Farovonlik, tinchlik-totuvlik, huquq va erkinlik kafolati
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning asriy an’analari bilan hamohang ravishda yaratilib, farovon turmush, fuqarolarimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasidir. Mana necha yillardan beri mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bosh qomusimizni “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida haqiqiy xalqchil hujjatga aylantirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Zero, bu Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning ustuvor maqsadi hisoblanadi.
Xabaringiz bor, bundan bir necha oy muqaddam Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgan edi.
Bu borada fuqarolar va keng jamoatchilik vakillari takliflarini yig‘ib, umumlashtirish, ularni Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etish tizimini ishga tushirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mutasaddilar tomonidan “Mening Konstitutsiyam” onlayn platformasi, koll-markaz, pochta, jumladan, elektron pochta hamda telegram maxsus boti orqali taklif va mulohazalar yuborish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.
Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini uch bosqichda amalga oshirib, birinchi bosqichda Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilindi. Qisqa muddatda fuqarolardan 60 mingdan ziyod taklif va g‘oyalar kelib tushdi. Ikkinchi bosqichda esa parlament tomonidan ishlab chiqilgan, takomillashtirilayotgan Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga chiqarilgandan so‘ng 1 avgustga qadar 150 mingdan ortiq taklif kelib tushdi.
Yakuniy bosqichda esa umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan qonun loyihasi Prezidentimiz taklifiga asosan, referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinishi belgilangan.
Alohida ta’kidlash joizki, mazkur jarayonni tahlil qilish, mavjud xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish davlatimiz rahbarining diqqat-e’tiborida bo‘ldi. Jumladan, Prezidentimiz joriy yilning 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazib, eng avvalo, mazkur islohotlar inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilishi ta’kidladi. Bundan tashqari, istiqlolimizning 31 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ham Bosh qomusimizni takomillashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘z navbatida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur qonun loyihasi joriy yilning 25-iyunidan umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. E’tiborlisi, ushbu jarayonlar xalqimizning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Fuqarolarimizdan kelib tushgan taklif-mulohazalar, istaklardan kelib chiqib, konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati ikki marotaba uzaytirilganini qayd etish joiz. Bu esa aholida siyosiy ong va madaniyat, huquqiy savodxonlik, mamlakatning ertangi kuniga bo‘lgan daxldorlik tuyg‘usi yanada ortganidan dalolat beradi. Natijada Konstitutsiyamizning muqaddimasidan tortib, 76 ta moddasiga tuzatishlar, 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bob kiritish nazarda tutilgan konstitutsiyaviy qonun loyihasi shakllantirildi.
Xulosa qilib aytganda, Bosh qomusimiz millatning yuzi, xalqning erkini ifodasidir. Uni takomilga yetkazishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Prezidentimiz aytganidek, “Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim”.
Manba: O‘zA
Izoh qoldirish