306

Quyoshni uygʻotguvchi muazzam sado

10-DEKABR – OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MADHIYASI QABUL QILINGAN KUN

Bu yurtni har tong manglayidan Quyosh oʻpib uygʻotadi. Bu yurtning togʻlari viqorli, bogʻlarida hurriyat shamoli esadi. Bu yurtning tuprogʻi zar – qadalgan har urugʻ koʻkka boʻy choʻzadi, ekilgan har nihol daraxtga aylanadi. Bu yurt bejiz jannatmonand, deyilmagan. Ha, Oʻzbekiston madhiyasi yangragan har goʻshada borliq yasharadi, uni tinglagan har vujudning qalbida mehr-muhabbat, sadoqat aks etadi, shuurida maʼrifat joʻsh uradi. 
Serquyosh, hur oʻlkam, elga baxt, najot,
Sen oʻzing doʻstlarga yoʻldosh, mehribon!
Yashnagay toabad ilm-u fan, ijod,
Shuhrating porlasin, toki bor jahon...

Zalvarli, ammo dilga yoquvchi musiqa sadolari ostida ushbu satrlar yangrab, bayrogʻimiz boshimiz uzra hilpiraganda, ozod Vatanimizga nisbatan qalbimizning tub-tubidagi gʻurur yanada yuksaladi. Bu muazzam sado ruhimizga ruh, kuchimizga kuch bagʻishlab, bizni yangidan-yangi bunyodkorlik ishlariga undaydi.

Davlat madhiyasining sheʼriy matni va musiqasini tayyorlash uchun Oliy Kengash deputatlari ijodkor ziyolilar bilan hamkorlikda ikki yarim yil davomida ish olib bordi. Ushbu davr ichida davlat madhiyasi sheʼriy matnining tanlovida 60 dan ortiq shoir, musiqa tanlovida 30 ga yaqin kompozitor ishtirok etdi.

Oʻn ikkinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 8-10-dekabr kunlari boʻlib oʻtgan oʻn birinchi sessiyasida mustaqil davlatning Asosiy qonuni boʻlmish Konstitutsiya loyihasi moddama-modda muhokama etildi va qabul qilindi. Konstitutsiyamizning 5-moddasida: “Oʻzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʻz davlat ramzlari – bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega”, degan konstitutsiyaviy qoida muhrlab qoʻyildi.

Oʻn ikkinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining XI sessiyasiga davlat madhiyasi uchun dastlab uch xil matn va musiqa havola etilgan. Ulardan biri shoir Abdulla Oripov sheʼriga Mutal Burhonov kuy bastalagan madhiya boʻlsa, qolgan ikki madhiyaning biri Baxtiyor Aliyev musiqasi, Abdulla Oripov qalamiga mansub, ikkinchisi shoir Mirpoʻlat Mirzo sheʼriga bastakor Rustam Abdullayev kuy bastalangan namunalar edi. Mazkur sessiyada uchala matn musiqalari bilan yangradi. Uzoq muhokamalardan soʻng deputatlar bir toʻxtamga kelishdi – shoir Abdulla Oripov va bastakor Mutal Burhonov ijodiga mansub madhiya davlat madhiyasi sifatida eʼlon qilindi va sessiya soʻnggida ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.

Madhiyamiz yurtimiz davlat suverenitetining ramzi boʻlib, unga zoʻr ehtirom bilan qarash Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchi ekani qonun bilan belgilab qoʻyilgan. 

Davlat madhiyasi mustaqillikka eʼtiqodni targʻib qiladi. Uning matni fuqarolarimizni mustaqil davlat qurish yoʻlida matonat va jasoratga, sabr-toqat va fidokorlikka, tashabbuskorlik va kurashga chaqiradi, milliy gʻurur uygʻotadi.

Yurtimiz vakillari ishtirok etadigan xalqaro miqyosdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlar va sport musobaqalarida mazkur shukuhli tarona jaranglaganda ona Vatanimiz biz bilan hamisha birga ekaniga amin boʻlamiz, yuzlab, minglab kilometr masofa bir lahza ortda qolib, koʻz oʻngimizda zarrin nurga choʻmilgan jannatmonand zamin gavdalanadi.

Madhiyamizda Oʻzbekistonimizning jahon hamjamiyatida tobora yuksalib borayotgan obroʻ-eʼtibori, hech kimdan kam boʻlmay, kelajakka qatʼiy ishonch bilan intilayotgan yoshlarimizning azm-u shijoati aks etgan. Yoshlar ongida boy tariximizga, milliy oʻzligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishida madhiyamiz muhim tarbiyaviy vositadir. Uni kuylashni boshlagan murgʻak qalbda oʻz vatanining timsoli, unga nisbatan faxr va muhabbat nish uradi. Bolajonlarning porlayotgan nigohlaridagi hayajonni koʻrib, xalq va Vatan ulugʻlangan qoʻshiq insonlar qalbiga yuksak va begʻubor tuygʻularni jo etishiga, bu esa yorugʻ olamni yanada munavvar koʻrsatadigan ajib moʻjiza ekaniga yana bir bor amin boʻlamiz.

... Har tongni madhiyamiz sadolari bilan qarshi olamiz.
Oltin bu vodiylar – jon Oʻzbekiston 
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

Boʻri QODIROV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi 

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 10-dekabr, 251-son

Izoh qoldirish