Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning BAYRAM TABRIGI
Assalom-u alaykum, qadrli professor-oʻqituvchilar!
Aziz talaba-yoshlar!
Maʼlumki, har yili fevral oyida yurtimizda ikki buyuk siymo – Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi keng nishonlanishi yaxshi anʼanaga aylangan. Kuni kecha soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi ilm-maʼrifat oʻchoqlarida shukuhli ayyomga aylandi. Bugun yana bir ulugʻ zot – bobokalonimiz, shoh va shoir, davlat va jamoat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining qutlugʻ 540 yilligini nishonlamoqdamiz.
Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini oʻrganishga nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham alohida eʼtibor qaratiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Bobur Mirzo xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, maʼrifat nuqtayi nazaridan u hamon yashayapti... Oʻzligimizni anglab, buyuk tariximizni yoshlarga tushuntirsak, ilm-maʼrifatni rivojlantirsak, hech qachon kam boʻlmaymiz”.
Shu munosabat bilan kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingani alohida ahamiyatga egadir. Buyuk ajdodimiz asarlarini keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar orasida keng oʻrganilishi, Bobur Mirzoning ilmiy va ijodiy merosini respublikamiz va xalqaro miqyosda ham yanada faol targʻib etishga xizmat qilishi shubhasiz.
Hurmatli ustoz-murabbiylar! Aziz talaba-yoshlar!
Zahiriddin Muhammad Bobur yirik davlat arbobi va sarkarda boʻlish bilan birga Oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va ilm-fanida oʻz oʻrniga ega. Eng avvalo, Hindistonda 300-yildan ortiq hukmronlik qilgan “Boburiylar saltanati”ga tamal toshini qoʻygan. Atoqli davlat va jamoat arbobi Javoharlal Neru “Hindistonning kashf etilishi” kitobida shoh va shoir Bobur hazratlari haqida: “Bobur Hindistonga kelgandan keyin katta siljishlar yuz berdi va yangi ragʻbatlantirishlar hayotga, sanʼatga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi”, deya oʻz eʼtirofini bildirgan.
Darhaqiqat, Bobur Mirzoning Hindistonda amalga oshirgan islohotlari mamlakatning bugungi taraqqiyotiga ham muhim hissa qoʻshgan. Mutafakkirning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi esa nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida ham alohida oʻringa ega.
Hech shubhasiz, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari jahon sivilizatsiyasida bebaho asar sifatida jahon adabiyoti va manbashunosligida muhim va noyob yodgorlik sanaladi. Zero, asarda keltirilgan koʻplab maʼlumotlar oʻsha davrining Mirxond, Xondamir, Muhammad Solih, Binoiy kabi tarixchi olimlari asarlarida bu darajada aniq va mukammal yoritib berilmagan. Hozirgi kunga qadar “Boburnoma” 20 dan ortiq tillarga, jumladan, fors, ingliz, rus, turk, golland, fransuz tillariga tarjima qilingani ham bejiz emas.
Shu oʻrinda mutafakkirning islom huquqshunosligi va shariat masalalariga bagʻishlangani “Mubayyin” (“Bayon etilgan”) asari ham alohida ahamiyatlidir. Zero, Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistonga yurishi davrida, yaʼni 1521-yilda yaratilgan mazkur asar jamiyat va insonlarni ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtirishda oʻziga xos oʻrin tutgan. Kitob Zahiriddin Boburning nafaqat islom dini, balki fiqh ilmi borasida ham keng bilimga egaligidan dalolat beradi. Fikrimizni oʻsha davrning qomusiy olimi Hasanxoʻja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” (“Sevimli zotlar yodnomasi”) asarida Bobur haqida quyidagi fikrlar ham isbotlaydi: “Fiqh masalalarini yana bir risolada mubayyan qilganki, yozuvchisi donishmandligidan nishonadir. Turkiy va forsiyda yaxshi sheʼrlari bordir. Oʻshal fiqh risolasining nomi “Mubayyin”dir”.
Zahiriddin Muhammad Boburning “Harb ishi”, “Xatti Boburiy” hamda aruz haqidagi “Mufassal” risolalari ham vatanparvarlik, turkiy sheʼriyat va til nazariyasi sohalari rivojiga munosib hissa qoʻshdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Bobur Mirzo, eng avvalo, ezgulik, adolat tugʻini baland tutdi. Yurt obodligi, xalq farovonligi va maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishini oliy maqsad bildi. Muhtasham obida va bogʻlar bunyod etdi. Uning odilona siyosatini davom ettirgan vorislari esa, bugun ham dunyoning yetti moʻjizasi sifatida eʼtirof etib kelinayotgan “Tojmahal”, “Qizil qalʼa” kabi ulugʻvor arxitektura yodgorliklari, masjid-u madrasalarni bunyod etishdi.
Muhtaram anjuman ishtirokchilari!
Bugun yurtimizda ulugʻ ajdodlarimiz boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, uni dunyoga tarannum etish asnosida yoshlarimizning munosib avlod boʻlib kamol topishi, zamonaviy ilm-fan hamda kasb-hunarda raqobatbardosh kadrlar boʻlib shakllanishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Ishonamizki, ushbu yoʻnalishdagi davlatimiz islohotlari yurtimizda Uchinchi Renessans davrining yana boʻy koʻrsatishiga poydevor qoʻyadi.
Shu maʼnoda, davrning turli buhron-u ixtiloflariga qaramasdan yuksak insoniy va ilgʻor gʻoyalari bilan dunyo ilm-fani, madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulugʻ mutafakkirlarimiz hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosi yoshlarimiz uchun doimo ibrat boʻlmogʻi lozim.
Fursatdan foydalanib, ilm-fan, madaniyat choʻqqilarini zabt etishda barchangizga sihat-salomatlik va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
Izoh qoldirish