“YURT BAYROG‘IN KO‘NGLINGGA EK ILDIZ OTSIN, KO‘RSATSIN BO‘Y”
18-NOYABR – O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BAYROGʻI QABUL QILINGAN KUN!
Azim poytaxtning qiyofasi kundan-kun yangilanib borar ekan, 5-6 yil avval fayzi yo‘qolib, e’tibordan chetda qolgan “Xalqlar do‘stligi” maydoni, u yerdagi muhtasham san’at saroyi yana o‘z fayziga ega bo‘lgani dilni yayratadi, ko‘zni quvontiradi. Davlatimizning maydonga o‘rnatilgan purviqor bayrog‘i esa uning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi.
Har safar maydon uzra bayroq tomon borar ekanman, negadir shamol esishini istayman. Chunki shamol esgan chog‘ Toshkentdagi eng katta bayroqning hilpirashi kishiga o‘zgacha zavq beradi, uning butun bo‘y-bastini namoyon etadi. Hajmi 10x20 metr bo‘lgan bayroqni balandligi 65 metrlik zabardast ustun bemalol tutib turadi.
Poytaxtimizning Mirobod tumanida ham 57 metrlik, Bektemir tumanida 35 metrlik katta bayroqlar o‘rnatilgan. Farg‘ona, Andijon, Navoiy viloyatlari, Guliston shahrida 60 metrdan baland bo‘lgan bayroqlarimiz go‘yoki osmon bilan bo‘ylashib turibdi. Buxoro, Samarqand, Namangan, Jizzax, viloyatlari, Urganch shahrida ham shunday balandlikda mag‘rur hilpirayotgan bayrog‘imizni ko‘rib, dunyo davlatlari bayroqlari orasida eng chiroylisi, degingiz keladi.
— Bayrog‘imiz baribir boshqacha. Nokamtarlik bo‘lsa ham aytaman, uni yaratish jarayonida juda ko‘p qadimgi adabiyotlarni o‘rgandim, — deydi bayrog‘imiz mualliflaridan biri, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Anvar Mamajonov. — Bayroqdagi har bitta detalning nima maqsadda tanlanganini izohlab berishim kerak edi. Menda har bir rangning ma’nosi yozilgan daftar bor edi. O‘sha yozuvlarim bir necha nusxada ko‘paytirilib, deputatlarga tarqatilgan. Boshqa davlatlar bayroqlarini ham obdan o‘rganganman. Har bitta rang ustida uzoq ishlashga to‘g‘ri kelgan. Bayroq namunasi bir yarim yil deganda tayyor bo‘lgan. Ko‘plab eskizlar orasidan saralanib, oxirida muhokamalar uchun Bahodir Jalolovning 1 ta va mening 2 ta namunam qoldi. Eskizlarimning birida yulduzlar soni 1 ta edi. Muhokamalarda yulduzlar sonini 12 taga ko‘paytirish fikri bildirilib, men taklif qilgan ranglar bilan yangilangan eskiz nusxasi Oliy Kengashda tasdiqlandi.
Aslida, har bir xalqning bayrog‘i o‘ziga eng chiroyli, yagona tug‘ bo‘lib ko‘rinadi. Ammo tan olish kerakki, o‘ta yorqin bo‘lgan 2,5 santimetrlik qizil rang bayrog‘imizda g‘oyat nafis tarzda namoyon bo‘ladi. Undagi oq, yashil va ko‘k ranglar 40 santimetrni tashkil qiladi.
Sharafli ishning mas’uliyati ham kata
Bayroq qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda ko‘p qatnashganmiz. Ammo o‘tgan yili “Xalqlar do‘stligi” maydoni bo‘ylab dengizdek mavjlangan, bayrog‘imizni aks ettirgan matoni salkam 200 kishi ko‘targanini to‘lqinlanib yozgandik. Bu yil esa o‘sha bayroqni tikkan insonlar bilan hamsuhbat bo‘lishga muvaffaq bo‘ldik.
— Siz ko‘rgan bayroqning hajmi chindan ham katta, 18x180 metr edi. Bir haftada tikkanmiz. 1400 metr mato sarflangan, — deydi “Shorahmat-fayz” oilaviy korxonasi rahbari Mahbuba Qodirova.
Dastlab qaynonasi Maxpura Qodirova rahbarligidagi “A’lo omad rivoj” firmasida menejer, keyinroq hisobchi bo‘lib ishlagan Mahbuba opa bayroqlar haqida ko‘p o‘qib-o‘rgandi. Internetdan ham anchagina ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Dizaynerlik kurslariga borib, “Photoshop”, “CorelDRAW” dasturlarida bemalol ishlaydigan bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘i bilan alohida korxona ochdi. Ayni paytda mazkur korxonada 25 nafar ishchi ichki buyurtmalardan tashqari, Tojikiston, Qozog‘iston, BAA davlatlari va ko‘plab elchixonalarga bayroqlar tayyorlab beryapti. Shuningdek, ular tikkan bayroqlar Prezident Administrasiyasi, Tashqi ishlar vazirligi binolari peshtoqi, Do‘rmon qarorgohlarida ham hilpirab turibdi.
— Davlat ramzlarining qonun bilan tasdiqlangan o‘z standartlari bor, — deydi Mahbuba opa. — Oy, yulduzlar, qizil hoshiya va ranglarning necha santimetr bo‘lishi kerakligi hujjat bilan belgilab qo‘yilgan. O‘sha o‘lchamlar bo‘yicha tikilgan bayroq namunasini O‘zstandart agentligiga topshirganmiz. Namunamiz qonun doirasida ko‘rib chiqilib, sertifikat berilgan. O‘sha standartdan chiqmagan holda ishlaymiz. Faoliyatimizda yangilik qilish uchun turmush o‘rtog‘im bilan ko‘p izlanamiz. Avval bayroqdagi har bir bo‘lak bir-biriga qo‘lda tikilib ulanar edi. Chet ellarga borib, ko‘rgazmalarda qatnashganimizda, xususan, Turkiyada, Xitoyda bayroq tikish texnologiyasini o‘rgandik. Ranglarni sifatli bosadigan eng yaxshi mashinalarni tanlab, shartnomalar tuzdik. 2013 va 2017 yillarda Xitoydan yangi apparatlar olib keldik. Yangi bosma uskunalar juda sifatli. Ularda bosilgan ranglar o‘chib ketmaydi. Bayroq uchun to‘qimachilikda qo‘llanadigan bo‘yoqlarni ham chetdan olib kelamiz. Matolarni, asosan, Xitoy va Turkiyadan sotib olamiz. Xorijiy hamkorlarimiz bilan aloqamiz juda yaxshi, onlayn tarzda buyurtma bersak ham, mahsulotni yetkazib berishadi. Faqat pandemiya paytida bo‘yoqlarni olib kelish imkoni bo‘lmay qoldi. Mudofaa vazirligi ko‘magida kerakli mahsulotlar harbiy samolyotda olib kelindi. Mahsulotni o‘zimiz olib kelganimiz bayroqlar sifatining yaxshi, xizmat narxining arzon bo‘lishini ta’minlaydi. Mijozlar aynan shunday mahsulotni qidiradi.
Maxpura Qodirova kelini va o‘g‘lining o‘zidan-da o‘zib, innovasion usullarni qo‘llayotganidan xursand. Zero, ularning faoliyatida tezkorlik muhim ahamiyatga ega. Gʻoyat mas’uliyatli bu ish korxona rahbaridan chet tillarini ham yaxshi bilishni taqozo etadi. Shuning uchun Mahbuba Qodirova rus, ingliz, turk tillarida gaplasha oladi. Tashqi ishlar vazirligi tashkil etadigan tadbirlarda bu ayniqsa qo‘l keladi. Shuningdek, elchixonalar buyurtmalarini tayyorlashda ham hamkorlar bilan davomli muloqot qilish kerak. Bularning barchasi allaqachon e’tiborga olinib, qahramonimiz ko‘plab tanlovlarda e’tirofga sazovor bo‘lgan.
Yuqorida aytganimizdek, bayroq tikish g‘oyat mas’uliyatli ish. Bu borada xatoga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Prezident ishtirok etadigan davlat tadbirlarida 1,2 metrga 2,4 metr hajmdagi bayroqlar o‘rnatilsa, mehmonxonalar oldiga 1 metrga 1,5 metr o‘lchamdagi bayroqlar ilinadi. Tashqi ishlar vazirligi, Prezident Administrasiyasi binolaridagi bayroqlar bir yilda 2-3 marta yangilanadi. Xonalarga o‘rnatiladigan bayroqlar hajmi xonaning o‘lchami va flagshtoklarga qarab, oy, yulduzlar oralig‘ini saqlagan holda qisqartiriladi.
Dunyo bayroqlarini tayyorlashda ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bor. Masalan, Qatar davlatidan mehmonlar keladigan bo‘lsa, Qatar elchixonasi bayroqning standartlari, bayonnomalarini beradi. Tikuvchilar esa turli xil namunalar taqdim etadi. Elchixona tanlab bergan namuna asosida o‘sha davlat bayrog‘ini tikishga kirishiladi.
Mahbuba opa turmush o‘rtog‘i bilan kelgusida lazerli bosma apparatlar olib kelish niyatida. Zero, borish uchun tobora keng imkoniyat ochilayotgan Umra ziyoratiga beyjiklar tayyorlash, sport musobaqalari, festivallarga logotipli bayroqlardan tashqari, maxsus sport kiyimlari uchun ham buyurtmalar berishyapti.
Unutilmas kun
Qahramonimizdan bayroq bilan bog‘liq yodda qolarli biror holat haqida so‘radik.
— Tikkan bayroqlarimizni sportchilar musobaqalarda ko‘tarsa, qaynonam har safar g‘ururlanib, ko‘ziga yosh oladi. Mening ko‘nglimda ham shunday tuyg‘ular kechadi. Yaqinda 8-sinfda o‘qiydigan qizim Turkiyada o‘tgan Osiyo davlatlari o‘rtasidagi fan olimpiadasida qatnashdi. 2000 dan ziyod tengdoshlari orasida farzandim 3-o‘rinni oldi. Gʻoliblar qatorida uning ism-sharifi aytib chaqirilganida, o‘qituvchilari darhol qizimning yelkasiga o‘zimiz tikkan O‘zbekiston bayrog‘ini tashlab qo‘ydi. Ana shunda Vatan bayrog‘idan g‘ururlanish hissini har qachongidan ham kuchliroq sezdim. Ko‘zimda sevinch yoshlari aylandi. Qalbimda kuchli hayajon turdi. Chunki birinchi bor o‘zimizning mehnatimizni o‘zimizning oilamiz vakili namoyish etdi. Bu men uchun hayotimda unutilmas voqea bo‘lib qoldi.
Sportchi bo‘lmasam-da, yurt bayrog‘ini baland ko‘taraman
Ha, davlat bayrog‘ida dillarni Vatanga chambarchas bog‘lab qo‘ya oladigan shundayin katta kuch bor. Sport musobaqalarida g‘oliblar sharafiga bejiz madhiya sadolari ostida bayroq ko‘tarilmaydi. O‘sha kezda bayroq o‘zi bilan butun bir xalqning, mamlakatning ori, g‘ururini yuksakka ko‘taradi.
— Gʻolib sportchilarimiz, ilm-fandagi iqtidorli yoshlarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i ko‘tariladi, davlatimizmadhiyasi yangraydi. Men ham O‘zbekiston bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarishni istayman, ammo sportchi emasman-da... Lekin mening yo‘nalishimda ham ushbu maqsadga erishish uchun imkoniyat bor: IT sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib, xorijiy davlatlarda tashkillashtiriladigan WCG musobaqasida g‘alaba qozonish! Ana shundagina O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tara olishdek maqsadimga erisha olaman, — deydi Xurshidbek Xolmirzayev.
Darvoqe, kelajagini yorqin tasavvurqilayotgan bu yigit PDP universiteti talabasi. Xurshidbek ham ko‘nglida yuksak orzular bilan oldinga intilayotgan ana shunday yoshlarning biri. U ayni paytda davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgan IT sohasining umidli vakili. Bugun Xurshidbek kabi yoshlar o‘zlariga berilayotgan imkoniyatlarga javoban yurt bayrog‘ini baland tutib, Prezidentning ishonchini oqlashga astoydil kirishgan. Binobarin, milliy g‘urur qanchalar qudratli tuyg‘u ekanini ular yaxshi biladi.
Prezidentga tuhfa
Milliy g‘urur davlat ramzlariga muhabbatni shakllantirar ekan, hatto hunarmandlarimiz ham bayroq qabul qilingan sana oldidan biz bilan bog‘lanib, davlatimiz ramzlari tasvirini o‘zlarining qo‘l ishlarida aks ettirayotganini aytdi. Namanganlik, sirdaryolik, xivalik, farg‘onalik hunarmandlarimizni bu borada alohida e’tirof etish joiz.
— 500 dan ziyod shogirdim bor, — deydi namanganlik Gulnora opa Mirzaabdullayeva. — Bayroq, gerb tasviri tushirilgan ishlarimiz sovg‘a uchun tayyorlanadi. Zero, qo‘l mehnati bilan tayyorlangan bunday sovg‘alarning bahosi bo‘lmaydi. Poytaxtdan, chet eldan tashrif buyuradigan mehmonlarga, albatta, shunday sovg‘a beraman. Buning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Rasmlarini hamkorlikdaishlaydigan hattotlarga chizdiramiz. Iplarni chetdan sotib olamiz.
Bir gal Prezidentimizning Namanganga tashrifi oldidan bayroq tasviri tushirilgan gilamcha to‘qishni boshladim. Ishonasizmi, shunaqangi ilhom, zavq bilan to‘qidim. Shaxsan qo‘llariga bera olmasam-da, yetkazdik.
* * *
Bayroqqa muhabbat, sadoqat haqida gapirilganda, o‘zbekning sevimli shoirasi Halima Xudoyberdiyevaning yurt bayrog‘i haqidagi o‘sha mashhur satrlari yodga kelaveradi:
Yurt bayrog‘in har joygamas,
Ko‘nglingga ek. Ko‘ksingni o‘y!
Ishlov bergin, yumshatib tur,
Ildiz otsin, ko‘rsatsin bo‘y.
Darhaqiqat, yurt bayrog‘ini ko‘ngligaekib, ko‘ksini o‘yganlar, uning musaffo
osmonimiz uzra mag‘rur hilpirashidan baxtiyorlar Vatanga har qanday sharoitda ham xiyonat qilmaydi. Aslida, yurti bir, tug‘i bir odamlarning hammasi shu bayroq ostida birlashishi, davlat ramzlariga muhabbati o‘laroq, Vatanga muhabbatini namoyon etishi kerak.
Munojat MO‘MINOVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi
2022-yil 18-noyabr 236-son
Izoh qoldirish