320

Diniy ta’lim muassasalari rahbar va pedagoglari uchun malaka oshirish o‘quvlari boshlandi

Avval xabar berib o‘tganimizdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar, tuman/shahar bosh imom-xatiblari, otinoyilari uchun malaka oshirish o‘quvlari bo‘lib o‘tgan edi. Ana shunday o‘quvlarning navbatdagisi esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari rahbar va pedagoglari uchun bo‘lib o‘tmoqda.

“Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi doirasida din soha xodimlarining oldida turgan vazifalar” yo‘nalishidagi 36 soatlik o‘quvlarda 90 nafar tinglovchi ishtirok etyapti. Mazkur o‘quvlarning birinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, dotsent Davronbek Maxsudov “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda diniy-ma’rifiy soha xodimlari mas’uliyati”, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i, PhD Mansur Musayev “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish”, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, PhD Ahmad Saad Damanhuriy “Aqidaparast kontentlarga ilmiy asosda raddiya berish uslublari: xalqaro tajriba” hamda Akademiya katta o‘qituvchisi A’zamxon Qambarov tomonidan “Mutaassib guruhlar ta’siriga tushgan shaxslarni reabilitatsiya qilish masalalari (O‘zbekiston tajribasi)” mavzularida dars mashg‘ulotlari olib borildi.

Darsdan so‘ng tinglovchilarning bo‘sh vaqtlarini samarali va mazmunli o‘tkazish maqsadida poytaxtimizdagi “Hazrati imom” majmuasiga sayohat tashkil etildi. U yerda tinglovchilar “Qaffol Shoshiy” maqbarasi, Baroqxon madrasasi, “Mo‘yi muborak” madrasasi, “Tilla shayx” va “Nomozgoh” masjidlarini ziyorat qildi hamda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishdi. 

Malaka oshirish o‘quvlari davom etmoqda.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish