Akademiyada “Sahihi Buxoriy” asarining taqdimoti o‘tkazildi
Buyuk mutafakkir va allomalarimizning islom madaniyatini ravnaq toptirishga qo‘shgan beqiyos hissasi to‘g‘risida so‘z yuritganda, eng avvalo, musulmon olamida “muhaddislar sultoni” deya ulkan shuhrat qozongan Imom Buxoriy bobomizning muborak nomlari hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi.
Bu mo‘tabar zot merosining gultoji bo‘lmish eng ishonchli hadislar to‘plami – “Al-Jome’ as-Sahih” kitobi islom dinida Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba bo‘lib, islom e’tiqodiga ko‘ra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulug‘i hisoblanadi.
Quvonarlisi, so‘nggi yillarda yurtimizda yashab ijod etgan buyuk alloma va mutafakkirlarning bebaho ilmiy-ma’naviy merosini tadqiq qilish, ular qoldirgan asarlarni ilmiy-izohli tarjima qilib, xalqimizga yetkazish dolzarb masalalarga aylanmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Imom Buxoriy qalamiga mansub “Sahihi Buxoriy” asarining o‘zbek tilidagi sharhi kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda “Hilol-nashr” matbaa nashriyoti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, IRCICA Bosh direktori maslahatchisi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Mo‘minov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, taniqli olimlar, diniy-ma’rifiy soha vakillari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari xodimlari ishtirok etishdi.
Taqdimotni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida O‘zbekiston – dunyo tamadduni va islom dini rivojiga ulkan hissa qoʼshgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar yurti sifatida shuhrat qozongani ta’kidladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ajdodlarimiz merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash yuzasidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilayotganini alohida e’tirof etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar buyuk allomaning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, tadqiq etish, keng afkor ommaga, xususan, yoshlarga yetkazish muhim ekanini ta’kidlashdi.
Darhaqiqat, manbalarga ko‘ra, Imom Buxoriy “Sahih al-Buxoriy” asarini jamlash, muqaddas islom dinining asl mohiyatini targ‘ib etish uchun o‘zining butun umrini baxshida etadi.
Tadbir nihoyasida qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish