303

Akademiyada Alisher Navoiy va Bobur Mirzoga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi

Ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning boy ma’naviy merosi asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib, insonlar qalbi, ong-u shuuriga ezgulik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratib kelmoqda. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘zbek mumtoz she’riyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan, xalqimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk mutafakkirlarning tavallud ayyomlari munosabati bilan ularning hayoti va ijod yo‘li aks etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

“Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi tomonidan Talabalar turar joyida tashkil etilgan “Navoiyxonlik kechasi” tadbirida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Zilola Xoʻjaniyozova, professor-oʻqituvchilar – M.Mirqosimova, Sh.Sodiqova hamda tyutorlar ishtirok etdi. 

Yig‘ilganlar hazrat Alisher Navoiyning yaratgan o‘chmas asarlari, ularning inson kamolotidagi ahamiyati hamda yurtimizda alloma ijodini o‘rganish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli tadqiqotlar to‘g‘risida ma’lumot berishdi. Tadbir davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Shuningdek, “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi professor-oʻqituvchilari – Azamat Nazarov hamda Mirmuhsin Akramov tomonidan “Boburxonlik kechasi” mavzusida seminar-trening oʻkazildi. Tadbir ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismi “Bobur shaxsi – mening talqinimda” deb nomlandi. Unda talabalar tomonidan Bobur shaxsi va uning yetuk shaxsiy-axloqiy fazilatlariga e’tibor qaratildi. Ikkinchi qismda esa Bobur hayoti va ijodiga bog‘liq savollardan iborat tanlov o‘tkazildi. 

Yakunda g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish