337

Akademiya talabalari uchun “Usmon Nosir” spektakli namoyish etildi

O‘zining betakror iste’dodi, yuksak matonati va xalqparvarligi bilan adabiyotimizda o‘chmas iz qoldirgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir xalqimizning mashhur farzandlaridan biri hisoblanadi. Uning Vatanga muhabbat va sadoqat, kelajakka yuksak ishonch tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan yetuk badiiy asarlarining xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos o‘rni va ahamiyati e’tirof etilib, joriy yilda shoir tavalludining 110 yilligini keng miqyosda nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab shoir ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, taqdimotlar o‘tkazilmoqda. Xususan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ham O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari hamda xodimlari uchun shoirning hayoti va ijodi aks ettirilgan “Usmon Nosir” spektaklining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yuldashev, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, Akademiya Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov ishtirok etib, XX asr oʻzbek sheʼriyatiga chaqmoqdek kirib kelgan va yashindek qisqa ijodiy umr kechirgan, hayoi fojia va tahlikalar ichida o‘tgan ijodkor haqida so‘z yuritishdi.

Shundan so‘ng “Musiqali, dramatik teatr va kino san’ati” kafedrasi katta o‘qituvchisi Dilafruz Tangriyeva rejissyorligida “Dramatik teatr va kino aktyorligi” yo‘nalishi talabalari ishtirok etgan spektakl tomoshabinlarga havola etildi. Mazkur asar o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lib, voqealar ketma-ketligi asosida Usmon Nosirning bolalik, yoshlik davri hamda tergov jarayonidagi obrazlari gavdalantirilgan.

Spektakl Akademiya talabalarida ijobiy taassurot qoldirdi. Yakunda asar mualliflariga minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Dec
06
Yoshlar bilan ishlash
Konstitutsiya – baxtimiz qomusi
14:29
Dec
05

Izoh qoldirish