364

BOSH QOMUSIMIZ VA XOTIN-QIZLAR HUQUQLARI jamiyat ayollar faolligidan manfaat koʻrishi kerak

Mamlakatimizdagi tub islohotlar jarayoni jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarini qamrab oldi. Bu borada, eng avvalo, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, oila instituti mustahkamligini taʼminlashga qaratilgan huquqiy asoslarni takomillashtirish uchun zarur institutsional bazani rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Biz barpo etayotgan Yangi Oʻzbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustundir”, deya taʼkidlar ekan, konstitutsiyaviy islohotlarning birinchi yoʻnalishi sifatida inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasining muhim jihatlariga asosiy eʼtibor qaratdi hamda eng ustuvor omillarni tahlil qilib berdi. 

Davlatimiz rahbari ikkinchi yoʻnalish sifatida Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilini mustahkamlashga qaratilgan omillarning eng muhimi sifatida ayollar huquqlarini himoyalash, mustahkam va sogʻlom oila tamoyiliga alohida urgʻu berib, “...yangi avlodni dunyoga keltirayotgan, farzandlar tarbiyasi bilan shugʻullanayotgan ayollarga azal-azaldan xalqimiz alohida  eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatib keladi”, deya taʼkidladi. 

Darhaqiqat, bugun Oʻzbekiston oʻz milliy qiyofasida, yaʼni ijtimoiy hayotning barcha sohalarida xalqimizning milliy mentalitetiga xos ijobiy anʼanalar va qadriyatlarni saqlab qolgan holda maydonga chiqmoqda. Bu davr jamiyatimizda ayollarni ulugʻlash, davlat tomonidan ularning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va maʼnaviy manfaatlarini himoya qilishning dalili sifatida tarixda yorqin iz qoldiradi. 

BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Prezidentimiz alohida taʼkidlab oʻtganidek, “Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarimiz natijasida Yangi Oʻzbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik oʻzgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi. 

Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʻrni tobora kuchaymoqda. Yangi parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga koʻpaydi”

Demokratik fuqarolik jamiyati qurish jarayonida jamiyatimizda yangicha siyosiy dunyoqarash, siyosiy madaniyat shakllanmoqda. Mazkur demokratik siyosiy madaniyatning taraqqiyot jarayonida xotin-qizlar manfaatlari yangi miqyosda va mazmunda namoyon etilishi, jamiyat ongida mustahkam joy olishi va har qanday sharoitda oʻzligini yoʻqotmasligi lozim. 

Jamiyatni demokratlashtirish davrida xotin-qizlarga munosabat ularning intellektual salohiyati va imkoniyatlaridan bunyod etilayotgan davlatchilik asoslarining liberalligi va ilgʻorligidan dalolat beradi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonidagi davlatchiligimiz uchun muhim masalalardan biri xotin-qizlar bunyodkorlik jarayonlariga qanchalik jalb etilishi, ularning bugungi kun jamiyatida qanchalik oʻzini kerakli idrok etishi masalasidir. 

Huquqiy davlatda inson butun ijtimoiy mexanizm markazini tashkil etib, bu uning manfaatlariga xizmat qiladi. Zero, inson manfaatlari taʼminlangan, huquq va erkinliklari himoyalangan mamlakatnigina huquqiy davlat, deyish mumkin. Shu oʻrinda ayollar masalasi tahlil etilganda, bir muhim jihatga alohida urgʻu berish kerak. Yaʼni ayol huquqlari faqatgina huquqiy holat boʻlmay, balki siyosat, maʼnaviy-maʼrifiy, diniy eʼtiqod va falsafa, jamiyatdagi turli oʻzgarishlar bilan ham bogʻliqdir. Ayol huquqlari koʻp qirrali boʻlib, turli zamonlarda turlicha namoyon boʻlgan. Lekin uning siyosiy manfaatlar bilan bogʻliq xususiyati hamisha saqlanib, turli shaklda oʻrganilgan. 

Bugun mamlakatimizda ayolga, oilaga hurmat davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, qonunchilik normalarining asosiy qoidalari sifatida eʼtirof etilmoqda. Ushbu normalarda ayolning jamiyatda va oilada tutgan oʻrni, huquq va majburiyatlari sharqona turmush tarzi, oilaning maʼnaviy, axloqiy, iqtisodiy va huquqiy normalarini inobatga olgan holda belgilab berilgan. Oʻzbekistonda sogʻlom avlodni tarbiyalash, oilani mustahkamlash, ayollarni eʼzozlash, onalik va bolalikni muhofaza etishdek insoniy burchlarni ado etish borasida bir qator amaliy dasturlar ishlab chiqilmoqda va hayotga tatbiq etilmoqda.

Zamonning ayolga munosabati mavzusini Oʻzbekiston tajribasida tahlil qiladigan boʻlsak, soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda aniq, rejalashtirilgan davlat siyosati yuritilayotgani natijasida salmoqli oʻzgarishlar yuz berayotganining shohidi boʻlmoqdamiz. Masalan, Prezidentimizning farmon va qarorlari, koʻplab normativ hujjatlar orqali mamlakatimizda ayollar masalaci bilan bogʻliq ijobiy islohotlar yangi bosqichda takomillashtirilib borilmoqda. 

Hozirgi kunda ayollar sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimida, davlat boshqaruvining turli yoʻnalishlarida, tadbirkorlik faoliyatida faollik koʻrsatmoqda. Ayni damda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning 42,1 foizini ayollar tashkil etib, saylovlar natijalariga koʻra, 48 nafar ayol deputat etib saylandi (32 foiz). Oliy Majlis Senati aʼzolarining 20 foizdan koʻprogʻi, mahalliy kengashlar deputatlarining 31 foizi ayollar ekani fikrimiz isbotidir. Soʻnggi yillarda ayollarning taʼlimi, mutaxassislik va ilmiy salohiyatini oʻstirish uchun barcha lozim choralar kafolatlangani Oʻzbekistonda ayollar faolligini oshirishdagi saʼy-harakatlar samarasidir. 

Butun jamiyat ayollar faolligidan manfaat olmogʻi lozim. Ana shu faollik va idroklilik barcha sohalarda aks etishi, yaʼni ayollarimiz ongli tarzda mamlakatdagi islohotlarga daxldorlik munosabatida boʻlishiga erishish dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Chunki ayol farzand tarbiyalash, demokratik va tolerant tafakkur, taraqqiyot va rivojlanishga kamarbastalik kabi jamiyat uchun oʻta muhim masalalarni ijobiy hal etib bera olish qudratiga ega. Prezidentimiz 2017-yilda Xalqaro xotin-qizlar bayramidagi nutqida taʼkidlaganidek, “Oilada, mehnat jamoalarida, umuman, jamiyatimizda eng katta boyligimiz boʻlgan tinchlik va barqarorlik, oʻzaro hurmat, mehroqibat muhitini saqlash va mustahkamlashda yurtimiz xotin-qizlarining donoligi, sabr-qanoat va matonati, shukronalik, oilaga sadoqat kabi ibratli xususiyatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega”

Istiqboldagi oliy vazifalarni uddalay oladigan avlodni tarbiyalash bugungi ayollarning Vatan oldidagi masʼuliyatli va muqaddas vazifasidir. Shu bois, ayollarga keng huquqlar, imkoniyatlar berilishi demokratik va fuqarolik jamiyatini qurish borasidagi maqsadimizga hamohangdir.

Nigora YUSUPOVA,

yuridik fanlar doktori

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 8-dekabr, 250-son

 

Izoh qoldirish