270

Akademiyada o‘tkazilgan “Xalqaro hamkorlik haftaligi” yakunlandi

Oʻzbekiston Respublikasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotir. Yurtimiz Tashkilot a’zosi sifatida turli sohalarga doir o‘ta muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surmoqda. Muxtasar aytganda, O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi so‘nggi yillarda mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi. 

O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lgan sana munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan “Xalqaro hamkorlik haftaligi” doirasidagi turli davra suhbatlarida ana shu jihat alohida e’tirof etildi. Haftalik yakunidagi so‘nggi tadbir “UNESCO tashkilotining O‘zbekistondagi ijtimoiy loyihalari” mavzusiga bag‘ishlandi.

Uchrashuvda UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarining Axborot va kommunikatsiya dasturlari bo‘yicha maslahatchisi Sanjar Allayarov, UNESCOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarining Ta’lim va fan bo‘yicha maslahatchisi Baxtiyar Namazov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Akademiya prorektorlari – Zohidjon Islomov, Ilyos Mirziyotov, Zokirjon Roʻziyev, “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri Farhod Karimov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev, kafedra professor-oʻqituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi. 

Tadbirni O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev ochib berarkan, UNESCO tashkilotining tashkil topishi, O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalariga to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston UNESCO tashkilotiga 1993-yilda a’zo bo‘lgan bo‘lsa, Tashkilotning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi esa 1996-yilda ochildi. UNESCO sivilizatsiyalararo ta’lim, fan va madaniy hamkorlikni mustahkamlash uchun istiqbolli platforma hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishning ahamiyati, ayniqsa, dunyoda ishonchsizlik kayfiyatlar kuchayib borayotgan bir sharoitda ortib bormoqda. Har biri boy tarix va noyob madaniy merosga ega bo‘lgan mamlakatlarning bir tashkilot faoliyatida ishtirok etishi UNESCO tashkiloti o‘zaro anglashuv va hamkorlik ruhini mustahkamlashga ko‘maklashayotir.

Davra suhbati davomida Tashkilot vakillari so‘zga chiqib, UNESCOning maqsad va vazifalariga alohida to‘xtalib o‘tishdi. 

Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan UNESCO bilan amalga oshirilayotgan ta’lim, fan va madaniyat sohalarida tashabbuskorlik muhim tamoyillarga asoslangan. O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi va UNESCO o‘rtasida ta’lim, fan va madaniyat sohasida hamkorlikda faollik ko‘rsatilgan bo‘lsa, endilikda umumiy salohiyatni ta’lim, fan va madaniyatda innovasion yondashuv asosida hamkorlikni yanada yuksaltirish zarurligiga e’tibor qaratilmoqda. 

Uchrashuv davomida talabalar UNESCO faoliyati, loyihalari, kelajakdagi maqsad-vazifalari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish