386

Ziyorat turizmida ilmiy yondashuv

MUNOSABAT

Bugungi kunda O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli xalqaro maydondagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Ayniqsa, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti hamon dunyo jamoatchiligi muhokamasi markazida. 

O‘zbekiston raisligida o‘tkazilgan tashkilot sammitida xalqaro aloqalar, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda so‘nggi yillarda yig‘ilib qolgan ko‘plab masalalarga yechim topilib, uzoqni ko‘zlagan mustahkam hamkorlik aloqalari bog‘landi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslar a’zo davlatlar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangani e’tiborlidir. Xususan, qadimdan Buyuk ipak yo‘lini bog‘lab kelgan O‘zbekiston zamini Sharq va Gʻarb o‘rtasida yana mustahkam ko‘prik bo‘lmoqda. Buni yurtimizning dunyo davlatlari bilan do‘stona va teng huquqli hamkorlik aloqalari asosida ham iqtisodiy, ham madaniy-ma’rifiy, turizm sohalaridagi hamkorlik munosabatlari kengayib borayotganida ham ko‘rish mumkin. 

Xalqaro anjumandan so‘ng davlatimiz rahbari raisligida mamlakatimiz ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish borasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani ham bejiz emas, albatta. Zotan, qadimdan sivilizatsiyalar beshigi bo‘lgan yurtimizning har bir go‘shasi nafaqat ko‘hna va boy tarixi-yu madaniyati, balki zamonaviy rivojlanish salohiyati bilan ham dunyo ahlining qiziqishini oshirmoqda. 

Bu o‘rinda mamlakatimiz ziyorat turizmi alohida o‘rin tutadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda 1 ming 200 dan ziyod muqaddas qadamjo mavjud bo‘lib, ularda turli din vakillarining e’tiqodi va ziyorati uchun zarur sharoitlar yaratilgan. 

Ma’lumki, 2022-yil 6-iyun kuni Singapurda bo‘lib o‘tgan musulmon turizm bozorini tiklash va rivojlantirishga bag‘ishlangan “Halal In Travel – Global Summit – 2022” sammitida O‘zbekiston – “World Muslim Travel Index”ida eng sara o‘ntalikka kirdi. Yana bir e’tiborli jihati, mazkur sammit doirasidagi halol sayohat mukofotlarida Samarqand shahri – “Yilning islom merosi obidasi” hamda “Yilning eng yaxshi rivojlanayotgan musulmon manzili” laureatlari sohibi bo‘ldi. Qayd etish lozimki, ushbu reytinglarni ishlab chiqishda mamlakatning sayyohlar uchun ochiqlik siyosati, musulmon turistlarga yaratilgan imkoniyatlar, targ‘ibot va marketing, islom merosini sayyohlarga yetkazish darajasi kabi qirqdan ortiq mezonlar hisobga olingan. 

Xalqaro “CrescentRating” tashkiloti rahbari Fazal Bahardin 2022-yil natijalari xususida alohida to‘xtalib o‘tar ekan, O‘zbekiston mazkur reytingda eng tez ko‘tarilgan va boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan davlat sifatida tan olinganini e’tirof etdi. 

Darhaqiqat, yurtimizda so‘nggi yillarda ichki va tashqi turizm sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Binobarin, O‘zbekiston qadimdan Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashganligi bois, ushbu zaminda sayyohlik – turizm ham taraqqiy etgani shubhasiz. Shu sababli ham bugungi kunda xalqimizning umrboqiy madaniyati, urf-odati va qadriyatlari qatorida yurtimizdagi tarixiy obidalar va madaniy yodgorliklar bilan tanishish istagida bo‘lgan chet ellik sayyohlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. 

Davlatimiz rahbarining “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” brendini targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘rsatmalarida ziyoratga kelayotgan turistlarning mazhabi, tariqati, yondashuvi har xilligini inobatga olib, ularga xizmat ko‘rsatishda ilmiy yondashuvlar zarurligi xususidagi fikrlari ahamiyatlidir. Binobarin, muqaddas qadamjolar, avliyo va pirlar haqida ma’lumot beradigan qo‘shimcha manbalar va gid mutaxassislarga ehtiyoj yuqoriligi bois, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga muhim topshiriqlar berildi.

Shu o‘rinda dunyo sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston zaminida qadim-qadimdan ilm-fan va turli madaniyat va dinlar rivoj topganiga urg‘u berib o‘tish joiz. Fikrimiz isbotini Samarqanddagi eng moʻtabar ziyoratgohlardan hisoblanadigan Xoja Doniyor maqbarasining musulmonlar, nasroniylar va yahudiylar uchun ham muqaddas maskan sifatida qadrlanishida ko‘rish mumkin. Shuningdek, Surxondaryo vohasi, xususan, Termiz shahri milodiy I-III asrlarda buddizm markazi sifatida tanilgan. Bu haqda Xitoyning tarixiy manbalari ham guvohlik beradi. Eski Termiz hududidagi buddaviylik ibodatxonalari va undan topilgan budda haykallari bugun ham ushbu dinga e’tiqod qiluvchi yaponiyalik va xitoylik sayyohlarni, tarixchilarni ohanrabodek o‘ziga chorlab kelmoqda.

Bu kabi tarixiy evrilishlar zaminimizda dunyo sivilizatsiyalariga tamal toshini qo‘ygan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz kamolotida ham muhim o‘rin tutgan. Xususan, Imom Buxoriy va Abu Ali ibn Sino kabi o‘nlab allomalar Buxorodagi boy ilmiy muhitning mahsuli sifatida olamga tanilgan bo‘lsa, Samarqandda moturidiya ta’limoti shakllangan va uning asoschisi Abu Mansur Moturidiy, buyuk mufassirlar Hakim Samarqandiy, Abu Lays Samarqandiy va boshqa ko‘plab allomalar faoliyat yuritgan. Nasaf va Keshda ham olamshumul shuhratga ega allomalar faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, ilk tasavvufiy tariqatlardan biri – hakimiyaning asoschisi Hakim Termiziy va ishonchli oltilikka kiritilgan “Sunan at-Termiziy”ning muallifi Abu Iso Termiziy kabi o‘nlab buyuk mutafakkirlar Termizda tug‘ilib, voyaga yetgan. Xorazmda kamol topgan Muhammad ibn Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Xorazmiy, Ismoil Jurjoniy, Mahmud Zamaxshariy va boshqa ulug‘ olimlar nafaqat dunyoviy, balki diniy fanlar rivojiga ham ulkan hissa qo‘shganini bugun dunyo ahli yaxshi biladi. 

Shu bois, O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ana shu ilmiy-tarixiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga katta ahamiyat qaratilayotgani ibrat namunasidir. Bu, tabiiyki, necha asrlar davomida dunyoda o‘z mavqeiga ega bo‘lgan qadim xalqning diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz. 

Toshkent shahrida ko‘p asrlik ma’rifat xazinasini o‘zida mujassam etadigan, fundamental tadqiqotlar olib boriladigan Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani, Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy va Toshkentda Imom Moturidiy kabi ulug‘ islom olami mutafakkirlari nomida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani xorijiy mutaxassislarda ham katta taassurot qoldirmoqda. Hozir ushbu markazlarda aniq fanlar qatorida hadis, kalom, aqida, tasavvuf, fiqh kabi ilmlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va izlanishlar olib borilyapti. Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Toshkent islom instituti va Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi singari oliy o‘quv yurtlarida ham Sharq allomalarining qadimiy ilmiy meroslari o‘rganilib, ular asosida bugungi globallashgan dunyoning zamonaviy muammolariga yechim axtarilayotgani e’tiborni tortadi. 

Bu borada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan barcha islom ta’lim muassasalari uchun o‘quv-metodik dasturlar tayyorlanib, sohaga kadrlar tayyorlash tizimi uzluksiz tashkil etilgani xalqaro miq­yosda yangi tajriba hisoblanadi. 

Mamlakatimizda 2017-yilga qadar atigi 3 ta oliy ta’lim muassasasi hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim beruvchi madrasa faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari soni 5 taga ko‘paygan holda, madrasalar soni ham 10 taga yetgani diniy ta’limga muhim e’tibor qaratilayotganidan darak beradi.

Qadimdan Buyuk ipak yo‘li orqali Sharq va Gʻarbni bog‘lab kelgan O‘zbekistonda ming yillar davomida savdo-sotiq, ilm-fan, madaniyat taraqqiy etgan. Bunda o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, o‘zga yurt va madaniyat vakillariga hurmati, bag‘rikenglik munosabati yurtdagi tinchlik va taraqqiyotga xizmat qilgan. Ushbu an’analar bugun ham ravnaq topayotgani xalqimizning kelajak istiqbolini ham belgilab bermoqda.

Bahrom MAMADIYEV, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 29-sentabr, 200-son

Izoh qoldirish