441

Ustoz – ilm tarqatguvchi ziyo sohibi

Bugungi zamon barcha sohalar qatori ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Zotan jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarning yechimi zamirida ilm-fan yotgani bejiz emas. Ilm-fan bilan shug‘ullanish – igna bilan quduq qazishdek gap. Bu yo‘lda esa o‘z aql va idroki bilan katta sinovlarni yengib o‘tgan ustoz va muallimlar ko‘makchi bo‘ladi. Ustozlarni ulug‘lash dinimizda ham alohida e’tirof etilgan. Ulug‘ ustozlardan ilm afzalmi yoki odob, deb so‘ralganda, odob afzal, deb javob berganlar. Haqiqatan ham kishining ilmi bo‘lsa-yu, odobi bo‘lmasa, uning ilmini foydasi yo‘qdir. 

Sahobalar hayotiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ustozlarga bo‘lgan ulkan ehtiromlarini ko‘rishimiz mumkin. Bunga hazrati Ali (r.a)ning ushbu so‘zlari misol bo‘la oladi: “Menga bir harf o‘rgatgan kishining quliman. Xohlasa sotsin, xohlasa qullikdan ozod qilsin, xohlasa qul qilib ishlatsin” degan ekanlar. 

Haqiqatan ham aqli raso kishi faqatgina bunday ehtiromni ustoz va muallimgagina ko‘rsatishi mumkin. Johil kishi esa ilm o‘rganishiga sababchi bo‘lgan ustozni ulug‘lamaydi. Ustoz va muallimlarni muhabbatini qozonish uchun shogird ustozni oldiga tushib yurmasligi, uning o‘rniga o‘tirmasligi, ruxsatsiz gapirmasligi hamda ilm majlisiga kech qolmasligi zarur. Ilm talabidagilar yuqorida sanab o‘tgan odoblarni barchasini o‘zida mujassamlashtira olsa, ustozning roziligini topishi mumkin. 

Qissadan hissa shuki, kim ustozini sevib ardoqlasa, ulkan fazilatga erishadi. Ustozni norozi qilgan esa ilm barakasidan bebahra bo‘ladi.

Muxtasar aytganda, yurtimiz yoshlari bugungi murakkab bir davrda qaysi ilm-fan yoki muayyan sohani yo‘lidan yursa ham, eng muhimi, o‘z ishining yetuk mutaxassisi bo‘lishi uchun ustozining o‘rgatganlariga amal qilishi lozim. Mana shunday o‘rganishlar asosida ustozni ulug‘lash darkor. Zero, ustoz har bir zamonda ardoqlangan, ilm berguvchi ziyo sohibi sifatida qadrlangan. Ularni ardoqlash, ziyo nurlaridan ma’rifatli bo‘lish biz yoshlarning insoniy burchimizdir. 

Saidumarxon JAVHARXONOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Islomshunoslik fakulteti talabasi

Izoh qoldirish