461

Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, aloqalari: tarix, bugun va kelajak

Dunyo tarixida, insoniyat taraqqiyotida turli davrlarda yuzaga kelgan sivilizatsiyalar, saltanatlarning o‘rni va ahamiyati katta bo‘lgan. Ular orasida turkiy xalqlar tomonidan asos solingan qadimiy davlatlar, ularning madaniyat va tamaddunlari alohida o‘rin tutadi. Tarixga nazar tashlasak, buyuk sulolalar o‘z hukmronligi davrida davlatni haq va adolat bilan boshqarishga, ilm-fan, me’morchilik, madaniyat va san’atni rivojlantirishga harakat qilgan.

Bugun sayyoramizda yashayotgan turkiy tilli xalqlarning umumiy soni 250 milliondan oshadi. E’tirof etish joizki, hozirgi kunda ham turkiy tilli davlatlar o‘rtasida har tomonlama hamkorlik aloqalari tobora rivojlanmoqda. Muhtaram Prezidentimizning tashqi siyosatdagi ochiqlik, amaliy va konstruktiv sheriklikka qaratilgan siyosati natijasida yangi O‘zbekiston dunyoga tobora keng ochilyapti. Shu ma’noda O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 2019-yil 15-oktabrda Boku shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida ilk bor to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etdi.

Kengashning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishdan iborat.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sammit davomida turkiy tilli xalqlarning dunyo sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi va nihoyatda boy yozma merosini birgalikda chuqur o‘rganish kerakligini alohida ta’kidlagan edi. 

Shu bilan birga, Prezidentimizning Yangi O‘zbekiston strategiyasida kitobida belgilangan “O‘zbekiston xalqaro tuzilmalar bilan amaliy muloqotni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlik va amaliy sheriklikni kengaytirish” tamoyiliga binoan, O‘zbekistonda yangi siyosiy tizim yaratilgani, amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik bo‘yicha ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik asosidagi integratsiya va hamkorlik aloqalari mustahkamlanayotganining omillari ochiqlik siyosati ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy tomonidan tahliliy tadqiq etish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi tomonidan “Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, aloqalari: tarix, bugun va kelajak” mavzusida III xalqaro ilmiy amaliy simpozium o‘tkazildi. Mazkur tadbir Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti, Al-Forobiy nomidagi Chimkent universiteti hamda Akademik Bobojon Gʻofurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti falsafa fanlari nomzodi, dotsenti Mavluda Rahimshikova, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Karimov, Al-Forobiy nomidagi Chimkent universiteti falsafa fanlari nomzodi, dotsenti Gulmira Belgibayeva, Akademik Bobojon Gʻofurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti falsafa fanlari nomzodi, dotsenti Ravshan Usmonov, “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri Muhammadolim Muhammadsidiqov, kafedra professor-o‘qituvchilari – Sayyora To‘ychiyeva, Matluba Qahhorova, Nigoya Yusupova, Hamida To‘ychiyeva, Mo‘minjon Xo‘jayev, magistr-doktorantlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Onlayn va offlayn formatda o‘tkazilgan simpoziumni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, Akademiya rektori Muzaffar Komilovning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. 

Simpoziumning bosh maqsadi xalqaro munosabatlar, turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, hamkorligi va xavfsizligi masalalari, turdosh fan yo‘nalishlarida turkiy tilli davlatlar integratsiyasi omillari hamda qonuniyatlarini o‘rganish sohasida to‘plangan tajribani umumlashtirishdan iborat.

Joriy yilning noyabr oyida Samarqand shahrida Turkiy tilli davlatlar tashkiloti kengashining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tishi, unda yoshlar muamolari, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, ta’lim va madaniyatni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish ko‘zda tutilgani anjuman ishtirokchilari tomonidan qayd etildi.

2022-yil 29-iyul kuni O‘zbekiston Prezidentining “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi turizm rivojini yangi bosqichga olib chiqish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi,deydi “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri Muhammadolim Muhammadsidiqov.Xususan, Kengashga a’zo mamlakatlar ahlini mamlakatimizning tarixiy madaniy merosiga jalb qilish hamda umumiy madaniy merosimizni barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida targ‘ib qilish, turistik mahsulot va xizmat turlarini diversifikatsiya qilish, ziyorat turizmi uchun qulay muhit yaratish respublikamizning ushbu yurtlar bilan turizm hamkorligini mustahkamlash barobarida, mintaqaning turistik jozibadorligini ham oshiradi.

Tadbirda xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlarning tarkibiy qismlariga oid ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-nazariy dolzarb ahamiyat kasb etadigan aloqalarga oid masalalar haqida so‘z bordi.  Bundan tashqari, turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, tarixining yangi qirralari, hamkorlikni rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlariga ta’sir etuvchi omillar kabi ilmiy-nazariy masalalar muhokama qilindi.

Turkiy xalqlar, ularning davlatlari, turkiy sivilizatsiya Buyuk Ipak yo‘lining markaziy qismida joylashgan. Turkiy xalqlarning tillari rivoji masalalari hozirgi zamonda dolzarb va ahamiyatli masalalardir,deydi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Karimov.Ming yillar davomida turkiy til yagona bo‘lib kelgan. Garchi yagona turkiyning shevalarga bo‘linishi o‘rta asrlarda boshlangan bo‘lsa-da, faqat XX asrda alohida tillar darajasidagi tafovutlar vujudga keldi. Bu bo‘linib ketish jarayonida XX asrning birinchi choragida avj olgan turkiy dunyo birligi uchun harakat stalinchi qatag‘on orqali tor-mor qilingani hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Asrlar davomida tarixan shakllangan va “turkiy til” nomi bilan ma’lum bo‘lgan tilni turkiy xalqlar uchun umumiy adabiy til sifatida ishlatish sari harakat shu vahshiy qatag‘onlar natijasida tugatildi. 

Simpoziumda “Turkiy tilli davlatlar tashkiloti kengashiga a’zo mamlakatlar ahlini yurtimiz tarixiy madaniy merosiga bo‘lgan e’tiborlarini jalb qilish masalalari”, “Тurkiy xalqlarning tillari rivoji masalalari”, “Milliy madaniyatning oliy namunasi”, “O‘rta osiyo va Qozog‘iston xalqlari siyosiy madaniyati”, “Vengriya va turkiy davlatlar tashkiloti munosabatlari borasida”, “Тurkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi faoliyat – davlat imijining yetakchi omili sifatida” kabi ma’ruzalar tinglandi.

E’tirof etish joizki, yurtimiz bugungi kunda Uchinchi Renessans davri ostonasida turibdi. Uchinchi Renessans mustahkam poydevorini yaratish uchun, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish nihoyatda zarur. Tadbirda ma’ruzachilar tomonidan qardosh turkiy xalqlarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi, mushtarak xalqlarning ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Simpozium davomida birgalikda ilmiy izlanishlar olib borish, bugungi davrdagi dolzarb masalalar borasida samarali yechimlarini hamkorlikda ishlab chiqish kerakligi qayd etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasiga Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti nomidan samarali hamkorlik uchun minnatdorlik maktubi hamda esdalik sovg‘asi topshirildi.

Qizg‘in munozara, mavzu yuzasidan o‘rtaga tashlangan masalalar bo‘yicha yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. 

Muxtasar aytganda, turkiy xalqlarda buyuk ajdodlarga nisbatan hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga qiziqish hamisha yuqori bo‘lgan. Bu kabi xalqaro darajadagi ilmiy anjumanlar esa tarixiy, madaniy va ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, mavjud juda katta imkoniyat va salohiyatdan to‘liq va unumli foydalanish uchun mustahkam zamin yaratishi shubhasiz.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

 

 

 

 

Izoh qoldirish