383

Akademiyada “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining tashkil etilishi” mavzusida tadbir o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida yangi o‘quv yili munosabati bilan 1-bosqich bakalavriat va magistratura talabalari ishtirokida “Birinchi kurs maktabi”, “Mustaqillik darslari” hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Navbatdagi tadbirlardan biri islom ma’rifati va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Muftiy Boboxonovlar sulolasining merosini o‘rganish va yoshlar orasida keng targ‘ib etish mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yetakchi ilmiy xodimi Shayx Abdulaziz Mansur, Muftiy Boboxonovlar jamg‘armasi direktori maslahatchisi Amirsaidxon Usmonxo‘jayev, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un Gʻofurov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri Ne’matulla Muxamedov, kafedra professori Saidakbar Agzamxodjayev, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi.

“O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi tashkil etilishi” mavzusida bo‘lib o‘tgan uchrashuvni Akademiya prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shundan so‘ng Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari mo‘min-musulmonlarimiz tomonidan katta ehtirom bilan yodga olinadigan Muftiy Boboxonovlar sulolasi vakillari o‘ta mashaqqatli yillarda yurtimizdagi diniy-ma’rifiy soha rivoji yo‘lida beqiyos xizmatlar qilgani to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Darhaqiqat, Ikkinchi jahon urushi davrida sovet tuzumining diniy siyosatida keskin o‘zgarish kuzatildi. 1943-yilning oktabr oyida Toshkent shahrida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining diniy boshqarmasi tashkil etiladi. O‘sha davrda Diniy boshqarma faoliyati beshta sobiq sovet respublikasi – Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonni qamrab olgan edi. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi muftiysi sifatida bir ovozdan Eshonxon Boboxon tayinlanadi.

– Ikkinchi jahon urushining eng og‘ir paytida sobiq ittifoq aholisining Islom diniga bo‘lgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgara boshladi, – deydi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri Ne’matulla Muxamedov. – 1943-yil 31-iyulda Toshkent shahrida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining Diniy boshqarmasi tashkil etiladi. Muftiy Eshon Boboxonga Diniy Idora boshqaruvini tashkil etish va uni yo‘lga qo‘yishda mazkur zotlardan tashqari o‘zlarining o‘g‘illari Ziyovuddinxon qori, Kamoliddinxon qori, Badriddinxon va Nosirxonlar yaqindan yordam berishadi. Shu yili Toshkentda I qurultoy o‘tkaziladi. Unda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy boshqarmasini tashkil etish va Eshon Boboxonni muftiy etib saylash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. 

Eshon Boboxon Diniy boshqarmaga rahbarlik qilgan davrda Mir Arab madrasasining o‘quv dargohi sifatida rasman faoliyat ko‘rsata boshladi. Buxorodagi Bahouddin Naqshband, Samarqanddagi Shohi Zinda, Dushanbedagi Xoja Ya’qub Charxiy, Toshkentdagi Imom Qaffol Shoshiy kabi ziyoratgohlar ochildi. Viloyatlar markazlarida yirik jome masjidlarining ishga tushirildi. Bir qator islomiy osori-atiqalarni ta’mirlandi, bundan tashqari, boshqa ko‘plab xayrli ishlar bevosita u zotning rahbarligida amalga oshirildi.

Tadbir davomida talabalarga Boboxonovlar sulolasining yurtimizda dinimiz rivoji yo‘lida ko‘rsatgan mehnatlari aks etgan hujjatli film namoyish etildi. So‘zga chiqqanlar mazkur sulola diniy-ma’rifiy sohadagi xizmatlarini e’tirof etishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish