312

SO‘ZLAR QISMATIDA YASHIRINGAN INSONIYAT SIRI yoxud ona tilimiz himoyasiga hamisha shay turaylik!

21-OKTABR – O‘ZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGAN KUN

“Xoliqi olam odamzodga idrok va So‘z aytish ne’matini berib, uni barcha xilqatlaridan ustun yaratdi, jonli va jonsiz olamga hokim qildi. Olamni idrok qilgan inson So‘zni idrok qiladi. So‘zni idrok qilib, olamni yanada teranroq idrok qiladi. So‘zning ildiziga yetgan kishi dunyoning tagiga yetgandek bahra topadi. Insoniyat tarixi so‘zlar qismatida yashirinib yotar ekan”, – deydi O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov “So‘z latofati” nomli kitobida.

Chindan ham til, millat, insoniyat tushunchalari bu olamda bizning qismatimizni baholaguvchi asosiy mezonlardir. Shu bois, ayni mavzuda suhbatlashganimizda beixtiyor munozaraga kirishamiz, hayajonga tushamiz, izlab yurgan haqiqatlarimizni anglay boshlaymiz. Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning mashhur romanidagi Nayman onaning ro‘moli qushga aylanib, faryod solgani kabi o‘z­o‘zimizga savol bera boshlaymiz: “Sen kimsan? Ona tilingni yaxshi bilasanmi? Elu yurting nomusi uchun kurasha olasanmi? Otang kim? Onang kim?” Axir bu savollar hayotimizning har bir daqiqasida bizni bezovta qilishi, hushyorlikka chorlashi, katta maqsadlar sari undashi kerak emasmi?!

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin MAHMUDOV bilan muloqotimiz ham millatimiz sha’ni, ornomusi bo‘lgan ona tilimiz himoyasi va uning rivoji haqida bo‘ldi.

– Keyingi paytlarda tilimiz siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda juda faol qo‘llanilyapti. Xalqaro minbarlarda baralla yangrayapti. Xorijiy davlatlarda tilimizga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga oshib bormoqda. Bu kabi voqeliklar, albatta, bizga faxr bag‘ishlaydi...

– Bugun yurtimizdagi har bir sohada ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, o‘zbek tilini rivojlantirish, o‘rganish va targ‘ib qilish borasida yangi bosqich boshlandi, desak adashmagan bo‘lamiz. Shu o‘rinda bir mulohazani aytib o‘tmoqchi edim. 1989-yilda qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunda o‘zbek tiliga emas, ona tiliga davlat tili maqomini berish to‘g‘risidagi bandlar belgilangan. O‘sha paytdagi siyosat tufayli “o‘zbek tili” degan so‘zni ishlatishdan cho‘chishgan. Va nihoyat 2019-yil 21-oktabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-­tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Mazkur farmonga ko‘ra, O‘zbek tili bayrami kuni belgilandi. Xalqimiz buni katta xursandchilik bilan qabul qildi. 

Farmonning yana bir tarixiy ahamiyati shundaki, unda Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida alohida departament tashkil qilish to‘g‘risida band bor. Yurtimizda qaror topgan benihoya oqil va odil til siyosati tufayli ko‘p millatli xalqimizning birligi, hamjihatligi yanada mustahkamlanmoqda. O‘zbek tili bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamiz qatorida davlatimizning muqaddas hamda muhtasham ramzlaridan biri sifatida takomil va rivoj o‘zanidan bormoqda. 

Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlamoq joizki, davlatimiz rahbarining doimiy e’tibori bilan, ayniqsa, so‘nggi besh-­olti yil ichida mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish borasida yangi bosqich boshlandi. 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va maxsus dastur qabul qilingan, kelgusidagi ishlar aniq-­tiniq ko‘rsatib berilgan, shu asosda til ilmi tadqiqi, ta’limi va targ‘ibiga daxldor tizimli hamda keng qamrovli ishlar jadal sur’atlarda amalga oshirildi va oshirilmoqda. O‘z­o‘zidan bizda bu sa’y­-harakatlar dunyo hamjamiyatining ham e’tiborini tortganligi bois, o‘zbek tilini o‘rganish va tadqiq etishga qiziqish vaqt o‘tgani sayin oshib bormoqda. Shu o‘rinda vengriyalik navoiyshunos Benedik Peri, ozarbayjonlik tadqiqotchilar Almaz Binnatova va Ramiz Asqar, turkiyalik tadqiqotchi Munevver Turkjan, fransiyalik navoiyshunos Mark Toutan, amerikalik tarjimon Kristofer Fortlarga o‘zbek tilini targ‘ib etish borasida olib borayotgan samarali ishlari uchun o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman.

– Joriy yil 7-iyunda Prezidentimiz tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi va 8-sentabrdan kuchga kirdi. Unda mamlakat hududida tarqatilayotgan reklama, albatta, davlat tilida ham bo‘lishi belgilangan. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham reklama mahsulotlari rasman tarqatilayotganda davlat tiliga ahamiyat berish talab etiladi. Munozaralarga sabab bo‘layotgan ushbu mavzu haqida fikrlaringizni aytib o‘tsangiz. 

– Agar reklama o‘zbek tilida tarqatilmaydigan bo‘lsa, bu davlat tili haqidagi qonun ishlamayapti, degani bo‘ladi. Chunki reklama ommaga qaratilgan axborot. Ommaga qaratilgan axborot esa, albatta, davlat tilida bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, reklama yana ko‘plab mezonlarga binoan tayyorlanishi talab etiladi. Bir paytlar O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo bilan bir tadbirda gaplashib tursak, yaqinroqdagi simyog‘ochga reklama qog‘ozi osib qo‘yilgan ekan. “Manavi reklamani qarang, Nizomiddin, “Dove bu sovun emas”, deb yozib qo‘yishibdi. Sovun bo‘lmasa, nima bu axir?” – degan edi. 

Ba’zi bir holatlarda ruscha yoki inglizcha reklamalarni so‘zma-­so‘z tarjima qilib berishadi. Bunday reklamalarni oila davrasida tinglab yoki o‘qiganingizda juda kulgili va achinarli holatlar yuzaga kelib qoladi. 

Yana bir jihatlari borki, kasalliklarni davolash borasidagi reklamalarni targ‘ib qilishda milliy mentalitetimiz mezonlarini hisobga olishimiz zarurligini ham esdan chiqarmasligimiz kerak. Yaqinda ilmiy xodimlarimizdan biri reklamada qo‘llaniladigan undov ohangidagi so‘zlar borasida qiziqarli tadqiqot ishlarini olib bordi. Ayni mavzu taqdimoti ko‘plab bahs-u munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu jarayon bilan bog‘liq yana ko‘plab mavzular o‘z tadqiqini kutib turibdi.

Qonunda reklama qaysi tilda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zbek tiliga ham o‘girilishi kerak, deya belgilangan. Poytaxtimiz ko‘chalarini kezganimizda bu qonunga ba’zi mutasaddi xodim va tadbirkorlarimiz hali to‘la amal qilmayotganiga guvoh bo‘lamiz. O‘ylaymizki, ona tilimiz sha’ni bilan bog‘liq yangi qonunga yurtdoshlarimiz yanada e’tiborliroq bo‘ladi. 

– Navoiy hazratlarining “Ul kishi so‘z bahrida g‘avvos erur, kim guhari ma’ni anga xos erur”, degan misralari bor. Demak, ilmga, go‘zallikka, mutolaaga oshno inson so‘z aytish bobida qanchalar benazir ekanligini namoyon eta oladi. Bugungi kunda Navoiy merosini o‘rganishga bo‘lgan intilish va qiziqishlarimiz quvonarli holdami?

– Alisher Navoiyning yana shunday misralari bor: “So‘z ayladi insonni judo hayvondin, bilki, guhari sharifroq yo‘q ondin”. Yana hazrat Navoiy aytadiki, “Har ishki qilmish odamizod, tafakkur birla bilmish odamizot”. Ushbu misralarda mutafakkir til va tafakkurning bir­biriga qanday bog‘liqligini juda chiroyli tarzda ifodalab bergan. Umuman, Alisher Navoiy ijodini o‘rganish va tadqiq etish borasida qilinajak ulkan ishlar hali oldinda...

O‘tgan 2021-yilda mutafakkir bobomiz ijodini o‘rganish va tadqiq etish borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Masalan, Alisher Navoiy asarlari 5 jildlik lug‘atining 2 jildi nashr etildi. Uchinchi jildi institutimiz ilmiy xodimlari tomonidan tayyorlanmoqda. Ayni paytda Alisher Navoiy asarlari ensiklopediyasi ham chop etilish arafasida. Navoiy asarlari sharhi va albomini ham yurtdoshlarimizga taqdim etish niyatimiz bor. Biz alloma bobomizni tamomila o‘zimizniki qilib olish uchun tinmay harakat qilishimiz kerak. Chunki bu cheksiz ummonga kirib borganimiz sari tilimiz va tafakkurimiz boyib, yuksalib boraveradi. 

Jumladan, “Muhokamat ul­lug‘atayn” benihoya go‘zal asar bo‘lib, yevropalik olimlar ushbu asarga hamisha katta havas bilan qaraydi. Alisher Navoiy o‘sha paytlardayoq tilshunoslikdagi qiyosiy tahlil jarayonini ko‘rsatib bera olgan. Bu asarda hozirgi tilimiz taraqqiyot tamoyillarini tasavvur qilish borasidagi mulohazalar, qat’iy hukmlar bayon qilingan. Shu bois, unga turkiy badiiyat tarzini yuksaklikka olib chiqqan asar, deya ta’rif bersak bo‘ladi. Xorijiy davlatlardagi olimlarning aksariyati Navoiy asarlari tufayli tilimizga qiziqish bildirmoqda, desak adashmagan bo‘lamiz.

– Keyingi savolim bevosita shu jarayon bilan bog‘liq. O‘tgan yili vengriyalik navoiyshunos Benedik Peri bilan suhbatlashganimizda eski o‘zbek adabiyotining inglizcha lug‘atini o‘zbek tilshunoslari bilan hamkorlikda tayyorlash taklifini bildirgan edi. Ayni hamkorlik borasida qanday ishlar amalga oshirilyapti?

– Benedik Peri Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi tantanalarida yurtimizga kelgan edi. Adiblar xiyobonidagi uchrashuvda Alisher Navoiy g‘azallarini juda chiroyli o‘qidi. Bu taklifini o‘sha kunlardagi muloqotlarimizda ham aytib o‘tgan. Mazkur lug‘atni tayyorlash borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish arafasidamiz. Mutafakkir bobolarimiz asarlari tarjimasi juda katta bilim va tajribani, fasohat bobidagi zukkolikni talab qiladi. Shu bois, mazkur lug‘atni tayyorlaydigan ijodiy guruhni shakllantirishga katta e’tibor qaratiladi.

O‘zbek adabiyotidagi badiiy so‘z sultonlarining asarlarini qanchalar ko‘p targ‘ib eta olsak, ona tilimizga qiziquvchilar safi ham shunchalik kengayib boradi. Hozirgi kunda tilshunos olimlarning e’tirof etishicha, xorijiy davlatlarning 70 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda. Shuningdek, xorijiy mamlakatlarda 70 ga yaqin “O‘zbek tili do‘stlari” klublari tashkil qilingan. Bu o‘zbek tilini o‘rganish, uni targ‘ib qilish va O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan voqealar to‘g‘risida ma’lumotlar olib turish imkoniyatini beradi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2021-yilda “Yurtdoshlar” sayti ishga tushirildi. Mazkur saytga o‘zbek tilidagi film, multfilm va qator dasturlar joylashtirilgan.

O‘zbek tilini targ‘ib etish va himoya qilishdek bu ezgu jaryonda nafaqat mutaxassislar, balki har birimiz jon kuydirishimiz nihoyatda muhimdir. 

– Samimiy mulohazalaringiz uchun tashakkur.

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi. 

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 20-oktabr, 215-son

Maqola ayrim qisqartirishlar bilan olindi.

Izoh qoldirish