232

Akademiyada turizmning rivojlanishiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Pandemiyadan keyingi sharoitda turizmning rivojlanishi: muammolar va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

“Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan konferensiyani Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Mirilyos Mirziyotov kirish so‘zi bilan ochib berib, turizm rivojlanishining xalq farovonligini oshirishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi. 

Anjumanda Akademiya prorektorlari, dekanlar, kafedra a’zolari hamda talabalar ishtirok etdi. Shuningdek, konferensiyada Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Urganch davlat universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidan soha mutaxassislari ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmni” kafedrasi professor-o‘qituvchilari – Nurislom Tuxliyev, Olim Astanakulov, Abduvali Isadjanov, Bobur Valiyev, O‘ktam Jiyanov mavzu yuzasida ma’ruza qildi.

Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida pandemiya oqibatlari va ularni bartaraf etishning ayrim yo‘nalishlari, pandemiyadan keyingi qayta tiklanish davrida O‘zbekiston ichki turizmini rivojlantirishning strategik rejasini shakllantirish, ziyorat turizmini rivojlantirishda Xorazm turizm salohiyatidan foydalanish imkoniyatlari, pandemiya sharoitida autsorsing turizm industriyasi rivojlanish istiqbollari masalalari yoritib berildi. Xalqaro turizm rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari, O‘zbekistonda koronavirusning turizmga ta’siri va pandemiyadan keyingi davrda muqobil turizmni rivojlantirish imkoniyatlari, xalqaro mehmonxonalar tizimining turizmning rivojlanishidagi ahamiyatiga oid axborotlar ham taqdim etildi. 

Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy va amaliy aloqalarni kuchaytirish borasida fikrlar almashilib, qizg‘in va munozaralarga boy bo‘lgan davra suhbati barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

 

  

Izoh qoldirish