456

Ilmiy ishlar munosib himoya qilindi

So‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori ilm-fan sohasiga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyatni oshirish borasida tizimli ishlar bajarilyapti. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham mazkur sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tadqiqotchilar safi kengaymoqda. Ilmiy ishlar himoyalarini o‘tkazish esa muntazamlik kasb etayotir. 

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiyaning yosh tadqiqotchilari o‘zlarining dissertatsiyalarini himoya qilishdi. 

Jumladan, dastlab Saidahmadxon Gʻaybullayevning “Faxrul-islom Pazdaviyning “Usul” asarida hanafiy usul qoidalari tahlili” mavzusidagi islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi o‘tkazildi.

Tadqiqot ishi “X-XI asrda hanafiy usul al-fiqh ilmi rivojini tadqiq etishning ilmiy-nazariy asoslari”, “Faxrul-islom Pazdaviy “Usul” asarining hanafiy usul al-fiqhi rivojida tutgan o‘rni” hamda “Usul” asarida sunnatdan hukm olishning hanafiylikka xos qoidalari tahlili” kabi boblarga ajratilgan.

Yosh olim nutqi davomida tadqiqot ishi “Usul al-Pazdaviy» asarida yoritilgan hanafiylikka xos usul qoidalarining ilmiy-amaliy ahamiyatini ochib berishdan iborat ekanligini qayd etdi.

Shundan so‘ng Irodaxon Gafurovaning “Turkistonda islom me’moriy obidalari (XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlari)” mavzusidagi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Kunning ikkinchi qismida esa “Islomshunoslik” fakulteti dekani Jahongir Tohirovning “Ali Qushchining “Sharh Tajrid al-kalom” asari – temuriylar davridagi kalom ilmiga oid muhim manba” mavzusidagi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi o‘tkazildi.

Jahongir Tohirov himoya davomida Mirzo Ulug‘bek davrida Movarounnahrdagi diniy-ma’rifiy muhitni yoritish, XIV-XV asrlardagi movarounnahrlik olimlarning kalom ilmiga oid asarlari xususiyatini aniqlash, Ali Qushchi shaxsiyati va ilmiy merosiga tavsif berish kabi vazifalarni o‘z oldiga qo‘yganini ta’kidladi. Tadqiqot ishi esa Ali Qushchining temuriylar davri kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berishdan iborat ekanligini e’tirof etdi.

Qizg‘in bahs-munozaralar ostida o‘tgan dissertatsiyalar himoyasida so‘zga chiqqan ekspertlar tadqiqotchilarning ilmiy ishlarini chuqur ilmiy darajada o‘rganganini qayd etishdi. Aniq faktlarga tayanilgan ma’lumotlar mavzular ko‘lamini yanada ochib berilgani ta’kidlandi.

Yakunda tadqiqotchilarning dissertatsiyalari falsafa doktori (PhD)  ilmiy darajasini olish uchun munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish