Shogirdning ilmli bo‘lishi ustozga bo‘lgan sadoqatdadir
Yurtimiz istiqlolga erishgach, barcha sohalar qatori ilm-fan va madaniyat borasida ham islohotlar amalga oshirilmoqda. Ilm olish oson emas. Zero, har bir ishning mashaqqati va qiyinchiliklari mavjud. Nafaqat ilm olayotgan navrasta, balki unga ziyo nurini tarqatayotgan ustoz va muallimlarimizning ham mehnatini e’tirof etish joiz. Albatta, buyuk olimlarni yetishtirgan bu xalq, ustoz va murabbiylarini ham ehtirom ila qadrlaydi. Ustozlari bunday hurmat va izzatda bo‘lgan yurtni esa osmoni musaffo, hayoti farovon bo‘ladi.
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Inson tafakkurining quvvati va kengligi avvalo muallim tarbiyasiga bog‘liq”, degan so‘zlari o‘qituvchilarga mashaqqatli, ayni vaqtda olijanob faoliyatlariga berilgan yuksak baho, desak adashmagan bo‘lamiz. Inson tafakkur qilishni bilishi uchun ham har bir so‘zning mag‘zini va mazmunini fahmlashi ham ustoziga bog‘liq. Ustozining ilmidan bahramand bo‘lib, uning yaxshi yoki yomon kunida ham yelkadosh bo‘lsa, ana shunda tolibi ilmning ustozga bo‘lgan hurmat va ehtiromi baland bo‘ladi.
Rivoyat qilinishicha, Imom Buxoriy (rahmatullohi alayh) hazratlari Makkai Mukarramada ta’lim berayotgan chog‘larida bir ziyoratchi Buxoroi Sharifdagi ustozlardan salom va maktub keltiradi. Bu xabarni eshitgan Imom Buxoriy (r.a.) Buxoroi Sharif tomonga yuzlanib, salomiga alik olganlaricha hurmat bajo keltiradilar, so‘ngra maktubni ikki qo‘llab olib, tabarruk qilib, ehtirom bilan o‘qigan ekanlar.
Darhaqiqat, hadis ilmining sultoni bo‘lgan zotning ustozlariga bo‘lgan ehtiromi cheksizligi, hatto ustozining qo‘llari bilan yozilgan maktubni o‘tirib hotirjamlik ila o‘qisalar bo‘lar edi. Ammo bu maktub ustozimdan kelgan deb ustozlarini hurmatidan o‘rnilaridan siljib, e’tibor va fasohat ila ikki qo‘llari bilan yuzlariga surtib o‘qigan ekanlar. Bizning ota-bobolarimiz shunday ma’rifatparvar va zukko bo‘lganlar.
Sizga ilm ato etgan zot Alloh taolo, u ilmni o‘rganish va egallashda ko‘makchi esa ustoz hisoblanadi. Ustozingizga qanchalik ko‘p yaxshi munosabatda bo‘lsangiz ham uning qilgan ishlarini adog‘ini to‘ldira olmaysiz. Shuning uchun ham hazrat Alisher Navoiy aytadilar:
Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado, oning haqin yuz ganch ila.
Ilm talabida yurgan yigit yoki qiz, albatta, ilm va odob doirasida sinaladi. Ilm olish mashaqqatida ustozining etagidan mahkam tutib, bu yo‘lda sobitqadam bo‘lsagina shogird chinakam shogird bo‘la oladi. Yurtimiz yoshlari ustozlariga mos va hos ilm talabida bo‘lsalar ajab emas. Buning uchun esa shogirddan sadoqat, ustozdan esa himmat talab etiladi.
Islomxon OLIMJONOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi
Izoh qoldirish