260

Yangi O‘zbekiston yoshlari ilm taraqqiyot yo‘lida: avlodlar uchrashuvi

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yurtimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratib berish borasidagi ishlar zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari ilm taraqqiyot yo‘lida: avlodlar uchrashuvi” mavzusidagi ilmiy seminar ham ana shu masalalarga bag‘ishlandi. 

Unda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, “Ziyo-zukko” maktabi direktori Nargiza Ismatova, “Islom tarixi va manbashunosligi “IRCICA” kafedrasi professori Ahadjon Hasanov, “Ziyo-zukko” maktabi o‘quvchilari, Akademiya xodimlari, doktorantlar, talabalar ishtirok etdi.

Iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi tomonidan tashkil etilgan seminarni Akademiya prorektori Zohidjon Islomov ochib berdi. Ustoz o‘z so‘zida mamlakatimizda Uchinchi Renessans davriga tamal toshi qo‘yilayotgan ayni paytda “ustoz-shogird” an’anasi asosida yoshlarni ilm olishlari uchun ko‘mak berish, qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Bu borada ustozlar pand-nasihati har tomonlama foyda bo‘lishini, bugungi tadbir ham ana shu maqsadda o‘tkazilayotganini e’tirof etdi.

Darhaqiqat, mamlakat taraqqiyoti uchun yangi tashabbus va g‘oyalar bilan maydonga chiqib, ularni amalga oshirishga qodir bo‘lgan, intellektual va ma’naviy salohiyati yuksak yangi avlod kadrlarini tayyorlash ustuvor vazifa hisoblanadi.

Tadbirda “Bugungi kunda O‘zbekistonda yoshlarning bilim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar”, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri”, “Kitob – mening do‘stim”, “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi: kecha va bugun” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish