280

O‘zbek tilshunosligining zamonaviy yo‘nalishlari: muammo va yechimlar

Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik orzu-intilishlari, dard-u armonlari, zafarlari bilan uzviy bog‘liq. Tarixga nazar solsak, buyuk ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytgan. Bebaho nodir ma’naviy meros qoldirgan.

Darhaqiqat, har qanday xalqning tarixi, o‘ziga xos tabiati, qadriyatlari, avvalo, o‘sha xalqning ona tilida aks etadi. O‘z tilini asrab-avaylagan, uni zamonlar osha rivojlantira olgan millatgina o‘zligini, milliy qiyofasini saqlab qoladi. Ahamiyatlisi, joriy yilda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33 yil to‘ldi. Mazkur sana “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida keng nishonlandi va nishonlanayotir. Ona tilimiz rivoji, uning kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish faqat ma’lum muddatda emas, balki bu jarayon muntazam tarzda davom etishi maqsadga muvofiqdir. 

Shu bois, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “O‘zbek tilshunosligining zamonaviy yo‘nalishlari: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. 

Akademiya rektori o‘z nutqida so‘nggi yillarda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, yurtimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shu maqsadda tashkil etilgan konferensiya ishiga muvaffaqiyat, tilimiz jonkuyarlarining sharafli mehnatiga omad tiladi.

Tadbirda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Yoshlar masalalari ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, AQSH Metropoliten muzeyi stipendiati (Nyu-York), filologiya fanlari doktori, professor Aftondil Erkinov, Bandirma Onyedi Eylul universiteti dotsenti Baxtiyor Aslan, Seljuq (Turkiya) universiteti Adabiyot fakulteti “Fors tili va adabiyoti” bo‘limi boshlig‘i, filologiya fanlari doktori, professor Ali Temizel, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi professor, filologiya fanlari doktori Munavvara Qurbonova, O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Zohida Muqimova, Akademiya professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari, doktorant va talabalar ishtirok etdi.

Anjuman onlayn va offlayn formatda o‘tkazilib, unda “O‘zbek tili tarixi bo‘yicha nodir manba”, “Xorijiy o‘zbek tilidagi merosimiz”, “Zamonaviy turk adabiyotining yetakchi tendensiyalari”, “O‘zbek nutq sintezatori va uning funksional imkoniyatlari”, “Madaniyat kodi – madaniyatni tushunish kaliti”, “O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va birligimiz ramzi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. 

Tadbir davomida so‘zga chiqqan soha mutaxassislari tomonidan o‘zbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib o‘tilgan qiyinchiliklardan tortib hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda davlat tilini yangi pog‘onaga olib chiqish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlar alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarurligi hamda har birimizdan tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etishi ta’kidlandi.

Konferensiya yakunida so‘z yuritilgan mavzular bo‘yicha ishtirokchilar o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi. Bu kabi ilmiy anjumanlarni muntazam o‘tkazib turish kerakligi qayd etildi. 

Muxtasar aytganda, tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishi zarur.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish