Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon
Markaziy Osiyo mintaqasi jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan. Mana oradan ming yillar o‘tganiga qaramay, o‘rta asrlarda yashab ijod qilgan, jahon tamadduni rivojiga bebaho hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlarning dahosi, ilm-fanning turli yo‘nalishlaridagi izlanishlari va qomusiy bilimlari hamon e’tirof etilmoqda.
Ilm-fanning turli sohalarida kashfiyotlar qilgan ajdodlarimiz islom ilmlarida ham peshqadam bo‘lgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abul Mu’in Nasafiy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Xoja Ahror kabi allomalar islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan. Ularning hayot yo‘llari va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish bugungi kunda dolzarb mavzuga aylangan.
Mintaqada islom sivilizatsiyasining o‘rnini o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi – IRCICA bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusida III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Onlayn va offlayn formatda tashkil etilgan xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Akademiya Ilmiy ishlar va innovasiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov o‘qib berdi.
– Markaziy Osiyo mintaqasi o‘zining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’rifiy va geopolitik imkoniyatlari bilan dunyo e’tiborida turibdi, – deyiladi Akademiya rektori Muzaffar Komilovning tabrigida. – Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida azaldan yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik, savdo iqtisodiy va ilmiy-madaniy aloqalar rivojlangan. Umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasi Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgani geopolitik nuqtai nazardan muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida uch yildan beri o‘tkazilayotgan an’anaviy III xalqaro konferensiya ham mintaqa xalqlari o‘rtasidagi mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, targ‘ib va tadqiq etish maqsadlariga xizmat qilishiga ishonaman.
Shuningdek, IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilichning videomurojaati yo‘llandi.
– Ushbu anjuman har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilishi bilan bir qatorda doimiy ravishda mavzular va ishtirokchilar ko‘lami bilan ahamiyatli bo‘lib bormoqda, – deydi Mahmud Erol Qilich. – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi – IRCICA bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur ilm mashvarati ushbu sohadagi tadqiqotlar Markaziy Osiyoning madaniy tarixi va merosini e’tirof etadi. Shuningdek, Markaziy Osiyo va dunyoning boshqa mintaqalari o‘rtasidagi madaniy o‘xshashlik va o‘zaro aloqalarni belgilab beradi. Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyati, diniy an’analari va urf-odatlari haqidagi maqolalar avvalgi ikki konferensiya kabi soha rivojiga hissa qo‘shishiga umid qilamiz.
Tadbirga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov hamda IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi tadqiqotchisi Samet Yalchin moderatorlik qildi.
Anjumanda IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi tadqiqotchilari tarix fanlari doktori Ashirbek Mo‘minov, Fozil Bayat, Alido‘st Erto‘g‘rul, Betul Ayaz, Muhammad Sardor Bekor, Najot Soyim Xalil, Veysel Bulut, Marmara universiteti (Turkiya) professori Efdaluddin Qilich, Qozon federal universiteti (Rossiya) professori, tarix fanlari doktori Aydar Xabutdinov, O‘sh davlat universiteti dotsentlari Timur Kozukulov, Meerim Mametova, Akademik Q.I.Satpayev xotira muzeyi direktori (Qozog‘iston) Omir Tuyaqbayev, tadqiqotchi Dimash Abdraxanovla, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari direktorlari, turli davlat va jamoat tashkilotlari, hamkor muassasalar rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, ilmiy-tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi.
Konferensiyada qatnashchilar tomonidan “Madaniy merosni asrab-avaylash: Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi barqarorligining muhim vositasi”, “Zamaxshariy “Mufassal” asarida Qur’on oyatlarining qo‘llanilishi”, “Turkiya kutubxonalarida Abu Rayhon al-Beruniy asarlari qo‘lyozmalarining o‘rganilishi”, “Imom Moturidiy “Ta’vilot al-Qur’on asarining o‘zbek tiliga tarjima va uning ahamiyati”, “Ilm-ma’rifat tarqalishida Markaziy Osiyo allomalarining buyuk xizmatlari”, “Markaziy Osiyoda islom madaniyatining shakllanish xususiyatlari” hamda “Islom sivilizatsiyasida xattotlikning ahamiyati” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.
– Xattotlik tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mazkur san’at turi Qur’oni karimni yozib olish davri bilan bog‘liq, – deydi Marmara universiteti (Turkiya) professori Efdaluddin Qilich. – Xattotlikda “ustoz va shogird” munosabatlari muhim o‘rin tutadi. Xattotlik san’atini egallash tirikchilik uchun emas, balki insonning ichki dunyosi, ruhiyatini oziqlantiradigan san’at turi hisoblanadi. Islom dini tarixida xattotlarning alohida o‘rni bor. Qur’oni karimni faqat o‘qib tushunibgina qolmasdan, uni insonlarga did bilan yetkazish bevosita xattotlarning ham vazifasi ham bo‘lgan.
Anjumanda “Markaziy Osiyo mintaqasida islom madaniyati va san’ati”, “Markaziy Osiyo mutafakkirlari ilmiy-ma’naviy merosi”, “Markaziy Osiyo tarixiy yodgorliklari epigrafikasi va arxitekturasi” hamda “Markaziy Osiyo xalqlarining urf-odat va an’analaridagi umumiylik va o‘ziga xoslik” kabi mavzular muhokamalar markazida turdi.
Konferensiyada so‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, mintaqa allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, madaniyati, yozma yodgorliklari va ilmiy merosiga oid mavzular ham muhokama qilindi. Umuman olganda, anjuman mavzulari xilma-xil va dolzarb bo‘lib, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, tarixchilar, islomshunoslar, etnograflar va manbashunoslarning ma’ruzalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Anjuman ishi davomida yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalar jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish jarayoni qizg‘in davom etayotgani ta’kidlandi.
Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi. Konferensiyaga taqdim etilgan ma’ruzalar alohida to‘plam holida chop etilishi, unda yoshlarning ilmiy maqolalari ham o‘rin olishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish