujtahid. Mujtahidlarning ilmli bo‘lishi shartdir. Din ilmi esa Qur’on va sunnatga va u ikkisida vorid bo‘lgan arab tiliga taalluqlidir. Endi, kimki Qur’on va sunnatni, ularning lafziy hukmlarini, sobit va mansuxlarini bilsa, oldin va keyin kelgan hukmlarini ajrata olsa, o‘sha kishining ijtihodi durust va uning darajasiga yetmaganlar unga taqlid qilishlari joizdir. Mujtahid bo‘lmagan kishiga esa, olimlardan so‘ramog‘i va taqlid qilmog‘i farzdir.

Bizning davrimizda ham ikki yuzdan ortiq soxta salafiylikka o‘xshash yot oqimlar mavjud.

Islomda biron bir musulmonga tajovuz qilish yoki uni nohaq o‘ldirishga aslo ruxsat berilmagan. Bunday xunrezlikni qilgan kimsa uchun oxiratda ulkan azob bordir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “Kim musulmonni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. U yerda u uzoq vaqt qoladi. Unga Allohning g‘azabi va la’nati bo‘lsin! Hamda U (Alloh taolo) unga ulkan azob tayyorlab qo‘ygandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Oyati Karimadan bilamizki, musulmonni kofirga chiqarishdan juda ehtiyot bo‘lmoq lozim. O‘zlariga Qur’on va hadisi shariflarda kelgan chiroyli nomlar qo‘yib, chin ma’nodagi musulmonlikni da’vo qilayotgan turli xil oqimlarning yot g‘oyalariga aldanishdan ogoh bo‘lish zarur. Islom tinchlik, mehr-oqibat va odob-axloq dini ekanini aslo yoddan chiqarmasligimiz, kelgusi avlodlarga ham asl maqsadni, shariatni, ulamolarimiz yo‘llarini yetkazishda sobitqadam bo‘lishligimiz lozim va lobuddir.

Avazbek TO‘RAYEV,

Norin tumani Qurbon ota masjidi imom xatibi 

Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Apr
03
Jaholatga qarshi marifat
Fatvo haqida
19:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish