“Sahihi Buxoriy”ning o‘zbek tilidagi sharhi nashrdan chiqdi
TAQDIMOT
Davlatimiz rahbari 2017-yil 19-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida: “Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman. Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o‘z ahamiyatiga ko‘ra, islom dinida Qur’oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan”, degan edi.
Muhaddislar sultoni, buyuk vatandoshimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy rahmatullohi alayhning “Sahihi Buxoriy” nomi bilan shuhrat qozongan “al-Jome’ as sahih” (“Ishonchli to‘plam”) kitobi musulmonlarning ko‘pchiligi, ahli sunna val-jamoa ulamolarining ittifoqi bilan Qur’ondan keyingi eng sahih kitob sifatida e’tirof etilgan.
Mamlakatimizda ushbu asar o‘zbek tiliga bir necha bor tarjima qilingan. Biroq ularda hadislarning sharh va izohlari yo‘q hisobi, faqat ayrim o‘rinlardagina juda kam va qisqa izohlar mavjud. Shu ma’noda, “Sahihi Buxoriy” matnlarining quruq tarjimalarini tushuna olmagan omma, xususan, yosh avlod o‘rtasida har xil bahs-munozara va tortishuvlar yuzaga kelayotgani tabiiy.
Asarni tushunarli, sodda tilda taqdim etish hamda dunyo ulamolari bilan hamnafas bo‘lish, mazkur manbaning asl haqiqatlari, maxfiy sirlari va yashirin durlarini namoyon etish hamda musulmon ummati va yoshlarni sof islomiy aqida, pokiza mazhab va toza odob-axloqli bo‘lishga targ‘ibot va tashviqot qilish maqsadida asarning ko‘p jildli sharhi yaratildi. Asarni to‘liq va mufassal izohlashga alohida e’tibor berilib, ayrim hadislar sharhi hatto yuz sahifagacha yetdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Sahihi Buxoriy” asarining o‘zbek tilidagi sharhi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. So‘zga chiqqanlar Imom Buxoriy merosini o‘rganish zarurati, alloma asarlarining bugungi kundagi ilmiy ahamiyati, ularni tadqiq etishning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalar haqida batafsil to‘xtaldilar.
– Bugungi taqdimotning amaliy-ilmiy ahamiyati juda ham yuksak, – dedi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. – Kitob xalqimizga muborak, yoshlarimizga ibrat bo‘lsin! Bugun biz Imom Buxoriydek aziz ajdodlarimiz asarlarini izohlab, butun dunyoga tanitishga haqlimiz. Buyuk ajdodimizning sahih kitobi ilk bora o‘zbek tilida, mukammal shaklda taqdim etilmoqda. Kitobning sharhi tahsinga sazovor. Bu borada ulamo, olim, mutaxassis, tilshunos, dinshunos allomalar ga mashaqqatli mehnatlari uchun cheksiz minnatdorlik bildiramiz.
“Sahihi Buxoriy”da ayrim so‘z va iboralarning arab tilidagi grammatik qoidalari tahlili ham berilgan, bu madrasa toliblariga qoidalarni to‘liq tushunib olish va eski sharhlarni o‘qib, anglashda qo‘l keladi. O‘ylaymizki, kitob nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo xalqlari uchun qimmatbaho ma’naviy meros sifatida qadr topadi.
Munojat MO‘MINOVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 29-noyabr, 243-son
Izoh qoldirish