Akademiyada shoh va shoir Bobur Mirzo tavalludining 540 yilligi keng nishonlandi
Zahiriddin Muhammad Bobur – betakror shoir, zakovatli olim, donishmand tarixchi, yirik davlat va madaniyat arbobi, mohir sarkarda. Asrlar osha dunyoni hayratga solib kelayotgan alloma ana shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan.
Ayni paytda yurtimizda o‘rta asr Sharq madaniyati va adabiyotining buyuk namoyandasi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham katta shukuh bilan davom etdi. “Buyuk shoir va olim, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur nomi mangu barhayot” mavzusida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston xalq shoiri Iqboljon Mirzaaliyev, Akademiya professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tantanali marosimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, Bobur Mirzoning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishini ta’kidladi.
Darhaqiqat, adib ijodining sarchashmasi hisoblangan memuar asar “Boburnoma”, nafaqat milliy adabiyotimizning noyob durdonalaridan, shuningdek jahon adabiyotining nodir namunalaridan biri sanaladi. Mazkur asarning ahamiyatli jihatlaridan yana biri, o‘sha davrda adabiyotimizda nasr janrida yaratilgan yirik asarlardan biri sifatida ham muhim o‘rin tutadi.Ushbu qomusiy kitob 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Bobur va boburiylar sulolasiga oid bebaho manbaalar jahonning 70 dan ortiq muzeylarida saqlanyapti.
Tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri Iqboljon Mirzaaliyev so‘z olib, Zahiriddin Muhammad Boburning ilm-ma’rifat haqidagi g‘oyalari, ahloq-odob, yaxshilik, vafo, xalqini sevishi unga yaxshilik qiladigan qilib tarbiyalash, insonparvarlik, Vatandan judolik g‘am-alam ekanligi, adolat haqidagi qarashlari hozirgi davr yoshlari tarbiyasida ham g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
O O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori Najmiddin Nizomiddinov esa Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining hukmronlik davrida ilm-ma’rifatni davlat siyosati darajasiga olib chiqqan va ilm-ma’rifat sohasiga alohida e’tibor qaratgani haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida elimiz suygan san’atkorlarning musiqiy chiqishlari tomoshabinlarga havola qilindi. Talabalar tomonidan “Zahiriddin Muhammad Bobur va Xonzodabegim” suhbati aks etgan sahna ko‘rinishi, Bobur Mirzo g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga namoyish etildi. Shoir ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalar tomonidan turli tillarda g‘azal va ruboiylar o‘qildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish