Yangi imkoniyatlar maskani
BUYUK AJDODLARIMIZ
Yangilanayotgan O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lidagi ezgu amallar xalqaro jamoatchilikning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lib, vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qilmoqda. Xususan, AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) O‘zbekistonda diniy erkinlik bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlarni olqishlab, maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqardi. Shuningdek, AQShning Jon Hopkins universiteti huzuridagi Markaziy osiyo va Kavkaz instituti prezidenti Frederik Starrning “O‘zbekiston: musulmon dunyosidagi islohotlar uchun yangi model” maqolasida ham diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar haqida iliq fikrlar bildirilgan.
Yurtimizda buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, shu asosda yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatda istiqomat qilayotgan turli millat va din vakillarining o‘zaro bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashashini ta’minlash diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning asosiy yo‘nalishidir.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, ilmiy-tadqiqot markazlari, qator muassasalarda yurtimizdan yetishib chiqqan, jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan allomalarning merosini sodda va ravon tilda xalqimizga yetkazish, ayniqsa, vatanparvarlik, ota-onaga hurmat, silai rahm, diniy bag‘rikenglik, ma’naviyatimizga yot turli illatlarga nisbatan murosasizlik kabi g‘oyalarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish yuzasidan tizimli tadqiqotlar olib borilmoqda.
Xususan, bu borada Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni alohida ta’kidlash lozim. Markaz oldiga buyuk ajdodimiz, mutakallim alloma, moturidiylik ta’limoti asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima hamda qiyosiy matnlarini nashr etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, buyuk allomalarning kutubxona va qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma asarlarining asl hamda elektron nusxalarini jamlash, ular ustida tadqiqot olib borib, kelajak avlodga bezavol yetkazish kabi bir qator muhim va dolzarb vazifalar qo‘yilgan.
Markazda Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimalarini yaratish ustida qilinayotgan izlanishlarni alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, “Ta’vilot al-Qur’on” asarining 29-juzi nashr qilingan bo‘lsa, 25-26-27-28-juzlari shu yil yakuniga qadar chop etilishi rejalashtirilgan. Milliy hamda diniy qadriyatlarimizning asl o‘zagini tashkil qiluvchi ezgu g‘oyalar, jamiyatda diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladigan moʻtadil islom ta’limoti xalq orasiga chuqur kirib borishi uchun asarning har bir juzi asosida sodda va xalqchil tilda “Ta’vilotdan durdonalar” rukni ostida ommabop risolalar ham tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Hozirgi vaqtda markazda Imom Moturidiyning “Kitob at-tavhid” asari ustida fundamental tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, asarning Buyuk Britaniyadagi Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanayotgan dunyodagi yagona nusxasi asosida tanqidiy matn hamda ilmiy-izohli tarjimasini amalga oshirish maqsad qilingan. Ayni vaqtda ushbu tadqiqotlar deyarli yakunlangan bo‘lib, nashr qilinishi kutilmoqda.
So‘nggi yillarda yurtimizda qadimiy yozma manbalarni o‘rganish, saqlash, ularni restavratsiya qilish hamda kelajak avlodga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini bu boradagi muhim amaliy qadam sifatida e’tirof etish mumkin. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy jamoasi ushbu qarorda ko‘rsatilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Xususan, markazda joriy yil 1–6-iyul kunlari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari xodimlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari vakillari uchun Turkiya Respublikasi Ibn Xaldun universiteti professori, doktor Hamza Bakriy ishtirokida “Qo‘lyozma manbalarni tadqiq etish ilmiga kirish” mavzusida malaka oshirish kurslari tashkil qilindi. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan manbashunos mutaxassislar qo‘lyozmalarni tadqiq etishda qo‘llanilayotgan zamonaviy va innovatsion yondashuv va uslublar, sohada qo‘lga kiritilgan eng so‘nggi ilmiy yangilik va natijalar bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohot va ijobiy o‘zgarishlarni keng targ‘ib qilishga qaratilgan xalqaro darajadagi tadbirlar ham muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, shu yil 31-mart kuni markaz xalqaro ilmiy hay’atining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan hay’at a’zolari – jahonning yetakchi universitet va ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari – ko‘zga ko‘ringan islomshunos hamda kalomshunos olim va mutaxassislar moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlarni saralash, o‘zaro hamkorlikda seminar va o‘quv mashg‘ulotlar tashkil qilish, xodimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, musulmon mamlakatlari universitetlarida Imom Moturidiy nomi bilan atalgan kafedralar ochish kabi qator muhim masalalarni muhokama qildilar.
Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Respublikasi Saljuq universiteti Imom Moturidiy tadqiqot markazi va yurtimizdagi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium o‘tkazildi.
Simpoziumda umumiy hisobda 150 dan ziyod, jumladan, Misr, Turkiya, Malayziya, Germaniya, Rossiya, Marokash, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan 30 dan ortiq yetuk moturidiyshunos hamda islomshunos olim va mutaxassis, mahalliy tadqiqotchilar qatnashdilar.
Markaz tomonidan O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligiga bag‘ishlab nashr qilingan kitoblar taqdimotini o‘tkazish an’anasi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yil ham ushbu go‘zal an’anani davom ettirgan holda Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” asari taqdimotini nafaqat viloyatlarda, balki Misr, Turkiya, Malayziya, Rossiya, Qozog‘iston kabi xorijiy mamlakatlarda ham o‘tkazish maqsad qilingan.
Jamoliddin KARIMOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 13-sentabr, 187-son
Izoh qoldirish