287

Mudofaa vazirligi Qo‘mondonlik tarkibi ofitserlari uchun malaka oshirish o‘quvlari yakunlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi Qo‘mondonlik tarkibi ofitserlari uchun “Harbiy xizmatchilarda buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash asoslari” yo‘nalishida malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi. Mazkur o‘quvlarda jami 20 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

Malaka oshirish o‘quvlari uchun 72 soatlik o‘quv reja asosida dars jadvali ishlab chiqildi hamda tasdiqlandi. Tasdiqlangan o‘quv rejaga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida ko‘tarilgan masalalar tahlili”, “O‘zbekistonda davlat va din munosabatlari”, “O‘zbekistonda faoliyati kuzatilayotgan ekstremistik oqimlar va norasmiy diniy jamoalar”, “Harbiy xizmatchilar orasida buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga doir tavsiyalar”, “Harbiy xizmatchilarda yot g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirishda axborot iste’moli madaniyatining o‘rni”, “Islom dini manbalari va ularda insonparvarlik, vatanparavarlik g‘oyalarining aks etishi” hamda “Islom dinida sog‘lom e’tiqod tushunchasi” mavzularida dars mashg‘ulotlari olib borildi.

Mazkur malaka oshirish o‘quvlaridan ko‘zlangan maqsad harbiy xizmatchilarda islom dinining insonparvarlik va tinchlikvarparlik g‘oyalari to‘g‘risida, shuningdek, harbiy xizmatchilar shaxsiy tarkib ofitserlari va fuqarolar bilan ishlash jarayonida turli yot g‘oyalar: ekstremizm, terrorizm, aqidaparastlik, missionerlik g‘oyalariga qarshi kurashda immunitetlarini mustahkamlashdan iborat. 

Tinglovchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarini samali va mazmunli tashkil etish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Dars mashg‘ulotlaridan so‘ng tinglovchilar uchun poytaxtimizdagi “Hazrati imom” majmuasi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Manbalar xazinasida saqlanayotgan “Usmon mus’hafi” va boshqa qadimiy kitoblar bilan yaqindan tanishdi. Akademiya hududida joylashgan “Yunusxon”, “Qaldirg‘ochbiy” va “Shayx Hovandi Tohur” maqbaralarini ziyorat qilib, ularning tarixi va qayta tiklanish jarayonlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

O‘quv kursi yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish