253

9-fevral – mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning BAYRAM TABRIGI

Assalom-u alaykum, qadrli hamkasblar! Aziz talaba-yoshlar!

Bugun atoqli davlat va jamoat arbobi, turkiy (o‘zbek) tilining asoschisi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi xalqimiz tomonidan keng nishonlanmoqda. Mutafakkir bobomizning bebaho ilmiy-ijodiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida ham alohida o‘rin tutadi. Zero, alloma asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalar, ona tilimizning cheksiz ifoda imkoniyatlari butun jozibasi bilan namoyon etilib, millionlab kitobxonlarni ezgulikka, ilm-ma’rifatga, komillikka chorlab kelmoqda. Shu bois hazrat Navoiy nafaqat turkiy xalqlar, balki butun bashariyatning buyuk ijodkoridir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Shubhasiz, bugungi zamonaviy o‘zbek tilining asosi Alisher Navoiy ijod etgan turkiy til yoki O‘rta Osiyo chig‘atoy tilini hisoblanadi. Zahiriddin Muhammad Bobur ta’biri bilan aytganda, “Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she'r aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘p aytgon emas”

Bu borada Alisher Navoiyning o‘zi: 

Turk nazmida chu men tortib alam,

Ayladim ul mamlakatni yakqalam, – deya ta’kidlagan.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, hazrat Alisher Navoiy nafaqat ilm-ma’rifatni qadrlagan va unga homiylik qilgan, balki alloma hayoti davomida xalqning farovonligi yo‘lida 373 ta inshoot bunyod etadi, 80 ta masjid, 52 ta rabot, 16 ko‘prik, 4 ta madrasa, 1 ta kutubxona qurilishiga homiylik qiladi. O‘zi ochgan ilm maskanlarida bolalarning bepul ta’lim-tarbiya olishiga sharoit yaratganlar. 

Hurmatli ustoz-murabbiylar, ilmga chanqoq talaba-yoshlar!

Insonni olam gultojisi deb ulug‘lagan hazrat Navoiyning butun ijodi ezgulik, adolat, nafosat kabi yuksak tuyg‘ular asosida barkamol avlod kamolotiga qaratildi. Shu nuqtai nazardan, mutafakkir ijodi bugun ham dolzarb. Zero, zamonaviy dunyodagi turli buhronlar, uzoq-yaqin mamlakatlardagi notichlik, adovat va urush o‘choqlarining paydo bo‘lishida ayrim yoshlarning ilm-ma’rifat, ma’naviyatdan yiroqlashuvi sabab bo‘lmoqda. 

Alisher Navoiy bu borada: 

“Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,

Yor oʻlung bir-biringizgakim, erur yorligʻ ish”, deya insoniyatni o‘zaro do‘stlikka chaqiradi.

Jonajon Vatanimizda bugungi kunda mutafakkir bobomizning “Odami ersang demagil odami, Onikim yoʻq xalq gʻamidin gʻami”, degan dono o‘gitlaridan kelib chiqib “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevoriga tamal toshi qo‘yilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi natijasida dadil odimlayotgan mamlakatimizda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tahsil olayotgan yoshlarimizning ham buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganishi, u kishining ibratli bunyodkorlik ishlaridan ibrat olishlari muhim ahamiyatga ega. Ishonchim komilki, oldimizdagi ezgu maqsadlarimizga yetish, dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lish uchun ham, eng avvalo, yoshlarimizning ilm-ma’rifatli, ma’naviyatli, odob-axloqli va, albatta, zamonaviy, ilg‘or fan sirlarini mukammal egallashi ustuvor o‘rin tutadi. 

Aziz talaba-yoshlar, ustoz-pedagoglar mutafakkir bobomizning boqiy ma’naviy merosini asrab-avaylash, tadqiq etish barchamizning vazifamizga aylanishi zarurligini yana bir bor ta’kidlagan holda bu yo‘lda sizlarga sihat-salomatlik, ulkan zafar va muvaffaqiyatlar tilayman! 

 

 

Izoh qoldirish