Yoshlarni radikal g‘oyalardan asrash – barqarorlik omili
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar uchun “Yoshlarni radikal g‘oyalardan asrash – barqarorlik omili” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektor maslahatchisi O‘.Hasanboyev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor M.Mirziyotov, Shayxontohur tumani 3-sonli ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘linmasi profilaktika katta inspektori kapitan M.Xikmatov hamda talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuvda so‘z olganlar o‘sib kelayotgan yosh avlodni turli buzg‘unchi g‘oyalar va radikal guruhlarga qo‘shilib ketishini oldini olishning aniq choralarini qo‘llash haqida so‘z yuritishdi. Asosiy e’tiborni ma’rifatga, yoshlarning ma’naviy va axloqiy tarbiyasiga qaratish, ularda bilim va o‘z ustilarida ishlashga intilishni shakllantirish muhim ekani ta’kidlandi. Yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash, ularning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, komil inson bo‘lib voyaga yetishida bu kabi tadbirlarning ahamiyati katta ekani qayd etildi. Bu borada yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Darhaqiqat, bugungi kunda yurtimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari, uning oldini olish, dinlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, teng huquqlik, tinchlik va totuvlikni targ‘ib qilish davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadlaridan biridir.
Tadbirda so‘z olgan mutasaddilar tomonidan milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, milliy mentalitetimizga yot zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga, dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan, din niqobi ostida faoliyat olib borayotgan turli diniy ekstremistik tashkilotlarning yoshlarni aldov yo‘li bilan o‘z saflariga qo‘shib olayotgani, talaba-yoshlarni bunday guruhlar tahdididan doimo ogoh va hushyor bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida yurtimizdagi davlat va din munosabatlari, huquqiy, madaniy, savodxonlik, radikalzm, ekstremizm, terrorizmga qarshi kurash hamda yoshlarga oid davlat siyosati masalalari haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish