Akademiya vakillarining IRCICA tashkilotiga safari samarali o‘tmoqda
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasining bir guruh o‘qituvchilari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib turibdi. Akademiya vakillari mazkur xizmat safari davomida IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazida malaka oshirishmoqda.
Bugun esa Markaz Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda kafedra mudiri, tarix fanlari doktori, dotsent Ne’matullo Muxamedov, kafedra dotsenti, tarix fanlari nomzodi Ne’matullo Nasrullayev hamda katta o‘qituvchi, PhD Ziyodulla Zinatullayev, IRCICA Bosh direktori maslahatchisi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Mo‘minov ishtirok etdi. Uchrashuv davomida Akademiya rahbariyati nomidan esdalik sovg‘alari va kitoblar topshirildi.
Shundan so‘ng IRCICA tashkilotida “Islomshunoslik sohasida tadqiqotlar olib borishda Sharq qo‘lyozmalarining ahamiyati” mavzusida trening mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Unda quyidagi mavzular bo‘yicha trening mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Seminarda “IRCICA kutubxonasi: kitob fondlari, arxivlar va dasturlar”, “Islom tarixi, san’ati va madaniyati bo‘yicha yangi nashrlar”, “Termiziyning “Shamoil an-Nabiy” qo‘lyozmalari”, “Ibn Sino asarlarini kataloglashtirish haqida” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.
IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish Kutubxona va arxiv direktori o‘rinbosari Nesuxan Sandal Akademiya vakillarini IRCICA kutubxonasi, kitob fondlari, arxivlar va dasturlar bilan tanishtirdi. Kitoblar saqlanishi, har bir kitobga maxsus chip qo‘yilgani, ularning xavfsizligini ta’minlash kabi masalalar haqida axborot berdi. Shuningdek, IRCICAning yangi nashrlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Shu bilan birga Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan “O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti” mavzusida Turkiyadagi IRCICA markazida Akademiya vakillari ma’ruza qildi.
“O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti” mavzusida kafedra mudiri Ne’matullo Muxamedov “Shosh (Toshkent) – musulmon renessansi ilmiy-madaniy markazlaridan biri”, Ne’matullo Nasrullayev “Ubaydulloh ibn Mas’ud – Tojush-sharianing ilmiy-ma’naviy merosi” hamda Ziyodulla Zinatullayev “Islom davri boshqaruv tizimining Markaziy Osiyodagi Birinchi renessansga ta’siri” kabi ma’ruzalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Treninglar yakunida IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich tomonidan Akademiya vakillari sertifikat topshirildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish