307

Shanxay hamkorlik tashkiloti makonida yoshlar siyosati

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzoligining 31 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Xalqaro hamkorlik haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur haftalik doirasida yurtimizdagi ko‘plab xalqaro tashkilotlar vakillari, diplomatlar, siyosatchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. 

Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti xalq diplomatiyasi markazi hamda SCOLAR Network ShHT yoshlar platformasi hamkorligida o‘tkazilib, “Shanxay hamkorlik tashkiloti makonida yoshlar siyosati” mavzusiga bag‘ishlandi.

Mazkur davra suhbatida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, Markaz spikerlari, O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti Otabek Alimardonov, O‘zbekiston volontyorlar assosiatsiyasi rahbari Shirin Abidova, SCOLAR Network ShHT yoshlar platformasi rahbari Viktoriya Xu, SCOLAR Network ShHT yoshlar platformasi Toshkent xabi yetakchisi Fazliddin Jamolov, Toshkent xabi a’zolari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Akademiya prorektorlari – Zohidjon Islomov, Ilyos Mirziyotov, Zokirjon Roʻziyev, “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri Farhod Karimov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida “ShHT mintaqasida yoshlar: zamonaviy tahdidlar va ularga qarshi kurash”, “Zamonaviy xalqaro munosabatlarda yoshlar diplomatiyasining dolzarb masalalari”, “Yoshlar integratsiyasini ta’minlashda volontyorlikning o‘rni” hamda “ShHT makonida yoshlar hamkorligi: SCOLAR Network misolida” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. 

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, ShHTning O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalariga to‘xtalib o‘tdi. 

– Shanxay hamkorlik tashkiloti rivojlanib borayotgan xalqaro tashkilot, – deydi Akademiya prorektori Ilyos Mirziyotov. – Joriy yilning 15-iyun sanasida ShHT tuzilganiga 22 yil to‘ladi. “Shanxay ruhi” tamoyili negizida tashkil etilgan qilingan ushbu tashkilot o‘tgan davr mobaynida maslahat mexanizmi formatidan keng qamrovli davlatlararo birlashmagacha bo‘lgan darajaga yuksaldi. Bugungi kunda ShHT dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. ShHT sivilizatsiyalararo muloqot va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash uchun istiqbolli platforma hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishning amamiyati, ayniqsa, dunyoda ishonchsizlik kayfiyatlar kuchayib borayotgan bir sharoitda ortib bormoqda. Har biri boy tarix va noyob madaniy merosga ega bo‘lgan mamlakatlarning bir tashkilot faoliyatida ishtirok etishi ShHT makonida o‘zaro anglashuv va hamkorlik ruhini mustahkamlashga ko‘maklashmoqda.

Muloqot davomida Qobiljon Sobirov so‘zga chiqib, zamonaviy dunyoda xalq diplomatiyasining dolzarbligi, O‘zbekistonning ShHTda ushbu institutni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari, shuningdek, tashkilotning yoshlar taqdiridagi ahamiyati, yoshlarga oid yo‘nalishlarni yanada ommalashtirish masalalari haqida so‘z yuritdi.

Ma’lumki, 2018-yilda ShHT xalq diplomatiyasi markazi o‘z faoliyati boshlanganidan buyon O‘zbekistonda ShHTga a’zo davlatlarning jamoat tashkilotlari bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar olib bormoqda. ShHT makonidagi 3,2 milliard aholining 55 foizini aynan yoshlar tashkil etadi. ShHT davlat rahbarlarining 2022-yil yurtimizda boʻlib oʻtgan sammitida ham yoshlar masalalarida qator kelishuvlarga erishildi, yosh avlod vakillari oʻrtasidagi oʻzaro muloqotni mustahkamlash maqsadida yangi tashabbuslar ilgari surildi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, ShHT faoliyati muvaffaqiyatining asosiy sharti – xalqlar oʻrtasidagi ishonchning mustahkamlanishi, oʻzaro manfaatlarni inobatga olish, teng huquqlilikni taʼminlashdan iborat. Buning uchun xalq diplomatiyasini rivojlantirish eng maqbul yoʻl hisoblanadi. 2022-yilning 15-16-sentabr kunlari mamlakatimizda oʻtkazilgan ShHTning Samarqand sammiti xalqaro miqyosdagi ulkan voqea boʻldi va tashkilot tarixida yangi davrni boshlab berdi. Mazkur sammit pandemiyadan keyin ShHT mamlakatlari va xalqlari uchun bevosita muloqot maydoniga aylandi. Sammitda davlatimiz rahbari tomonidan global miqyosdagi koʻplab muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Davra suhbati davomida Akademiya talabalari bilan bir qatorda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti talabalari ishtirok etdi. Muloqot savol-javob va muhokamalarga boy bo‘ldi. 

Uchrashuvda talabalar Shanxay hamkorlik tashkiloti va uning faoliyati, turli loyihalari, O‘zbekiston va ShHT o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish