229

Akademiya vakillari muhim mavzuda ma’ruza qildi

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar inson manfaatlariga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, yurtimizda gender tenglikni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Gender tenglik nafaqat inson huquqini ta’minlash, balki, jamiyatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadigan ezgu qadriyat sanaladi. 

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deb belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, tan olib aytish kerakki, so‘nggi besh yilda bu boradagi ishlar sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Buning samarasi o‘laroq, so‘nggi yillarda jamiyatning turli sohalarida, ham milliy, ham mintaqaviy darajada ayollarning roli va mavqeida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yil 2-sentabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi yangi qonunlar hamda 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilingani bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi deyish mumkin.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ham gender tenglikni ta’minlash masalasida ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining “Islomda gender” mavzusidagi loyihasida ishtirok etib, Buyuk Britaniya hukumatining moliyaviy ko‘magi ostida BMTning ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida “Islomda gender masalalarining o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanmani ishlab chiqdi. Mazkur kitobning ahamiyati shundaki, unda islomdagi gender tengligi va ayollar huquqlarining nazariy muammolari tahlil qilinadi. Qo‘llanma islom huquqida ayollarning huquqiy holatini o‘rganishga bag‘ishlangan keng qamrovli tadqiqot bo‘lib, inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida ayol huquqlarini o‘rganish zarurligini asoslaydi.

Kitob quyidagi mavzularni o‘z ichiga oladi: gender tengligi tushunchasi; Islomda ayollar huquqlari; jamiyatdagi gender muammolarini hal etishda diniy yetakchilarning roli; BMTning ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi; ayollar va qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun sa’y-harakatlarni qayerga qaratish kerak; reproduktiv huquq va salomatlik; reproduktiv salomatlik va huquq va oilani rejalashtirishda diniy yetakchilarning roli.

O‘quv qo‘llanmada ko‘tarilgan mavzularni aholiga yetkazish maqsadida Andijon viloyatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining vakillari ishtirokida trening bo‘lib o‘tdi. BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda va Buyuk Britaniya hukumati ko‘magida tayyorlangan mazkur qo‘llanmada respublikada islomda gender tenglik mohiyati, reproduktiv salomatlik, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ayol huquqlari va erkinliklariga doir islom konsepsiyasi, islom huquqida ayolning huquqiy maqomini tadqiq etishga bag‘ishlangan maqolalar o‘rin olgan. Mazkur kitob bu sohadagi ilk tadqiqot hisoblanadi.

Treningda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti Nigora Yusupova, shuningdek, mahallalar yetakchilari va soha vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kirish so‘zi bilan ochib berarkan, loyiha va yaratilgan kitob, yurtimizdagi gender siyosati, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va UNFPA o‘rtasida Gender sohasidagi hamkorlik haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi.

Treningning asosiy qismida Nigora Yusupova qo‘llanmada ayollar masalasining umumijtimoiy jihatlari, jamiyat, xotin-qizlar va din, gender tushunchasi, uning xalqaro va milliy huquqiy asoslari, ayol huquqlarini tushunish va islomda teng huquqlilik nazariyasi, islom taʼlimotiga qadar ayollar mavqei hamda islomda gender tushunchasining mohiyati, islom taʼlimotida ayollarning oilaviy munosabatlardagi huquq va majburiyatlari, gender zo‘ravonlik hamda reproduktiv salomatlik kabi jihatlarga to‘xtalib o‘tdi. 

Uchrashuv yakunida yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish