Vatan osoyishtaligi ulkan ne’mat
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT
Barchamizga ma’lumki, har qanday taraqqiyot – xoh diniy, xoh ijtimoiy, xoh iqtisodiy, xoh oilaviy taraqqiyot bo‘lsin, uning negizida bir narsa – tinchlik, xotirjamlik yotadi.
Bobolarimiz, momolarimiz duo qilganlarida: “Tansihatlik, xotirjamlik, dili beg‘amlik bergin”, deb aytar edilar. Chunki tinchlik – Alloh taoloning insoniyatga bergan ulkan ne’matlardan biridir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham muborak hadislarida tinchlik-xotirjamlikni ulkan ne’mat ekanini ta’kidlab shunday deydilar:
“Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik odamlar undan mahrumdirlar: sihat-salomatlik va tinchlik-xotirjamlik”.
Albatta, har bir hurfikr inson bu ne’mat uchun shukrini qilmog‘i lozim. Ayrim ne’matlar borki, ularning shukri “Alhamdulillah” deyish bilan ado bo‘ladi, ammo tinchlik ne’matining shukri “Alhamdulillah” deyish bilan ado bo‘lmaydi. Bu ne’matni asrab turish uchun har bir jabhada, avvalo ma’rifat sohasida kurashmoq kerak.
Ushbu tinchlik-xotirjamlikni bizlarga ta’min qilib beradigan, osoyishta yashamog‘imizga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shayotgan kasb egalari borki, hamisha ularninig xizmatlarini e’tirof etib yodimizda tutishimiz kerak. Yon davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini tiklab, dunyoning siyosiy maydonida mohirona diplomatik munosabatlarni amalga oshirib kelayotgan hukumatimiz rahbarlarining xizmatlarini ham alohida e’tirof etmog‘imiz kerak.
Alhamdulillah, Vatanimiz sarhadlarini, hududiy yaxlitligini, aholini tinch hayotini va uning xavfsizligini 30 yildan beri kecha-yu kunduz ta’minlab turgan Milliy Armiyamiz – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari mavjud. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“Alloh roziligi uchun bir kecha-kunduz Vatan sarhadini qo‘riqlash bir oylik kunduzlari ro‘za tutib, kechalari ibodat bilan qoim o‘tkazganni savobidan afzalroqdir”, deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh roziligi uchun bir kecha-kunduz Vatan sarhadini qo‘riqlash dunyo va undagi barcha narsadan yaxshiroqdir”, dedilar.
Shuningdek, boshqa hadisda:
“Do‘zaxda azoblanmaydigan ikki ko‘z (egalari) bor: Alloh taolodan qo‘rqib yig‘laydigan ko‘z va Alloh roziligi yo‘lida mijja qoqmay kechani qo‘riqchilik qilib o‘tkazgan ko‘z”, deb, Alloh yo‘lida fuqarolar tinchligini, Vatan sarhadlarini qo‘riqlashning ajr-savobi naqadar buyuk ekanini, bu xizmatda tunni bedor o‘tkazganlar uchun ulkan ajr – do‘zax o‘tidan omonlik berilishini mujda berdilar.
Bugungi kunimizda mamlakatimizning tinchligini ko‘rolmaydigan toifalar ham bor. Ularning ayrimlari siyosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun “inson huquqlari”, “demokratiya” kabi so‘zlarni o‘zlariga qalqon qilib mamlakatda fitna qo‘zg‘ashga harakat qilsalar, ayrimlari muqaddas dinimizning muqaddas shiorlarini o‘z maqsadlari uchun qalqon qilishib, jamiyatda fitna urug‘ini sepishga harakat qilishmoqda. Holbuki, Alloh taolo O‘zining Kalomi sharifida shunday marhamat qiladi:
“Fitna odam o‘ldirmoqdan ko‘ra gunohi og‘irroqdir”. (Baqara surasi, 191-oyat.)
Bir hududda fitna olovini yoqishning gunohi odam o‘ldirganning gunohidan og‘irroq ekan. Chunki, qotilning zarari bir insonning umrini zavol qilish bilan to‘xtaydi, ammo fitnachining fitnasi ortidan keladigan zarar esa yillar o‘tsada to‘xtamaydi. Shuningdek, boshqa oyatda:
Ya’ni “Namoz fahsh va munkar (gunoh) ishlardan qaytarur”, (Ankabut surasi, 45-oyat.) deb marhamat qiladi.
Agar iymonimiz, ibodatlarimiz bizlarni fahsh-munkar sanalgan amallardan, jamiyat ichida fitna qo‘zg‘aydigan harakatlardan qaytarmas ekan unda iymonli ekanligimizda, ibodatlarimizning maqbul bo‘lishida shubha bor.
Darhaqiqat, mamlakatimiz tinchlik va o‘zaro hurmat siyosatini olib borib, o‘z hududida va qo‘shni davlatlar hududida tinchlikni asrash uchun ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan aholi tinch-totuv umrguzaronlik qilib, o‘z kundalik tashvishlari bilan band.
Ulug‘ shayx Alixon To‘ra Sog‘uniy rahmatullohi alayh aytadilar: To‘rt narsa insoniylik sharafi va uning iqbolining butunligidan dalolatdir: 1) Ozodlik, hurlik va erkinlik; 2) Mehnat bilan topilgan boylikka o‘zi egalik qilishi; 3) Tug‘ilib o‘sgan ona vatanida istiqomat qilishi; 4) Pokiza va muqaddas haq din Islomga e’tiqod qilmog‘i.
Alixon To‘ra Sog‘uniyga ko‘ra mana shu to‘rt narsa kimda bo‘lsa, demak o‘sha inson baxtlidir, saodatlidir. Ushbu mezonga ko‘ra O‘zbekiston xalqi ham tom ma’noda baxtlidir. Alloh taolo Vatanimizni, sarhadlarimizning tinchligini, osmonimiz musaffoligini va dunyoda tinch-xotirjam, osuda hayotni barqaror qilsin. Tinchligimiz barqaror, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi
Manba: muslim.uz
Izoh qoldirish