248

“Ommaviy madaniyat” ayolni oiladan “qutqarmoqchi”

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Jannat onalar oyog‘i ostida

O‘tgan asrning 60-yillarida g‘arb mamlakatlari­da sodir bo‘lgan “madaniy inqilob” er, xotin va bolalarni oilaviy vazifalar, burch va mas’uliyatdan ozod etib, oilaga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni yo‘qqa chiqardi. Bu hol oilaning yemirilishiga sabab bo‘ldi. “Ommaviy madaniyat” azaliy qadriyatlarni kamsitib, hatto ayolning eri va bolalari bo‘lishi tabiiy, hayotiy ehtiyoj ekani haqidagi tasavvurlar ustidan ham kulib keldi, ayolni onalik vazifasidan butkul “qutqarish”ga intilayotgan guruhlar paydo bo‘ldi. Bugun ushbu guruhlar ko‘pgina Yevropa mamlakatlarida hukumatga ta’sir qilish qudratiga ega. Ular dastaklari yordamida o‘zlarining manfur qilmishlariga qarshi jamiyatlarni demokratiyani bo‘g‘ish, xotin-qizlar va yoshlarni erkin hayot tarzidan mahrum qilishda ayblashyapti. Bunda o‘tgan asrning boshla­rida g‘arb mamlakatlarida shakllangan va bugungi kunga kelib, ijtimoiy harakatga aylangan feminizmning “xizmat”i katta.

Sharq musulmon xalqlarida ayollarni hurmat qilish, ularni nafaqat moddiy-jismoniy, balki ma’naviy himoyalash an’anasi chuqur ildiz otgan. Ularning har biri ona yoki ayollik fitrati amalga oshishini orzu qiladi. Sharqda “Jannat onalar oyog‘i ostida” degan hikmat bekorga bot-bot takrorlanmaydi. Uning zamirida jamiyatda ayolning o‘rni, qadr-qimmati o‘z aksini topgan. Ba’zan jamiyatimizda ayollarning eri tomonidan zo‘ravonlikka uchrayotgani ortiqcha bo‘rttiriladi. Ammo g‘arbda oila qurmagan, farzandli bo‘lish haqida o‘ylamagan ayollar yoshi o‘tgan sari jamiyatda yolg‘izlikka mahkum bo‘lishi haqida hech so‘z demaydi.

Oilani muqaddas deb bilmaganlar uchun muqaddas narsaning o‘zi yo‘q

Abdurauf Fitrat “Oila” asarida “Qayerda oila, oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam bo‘ladi”, deb ta’kidlaydi. Xo‘sh, oilaning muqaddasligi nimada? O‘zaro rishtalar nikoh vositasida mustahkamlangan, er-xotin bir-birining oldidagi burchi, mas’uliyat va sadoqatni his qilgandagina oila muqaddaslik darajasiga chiqadi. Ushbu tushunchalar muayyan hayotiy tajriba, mashaqqat va turmush sinovlarida toblanishlar natijasida vujudga keladi.

Yildan-yil xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatlar soni ortib boryapti. Mutaxassislar fikricha, buning asosiy sabablaridan biri kundan-kun soni ortib borayotgan noto‘liq oilalardir. Ayni kunda ijtimoiy xavfli jinoyatlar sodir etayotgan aksariyat ayollar va voyaga yetmaganlar noto‘liq oilalardan ekanligi aytilyapti. Yoki bo‘lmasa, boshqa huquqbuzarliklar, odam savdosi qurbonlari, yoshlar, ayollar, albatta, bularning barchasi asosan ajralish oqibatida yuzaga keladi.

Ayol mehrli, bolaparvar xilqatligini hisobga olib, shu yo‘sinda uning ijtimoiy hayotdagi o‘rni belgilanadi. Kuch-quvvatda u erkakka tenglasha olmaydi, shuning uchun ham erkak uni himoyalashi, g‘amxo‘rlik qilishi lozim. Hayot, oila muvozanatining buzilmasligi uchun ayol ham o‘z vazifalarini bajarishga mas’ul.

Bu masalada o‘z an’analarimiz bor

Ba’zi sohalarda ayollarga qaraganda erkaklarning o‘rni baland, ba’zi masalalarda esa ayollar ustun, ba’zila­rida esa ular teng huquqli. Bu jinslarning qaysidiri biron narsada kamsitilgani­ni anglatmaydi. Bu har kim o‘z tabiatidan kelib chiqqan holda, o‘z o‘rnida turib, o‘zining ishini qilayotgani demakdir. Aslida ayollarga nisbatan har qanday zo‘ra­vonlik barcha aqlli jamiyatlarda, xususan, islomda qattiq qoralanadi. Ayollarga nisbatan kuch ishlatish tajovuz hisoblanadi.

Bugun oilasida zo‘ravonlikka uchragan ayollarni himoya qilish maqsadida reabilitasiya markazlari faoliyat yurityapti. Ammo o‘nta ayolga zo‘ravonlik ishlatilib, o‘nta erkak jazolanganidan jamiyatga nima naf? Shuning uchun ham mutaxassislar ba’zida og‘ir bo‘lmagan holatlar­da oilaning bir butunligini saqlab qolish maqsadida tushuntirish ishlari olib boryapti. Zero, ulug‘lar aytganidek, o‘z uyida baxtli bo‘lgan insongina chinakam baxtiyordir.

Sulaymon MARDIYEV

Manba: “Zarafshon” gazetasi 2022-yil 4-oktabr

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
02
Jaholatga qarshi marifat
Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashaylik.
04:43
Apr
01
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:26
Jan
05
Jaholatga qarshi marifat
Hijrat: Egri va to‘g‘ri talqin
14:25

Izoh qoldirish