428

Til – millat g‘ururi

21-OKTABR – O‘ZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGAN KUN

Men har safar til haqida so‘z bitayotganimda, onam, otam, Vatan va yana bolaligim, o‘zim, g‘ururim haqida yozayotganday bo‘laman. Xo‘sh, milliy til nima o‘zi? Jahon sahnida millatning yashamog‘i unga qay darajada bog‘liq?

Biz milliy o‘zlik, milliy qadriyatlar va ularni asrab-avaylash to‘g‘risida kuyinib gapiramiz. Aslida ularni ajdodlardan-avlodlarga olib o‘tguvchi ham, ularning borligini ayon qilguvchi ham, moziyni kelajak sari yetaklaguvchi ham til emasmi?

Aytishlaricha, dunyoda 9000 taga yaqin til bo‘lgan. Bugungi manbalarning ayrimlarida hozir 6000 ta, ba’zilarida 5600 ta atrofida til mavjudligi qayd etilgan. Bu raqamlar turlichaligining boisi – oxirgi paytlar har oyda ikkita til talaffuzdan chiqib ketayotganidir.

Tillar yo‘qolishining o‘ziga xos sabablari bor. Birinchisi – mustamlakachilik, ya’ni bir bosqinchi millat ikkinchisini zabt etgach, uning milliy yozuvi va atamalarini, milliy an’analarini yo‘q qilish usullari bilan qo‘l ostidagi mamlakatga o‘z tilini singdirishi. Ikkinchisi – ekologik migratsiya tufayli bir xalqning boshqa hududga ko‘chib o‘tib, asta-sekin o‘sha yerda yashovchi mahalliy aholi tilida so‘zlashishga o‘tishi oqibatida o‘z tilini unutishi. Uchinchisi – ma’lum bir tilda so‘zlashuvchi xalqning zavol topib, qirilib ketishi.

O‘z yozuvi bo‘lmagan xalqlarning ham tili yo‘qolishi mumkin. Masalan, mutaxassislar bugun turli tilda so‘zlashadigan Afrika xalqlarining 80 foizi o‘z yozuviga ega emasligini ta’kidlashadi. Bundan tashqari, til saqlanib qolishi uchun kamida bir million kishi o‘sha tilda so‘zlashishi kerak. Hozir esa, 6000 ta tildan faqat 250 tasi shunaqa til hisoblanadi. Ular orasida o‘zbek tili ham bor! U davlat tili maqomini olgan 200 ta til sirasiga kiradi! 

Rossiyalik lingvist olima M.Kozlyanina tilimizni o‘rgana turib, uning juda nafis, musiqa ohangidek jozibali ekanini aytibdi. Bu gapdan xursand bo‘lasiz, albatta! Bordi-yu, tilimiz qo‘pol bo‘lganida-chi, uni sevmay qo‘yarmidik? Tilimiz jozibalimi-qo‘polmi, boymi-qashshoqmi, bundan qat’i nazar, biz shu tilda alla eshitganmiz, shu tilda ilk so‘zimizni aytganmiz. U o‘z nomi bilan ONA TILImiz! 

Endi til boyligi xususida. Abdulla Qodiriy “O‘zbek tili kambag‘al til emas, uni kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini tilimizga to‘nkamasinlar”, degan edi. Darhaqiqat, tilimizga davlat tili maqomi berilgach, sakson mingdan ortiq o‘zbekcha so‘zlarning besh jildli izohli lug‘ati tuzildi. Shuningdek, olimlar buyuk yozuvchi va shoirlarning so‘z boyligini sarhisob qildilar. Pirovardida, Pushkin 21 ming 197 ta, Shekspir 20 mingtaga yaqin so‘z qo‘llagani, Alisher Navoiyning so‘z boyligi 26 mingtadan ortiq ekanini aniqladilar. 

Zero, bu tilda har qanday voqeani mukammal bayon etish, har qanday badiiy asarga sayqal berish mumkin. Masalan, rus tilida “uyat” ma’nosini anglatuvchi “стыд” so‘zi bor. To‘g‘ri, bu o‘rinda “pozor” so‘zini ham keltirish mumkin, ammo u ko‘proq “sharmanda” ma’nosini bildiradi. “Uyat” so‘zining o‘zbek tilidagi ma’nodoshlari esa ancha ko‘p: “or”, “nomus”, “hayo”, ‘ibo”, “sharm”, “izza”, “uyalish”, “qimtinish”, “tortinish” va hokazolar. Bir qarashda, ular sinonimlarga o‘xshaydi, biroq har biri uyalmoqning qaysidir darajasini anglatadi. Fikrimizni ifodalashda qayerdadir “tortinish” so‘zi mos tushsa, qayerdadir “qimtinish” so‘zi “yeydi”. Ko‘rdingizmi, mana shu yerda ham “mos tushadi” so‘zi o‘rnida “yeydi” so‘zi “yedi”. Men bu bilan boshqa tillarni kamsitmoqchi emasman, balki o‘zbek tili ona tilim ekanini, uni onamday yaxshi ko‘rishimni eslatmoqchiman. 

Endi yaqindagina ro‘y bergan bir voqeani aytib beray: ingliz tilini bilishini tasdiqlovchi “patta”si bo‘lmagani uchun ko‘plab bilimli yoshlar magistraturaga hujjat topshira olishmadi. Oqibatda ajratilgan 7000 ta o‘rin bo‘sh qolib ketdi. Mantiqan olganda, bu to‘g‘rimi? Hatto, sobiq Ittifoq davrida ham “Rus tilini bilmasang, o‘qishga kirolmaysan”, deyishmagan. O‘qishga kirgandan so‘ng darslar rus tilida o‘qitilishi boshqa masala. Chunki o‘sha vaqtlarda rus tili davlat tili sifatida belgilangandi. 

Bizda-chi? Nega qaysidir sohaning yaxshi mutaxassisi, bilimdoni o‘z ona tilida biyron gapirsa-da, xorijiy tilni bilmagani uchun o‘qishni davom ettira olmasligi kerak?

Men bolalarimizning til o‘rganishiga zinhor-bazinhor qarshi emasman. Mayli, ular o‘nlab tilni o‘rganishsin. Biz bundan faqat quvonamiz. Lekin “Xorijiy tilni bilmasang, o‘z ona yurtingda, o‘z ona tilingda saboq beriladigan oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kira olmaysan”, deyish salla o‘rniga kalla olishga o‘xshamayaptimi? Boshqacha aytganda, mana shuning o‘zi ham ona tilimizga hurmatsizlik emasmi? 

Bundan sal oldin chet elga o‘qishga ketayotgan, millati o‘zbek bo‘lgan yoshlarni suhbatdan o‘tkazdik. Ular rus maktabida o‘qigan, ingliz yoki fransuz tili kurslariga qatnagan. Shu bois, bu tillarni puxta o‘rganishgan. Biroq ming taassufki, milliy tilimizni yaxshi bilishmaydi. Agar “O‘zbek tiliga qachon davlat tili maqomi berilgan?” deb so‘rasangiz, ayrimlari “O‘zbekcha gapirishga qiynalaman, maylimi, ruschada yoki inglizchada javob bersam”, deyishadi va bundan zarracha uyalishmaydi. Oralarida o‘zbekcha so‘zlarni inglizcha talaffuz qiladiganlari ham topiladi.

Aslida ona tiliga nisbatan e’tiborsizlik va hurmatsizlik milliy g‘urur  yetishmasligining belgisidir. Milliy g‘ururi so‘niq millatning kelajagi bo‘lmaydi. Modomiki, shunday ekan, bizni bugungi yorug‘ kunlargacha yetaklab kelgan, o‘tmishimizni, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, an’analarimiz, ajdodlarimiz meroslarini asrlar silsilasidan olib o‘tgan, onamiz ovozida qulog‘imizga allalar quygan Ona tilimizni qadrlash har birimizning sharafli burchimizdir.

Shahlo AHROROVA,

falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD) 

Manba: “Ishonch” gazetasi 128-son

Izoh qoldirish