Til bor ekan, millat barhayot
21-OKTABR – O‘ZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGAN KUN
Har bir millatning, xalqning o‘tgan kuni, buguni va kelajagini, uning dunyoda mavjudligini birgina omil – ona tili bildirib turadi. Dunyo olimlarining e’tirofiga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzi aholisi besh mingdan ziyod tilda gaplashadi. Til – millatning g‘ururi, iftixori, faxridir. Ayni paytda tilda xalqning orzu-umidlari, maqsad va intilishlari o‘z ifodasini topadi. Til bor ekan, millat barhayot, yurar yo‘limiz nurafshondir. Jonajon o‘zbek tili xususida so‘z ketganda, shubhasiz, uning dunyo tillari orasida o‘ziga xos mavqega ega ekanini e’tirof etish joizdir.
Ma’rifatparvar ajdodimiz Abdurauf Fitrat “Tilimiz” nomli maqolasida “Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha. Shoirlik qilmoqchi emasman, so‘zning to‘g‘risi shudir. Dunyoning eng boy tili turkchadir, eng baxtsiz tili yana shu turkchadir” deb yozgan edi. Bu tilni “boy” deb sifatlashda uning asrlar bo‘yi sayqallanib kelayotgani, o‘zida ma’no-mazmun ko‘lami bilan bir qatorda xalq orzu-umidi, dunyoqarashi, qadriyatlarini namoyon etishiga ishora qilgan. Mutafakkirning “baxtsiz” deya kuyinishida tilga bo‘lgan salbiy munosabat, e’tiborsizlikdan yozg‘irish mujassamdir. Bugun ma’rifatparvar ajdodlarimiz orzu qilgan dorilomon kunlar keldi – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.
Qarluq qavmlarining lahjalari turli davrda o‘g‘uz, uyg‘ur, qipchoq kabi turkiy, shuningdek, eroniy, arab, mo‘g‘o‘l tili lahjalarini o‘ziga singdirib kelgan. Turkiy til grammatik asoslarini ishlab chiqqan, qiyosiy tilshunoslik asoschisi Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida qoraxoniylar davlati turklar nomi bilan atalgan. Ularning tili, avvalo, shu mintaqada yashayotgan o‘g‘uz, turkman va uyg‘ur kabi qavmlar tillaridan farqlanishi ko‘rsatib berilgan. “Devonu lug‘atit turk”dagi qaydlar o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyotiga doir muhim ma’lumotlar sifatida ahamiyatlidir.
O‘zbek tilimiz bugun murakkab tarixiy taraqqiyotni boshdan kechirib, davlat tili, davlat ramzi, milliy yaxlitlik omili, milliy madaniyat va ma’naviyatni ifodalovchi hamda ularni ajdodlardan avlodlarga yetkazuvchi darajasiga ko‘tarildi. Shuningdek, milliy tafakkur va millatlararo aloqa vositasi, axborot texnologiyalari tili sifasida yuqori pog‘onani egallab kelmoqda.
Til hamisha taraqqiyotda bo‘ladi, agar u rivojlanib bormas ekan, o‘lik tilga aylanadi. O‘zbek madaniyatining yuksalish davri bo‘lgan XIV-XV asrda shakllanib bo‘lgan tilimiz takomillashish pillapoyasiga qadam qo‘ydi. Bu davrda o‘zbek badiiy adabiyotining yuksak namunalari yaratildi. Adabiy va jonli so‘zlashuv tili orasida farq kuchaydi. Bu esa badiiy adabiyotning erkin ommalashuviga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Bu tilda yaratilgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”, Rabg‘uziyning “Qissai Rabg‘uziy”, shuningdek, Atoyi, Sakkokiy, Sayfi Saroiy, Mavlono Lutfiyning yaratgan boy ilmiy-adabiy meroslarini tilga olish mumkin.
Ayniqsa, turkiy tilning beqiyos imkoniyatlarini ko‘rsatishda Alisher Navoiyning buyuk xizmatlarini alohida e’tirof etish joiz. Hazratning nafaqat badiiyati, balki tilshunoslikka bag‘ishlangan “Muhokamat ul-lug‘atayn”, ya’ni “Ikki til muhokamasi” nomli asari shu sohadagi beqiyos manba hisoblanadi. Qolaversa, shoh va shoir Bobur Mirzoning tilimizda yaratgan go‘zal asarlari bugun ham o‘quvchi tomonidan sevib mutolaa qilinadi.
Keyingi yillarda o‘zbek tilining mavqeini ko‘tarishga, uni takomillashtirishga xizmat qiladigan tadqiqotlar yuzaga keldi. O‘quv adabiyotlar mazmun jihatdan boyitilib, ona tili darsliklari qayta chop etildi. Oxirgi paytlarda til va jamiyat munosabatlarini tahlil etuvchi izlanishlar yaratilmoqda. Til va nutq munosabatini psixik mexanizmga aloqadorlikda tahlil etadigan psixolingvistika, til va madaniyat munosabatlarini yorituvchi lingvokulturologiya sohasiga doir tadqiqotlar olib borilmoqda. Fakultet magistr va doktorantura talabalarining har oy chop etiladigan “Lingvist” to‘plami til tarixi, leksikologiya va leksikografiya terminlari, morfologiya va sintaksis, sotsiolingvistika, psixolingvistika, pragmalingvistika, kompyuter lingvistikasi kabi mavzularni qamrab oladi. Til nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tomonidan o‘zbek tili fonetikasi, semasiologiyasiga doir ko‘plab tadqiqotlar olib borildi. Ajdodlarimiz tomonidan noyob durga qiyoslangan so‘zning qadr-qimmati, tarkibi, ichki olami tahlil qilinadigan semasiologiya sohasi takomillashtirildi. Quvonarlisi, talabalarning o‘zbek tilshunosligi nazariyasini o‘rganishga va tadqiq qilishga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda.
Davlatimiz rahbari 2019-yil 21-oktabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon qabul qildi. Unga binoan 21-oktabr sanasi O‘zbekistonda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi: “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak, – dedi Prezidentimiz. – Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.
Lekin hali-hanuzgacha til nazariyasi bilan bog‘liq muammolarimiz yetarli. Ayrim joylarda tilga, yozuvimizga sovuqqonlik bilan qarash hollari uchrab turibdi. Bu holatni shahrimizdagi tashkilot va muassasalar bergan turli reklama va e’lonlarda kuzatishimiz mumkin. Masalan, peshlavhalardagi “xush kelibsiz” so‘zining o‘rniga “hush kelibsiz”, “mahalla” so‘zi o‘rniga “maxalla”, “buyum – buyim” kabi noto‘g‘ri qo‘llash uchrayapti. Shu bilan birga, “navbatchi dorixona” so‘z birikmasi o‘rnida “dorixona navbatchi”, “issiq non” o‘rniga “non issiq”, “Taraqqiyot ko‘chasi” emas “ko‘cha taraqqiyot” kabi turli muassasa, joy va ko‘cha nomlarining bunday mazmunan dag‘al va qo‘pol xatolarda yozilayotganini qanday izohlash mumkin?! Eng achinarlisi, shahrimizning qoq markazidagi chorrahalardan biridagi afishada “Yurt obodligi – xalq farovonligi” jumlasidagi “xalq” so‘zi o‘rniga “halq” so‘zi yozib qo‘yilgan. Nahotki, afisha yoki reklama berayotgan inson so‘zlarni to‘g‘ri yozishda biror-bir soha mutaxassisi bilan maslahatlashmaydi.
Masalan, maktab ta’limidagi ona tili darsida o‘quvchining ongini faqatgina tilshunoslikka doir nazariy ma’lumotlar bilan to‘ldirmoqdamiz. Holbuki, biz maktab, litsey yoki kollejda tilshunos olimlarni tayyorlayotganimiz yo‘q-ku. Nazarimda, ularga tilshunoslik qoidalari bilan birga, ularda ravon, to‘g‘ri, mantiqli va chiroyli so‘zlash, qunt bilan xatosiz yozish hamda muloqot madaniyatini shakllantirishimiz kerak. Shunday talabalarimiz borki, til nazariyasini chuqur biladi, ammo uch-to‘rtta gapni chiroyli qilib, jamoaning oldida gapirishga oqsaydi.
O‘zbek tilining tafakkuri ummondir. So‘zlarimizda shu ummonning tomchilari ifodalanadi. Har bir tilning umrboqiyligi, xalqning tilga e’tiborligida, undan unumli foydalanishda namoyon bo‘ladi. Tilimizning ildizi baquvvat, sehri tarovati kuchliki, hozirgacha o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmagan. Uning sofligini saqlab, avlodlarga yetkazish, zararli tikonlardan tozalash har bir insonning burchidir.
Zulxumor XOLMANOVA,
Manba: “Oila va tabiat” gazetasi 42-son
Izoh qoldirish