343

Akademiyada hazrat Navoiyga bag‘ishlangan kitob taqdimoti o‘tkazildi

So‘z mulkining sultoni, yurt va xalq tashvishini chekkan, uning manfaatini o‘ylagan, doimo ezgulikni tarannum qilgan ulug‘ Alisher Navoiyning 582 yilligi yurtimizda katta tantana bilan kutib olindi. 

Buyuk mutafakkir hayoti va ijodi yuzasidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan tadbirlarda ham bu jihat aks etdi. Shu munosabat bilan “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi tomonidan hazrat Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda “Shoirlar sultoni” nomli kitob taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirni kafedrasi mudiri Ne’matullo Muhamedov olib bordi. Unda Islomshunoslik fakulteti dekani Jahongir Tohirov, O‘z RFA til va adabiyot instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori Nodirxon Hasanov, O‘z RFA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Hamidullo Lutfullayev, tadqiqotchi Bobomurod Eraliyev, kafedra professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda “Alisher Navoiyning turk adabiyotiga ta’siri”, “Navoiy yozdirgan tafsir xususida”, “Alisher Navoiy va bugungi yoshlar”, “Shoirlar sultoni” kitobi haqida” ma’ruzalar o‘qildi. 

Taqdimot avvalida “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi dotsenti Ne’matullo Nasrullayev so‘zga chiqib, hazrat Alisher Navoiyning yaratgan o‘chmas asarlari, ularning inson kamolotidagi ahamiyati hamda yurtimizda alloma shoir ijodini tadqiq etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli tadqiqotlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng “Shoirlar sultoni” kitobi haqida so‘z yuritdi. 

Kitob uch bob hamda “Layli va Majnun” sharhi” kabi qismlardan iborat. Kitobdagi “Xalq va din g‘ami”, “Komillik maqomi”, “Donishmand shoirning tanbehlari”, “Farhod va Shirin” dostoni sharhi”, “Majoziy ishq iztirobi”, “Ishq qasriga yo‘l” kabi maqolalarda mutafakkir ijodining maftunkor qirralari haqida so‘z boradi.

Ma’ruzachilar tomonidan shoir she’riyatini o‘rganish va tadqiq etishdagi vazifalar xususida mulohazalar yuritildi. Shoir ijodining turli qirralari hamda O‘rta asr Movarounnahrida ilmiy muhit va madaniyat rivojlanishining o‘ziga xos jihatlari ochib berildi.

Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv yakunida Navoiy bobomiz qoldirgan bebaho merosning bugun ham ilmiy jihatdan chuqur o‘rganilayotgani, yosh avlod ma’naviyatiga ahamiyati xususidagi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar yuritildi. Ishtirokchilar Alisher Navoiy ijodi o‘zbek tilining butun go‘zalligi, uning boyligi hamda nazokatini dunyoga ochib bergani, u qoldirgan meros jahonda hamon katta qiziqish uyg‘otayotgani qayd etildi.

Taqdimot yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish