272

Akademiyada BAA Xalqaro madaniy diplomatiya instituti kuzatuv kengashi raisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Birlashgan Arab Amirligi Xalqaro madaniy diplomatiya instituti kuzatuv kengashi raisi, doktor Yusuf al-Sabri boshchiligidagi delegatsiya Akademiyaga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kutib oldi.

Uchrashuvda Akademiya vakillari Yusuf al-Sabrini yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng Zohidjon Islomov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Shu bilan birga, Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtai nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Samimiy muloqot davomida BAA Xalqaro madaniy diplomatiya instituti kuzatuv kengashi raisi, doktor Yusuf al-Sabri O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. Joriy yilning 1-3-noyabr kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro ziyorat turizmi haftaligidan yorqin taassurotlar olgani, O‘zbekiston turizm, xususan, ziyorat turizmi bo‘yicha yetarlicha salohiyatga ega ekanligini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish