358

Akademiyada turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi

O‘zbekiston qadimdan Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgani sababli mazkur zaminda turizm sohasi taraqqiy etgan. Shu bois, bugungi kunda xalqimizning umrboqiy madaniyati, urf-odati, qadriyatlari, tarixiy obidalari va madaniy yodgorliklari bilan tanishish istagida bo‘lgan mahalliy hamda xorijlik sayyohlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish masalasi yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan mazkur sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 19-sentabr kuni mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi islohotlarning tadrijiy davomi bo‘ldi. Mazkur yig‘ilishda turizmni izchil rivojlantirish istiqbollari, sayyohlik obyektlaridan samarali foydalanish, ko‘rsatilayotgan xizmat turlari sifatini oshirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, sohaga salohiyatli kadrlarni tayyorlash maqsadida “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi faoliyat yuritib kelayotir. Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida soha ravnaqi va turizm masalalariga bag‘ishlangan “O‘zbekistonda MICE turizmining rivojlanishi: istiqbollari va xorij tajribasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

“Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti tomonidan tashkil etilgan tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, Akademiya rektori Muzaffar Komilovning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov ham konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Onlayn va offlayn formatda o‘tkazilgan anjuman davlatimiz rahbarining joriy yil 28-yanvarda imzolagan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident farmonida buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” shiori ostida tashkil etildi.

Ilm mashvaratida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Bosh ilmiy xodimi Ahmad Sa’d Damanhuriy, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti Muhammad Iyd Balbaa, Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) Bosh kotibiyati mutaxassisi Yasin Zulfiqoro‘g‘li, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, iqtisod fanlari doktori Nurislom To‘xliyev, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Habibullo Sadibaqosev, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri Olim Astanakulov, Akademiya o‘qituvchisi Saidakbar Agzamxo‘jayev, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti “Menejment” kafedrasi professori M.Alimova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, iqtisod fanlari doktori Ravshan Abdullayev, O‘zbekiston Milliy universiteti doktoranti G.Mamadiyeva, Akademiya professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, magistr-doktorantlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Konferensiyada “MICE turizm imkoniyatlarini o‘rganishda Germaniya tajribasidan O‘zbekiston sharoitida foydalanish”, “MICE turizmida Misr tajribasi”, “O‘zbekistonda etnografik turizmni rivojlantirish imkoniyatlari”, “Halol turizm xizmatlari – umumiy talablar”, “O‘zbekistondagi ziyorat turizmi”, “Fors ko‘rfazi mamlakatlarida MICE turizmining rivojlanish tendensiyalari”, “Turizm sohasini rivojlantirishda raqamli texnologiyalar: afzalliklari va imkoniyatlari” mavzularidagi ma’ruzalar tinglandi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimiz taraqqiyotida turizm sohasining tutgan ahamiyati, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritishdi. 

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda turizm sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, mazkur soha bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga imtiyozlar yaratib berish, shuningdek, turizm sohasi uchun infratuzilmani shakllantirish borasidagi ishlar jadal sur’atlar bilan davom ettirilmoqda.

Konferensiya davomida dunyoda turizm sohasi barcha infratuzilmalarni rivojlantirishga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatadigan ijtimoiy-iqtisodiy hodisa sifatida gavdalanishi, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishi ta’kidlandi. Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Ta’kidlash joizki, bu kabi ilmiy-amaliy xalqaro konferensiyalar mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga, malakali kadrlar tayyorlash ishlarini yanada jadallashtirishga zamin bo‘ladi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish