347

Aziz va mukarram ona tilim

21-OKTABR – O‘ZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGAN KUN

Har birimizning ona tilimiz o‘zligimiz va shaxsiyatimizning bir bo‘lagi bo‘lib, tariximiz, madaniyatimiz va an’analarimiz kabi qadimiy tarixga ega. Shuning uchun ham ona tilini asrab-avaylash xalqni ulug‘ va buyuk qiladi, aksincha, ona tilining yo‘qolishi va zarar ko‘rishi millat madaniyati, o‘ziga xosligi hamda o‘zligini pasaytiradi. 

Turli tillar va madaniyatlarni hurmat qilish mamlakatimiz aholisi o‘rtasida birdamlik va hamjihatlikni keltirib chiqaradi. Har bir inson uchun ona tili aziz va mukarram bo‘lib, uni doimo asrashi kerak. 

Birinchi til yoki ona tili deganda – bolaning yoshligidan gaplashishni o‘rgangan birinchi tili hisoblanadi, har bir sog‘lom inson bu tilda fikrlash va gapirish qobiliyatiga egadir. Birinchi til odatda bolalikdan oʻrganilligi uchun odam bu til bilan avtomatik, refleks holda fikrlaydi va soʻzlaydi.

Nevrologiya nuqtai nazaridan, birinchi til miya yarim sharida odam balog‘at yoshigacha o‘rganadigan tillar ikkinchi tilga nisbatan o‘zgacha o‘rin tutadi, shuning uchun ko‘p hollarda miya zarar ko‘rganda yoki shikastlanganda, odam tili va nutqini jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, bu ikki tildan birini (ikkinchi) buzilishiga olib boradi, boshqa til ko‘nikmalariga ta’sir qiladi. Ishemik insultlarda ham ikkinchi tilni yo‘qotilishi tez-tez uchraydi va odam odatda birinchi tilda gapirishga qodir bo‘lsa-da, birinchi navbatda ikkinchi tilda gapirish qobiliyatini yo‘qotadi.

Agar odam bolalikning boshidan bir nechta tillarni o‘rgansa, bu tillarning barchasi bilan bog‘liq bo‘lgan miya qismi birinchi til sifatida saqlaydi va ularning hech birini ilmiy jihatdan ikkinchi tili deb hisoblash mumkin emas.

Odatda “Ona tili” iborasi “mamlakatining asosiy rasmiy tili” bo‘lgan ona tilida so‘zlashuvchi yoki boshqa tilda gapirmaydigan o‘sha mamlakat xalqining asosiy qismi gapiradigan tilga ishora qilish uchun ishlatiladi. Shuningdek, asl til yoki ona tili iborasi, bolaligidan uyda (odatda oilada) o‘rgangan va so‘zlashadigan til uchun ham ishlatiladi. Ikki tilda gaplashadigan oilalarda o‘sadigan bolalar, bu ta’rifga ko‘ra, bir nechta asosiy yoki ona tillariga ega bo‘lishlari mumkin.

Keniya, Hindiston va Shimoliy Osiyoning turli mamlakatlari kabi ba’zi mamlakatlarda “asosiy til” yoki “ona tili” umumiy jurnalistik tilda insonning etnik tiliga ishora qilish uchun ishlatiladi. Shuningdek, Singapurda “ona tili” qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, shaxsning etnik tiliga ishora qiladi, “birinchi til” esa orolda Britaniya mustamlakachiligi tomonidan o‘rnatilgan ingliz tilini ko‘pchilik mustaqil singapurliklar uchun lingua franka sifatida ishlatiladi va davlat maktablarida o‘qitish tili va ommaviy til sifatida qaraladi.

Asosiy til atamasini insonning ona tili deb talqin qilmaslik kerak. Ba’zi patriarxat jamiyatlarda ayol eri bilan erining mamlakatiga ko‘chib o‘tadi va natijada eriga qaraganda boshqacha tilga ega bo‘lishi mumkin. Biz ona tili deganda ona zamin so‘zi bilan bir xil ma’noda “ona” so‘zidan olib ishlatamiz.

Bugungi kunda go‘zal diyorimiz O‘zbekistonda turli millatlar va turli tillar va shevalar mavjud. Ko‘pchilik vatandoshlarimizning ona tili bo‘lgan qoraqalpoq, tojik, qozoq, rus va boshqa tillardan tortib, o‘zbek tilining shevalari xorazmcha, buxorocha, andijoncha va boshqa shevalarigacha birinchi til sifatida erkin muloqotda bo‘lib, o‘ziga xoslik va xilma-xillikni aks etsada, lekin barcha uchun o‘zbek tili mamlakatning rasmiy tili sifatida ona tilidek birday aziz va muqaddas bo‘lib qolaveradi. Ona tili aytganimizdek, ona zamin, ya’ni vatan, millat, davlat hurriyat tushunchalari bilan hamohangdir, zero, tilimiz ravnaqi davlatimiz, millatimiz va hurriyatimiz ravnaqidir. Shuning uchun ham ona tilini asrab-avaylash har bir xalqni ulug‘ va buyuk qiladi, aksincha, ona tilining yo‘qolishi va zarar ko‘rishi millat madaniyatini, o‘ziga xosligidan o‘zligidan yiroqlashtiradi. Bizning yurtda, barcha millat vakillari o‘z tili va madaniyati bilan faxrlanadi, o‘z tilida g‘urur va ishonch bilan gapira oladi, shu qatorda barcha boshqa millat vakillari davlatimiz tili, milliy tilni, ona tili sifatida yaxshi bilishadi, o‘qish va ishlarida undan foydalanadi va bir-biri bilan muloqot qiladi, bir-birini to‘g‘ri tushunadi.

Turli tillar va madaniyatlarga bag‘rikenglik bilan yondashish, hurmat qilish natijasida mamlakatimiz aholisi o‘rtasida birdamlik va hamjihatlikni kuzatish mumkin, bu omil mamlakatda tinchlik va osoyishtalikning barqarorligini ta’minlaydi. O‘lkamizda yashayotgan har bir inson ona tuprog‘ini qanchalik aziz va muqaddas bilsa, ona tilini (birinchi til) ham shunchalik muqaddas va aziz bilib, uni xazinadek asrashga harakat qiladi.

Nargiza SHOALIYEVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi dotsenti, 

filologiya fanlari nomzodi 

Izoh qoldirish