340

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy yo‘nalishda yangi bosqichga chiqmoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 31 YILLIGIGA

Ilm-fan – taraqqiyot kaliti. Uning igna bilan quduq qazishga mengzalishi ham bejiz emas. Zotan, ilm va kasb-hunar egallash tolibi ilmdan sabr-toqat, mehnat, izlanish, o‘qib-o‘rganish talab qiladi. Shu o‘rinda dono xalqimizning “Ilmning avvali achchiq, so‘ngi – totli”, degan maqoli e’tiborlidir.

Shu bois ham yurtimizda azal-azaldan ilm-ma’rifat egalari, ustoz muallimlar qadrlanib kelingan. Binobarin, ota-bobolarimiz “Ilm-u hunar yelga emas, elga” degan purma’no hikmatning mag‘zini chaqib, dunyoga tanilgan. Darvoqe, ilm va hunarli insonning xizmati va amalga oshiradigan ilmiy kashfiyoti el-yurtga tatishi, ezgulikka boshlashi ayon haqiqat.

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 156 nafar professor-o‘qituvchi, jumladan, 26 nafar fan doktori, 75 nafar fan nomzodi va falsafa doktori (PhD) ilmiy-pedagogik faoliyat ko‘rsatib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashib kelmoqda. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ilmiy salohiyati 66 foizni tashkil qilishini bildiradi. Shu nuqtai nazardan, 2021-yilda O‘zbekiston Milliy reytingida Ilmiy salohiyat bo‘yicha O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi.   

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dunyodagi yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari orasida o‘z maqomiga munosib, nufuzli akademiyaga aylandi. Xususan, 2021-yilda xalqaro Times Нigher Education (THE) reyting agentligining “Impact Rankings” reytingida dunyodagi yetakchi 1000 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatidan o‘rin oldi. Bunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari (Sustainable Development Goals)ni amalga oshirishda qanchalik muvaffaqiyatga erishganligi o‘rganilib, oliy ta’lim muassasalarining 11 ta yo‘nalishdagi faoliyatiga baho berilgan.

Hozirgi kunda akademiyada 6 ta ixtisoslik, jumladan:

07.00.04 – Dinshunoslik;

19.00.07 – Din psixologiyasi;

24.00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi;

24.00.02 – Qur’onshunoslik. Hadisshunoslik;

24.00.03 – Fiqh, kalom ilmi. Ilohiyot;

24.00.04 – Mumtoz Sharq adabiyoti va manbashunosligi ixtisosliklari doirasida ilmiy tadiqotlar olib borilmoqda. 

So‘nggi uch yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida ta’sis etilgan Ilmiy kengashda fan doktori va falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun 46 nafar (PhD) hamda (DSc) dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilindi. Ayni paytda umumiy miqdorda 67 nafar tayanch doktorant, 4 nafar doktorant, 7 nafar stajor-tadqiqotchi va 10 nafar mustaqil izlanuvchi faoliyat olib bormoqda. Shulardan 3 nafari xorijiy tadqiqotchi.  Qabul faoliyatiga oid jarayonlar Phd.mininnovation.uz sayti orqali amalga oshirilib kelinmoqda.   

Ta’kidlash joizki, mazkur davr mobaynida Akademiyada Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda 15 dan ortiq fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy loyihalar amalga oshirilib, manbashunoslik, dinshunoslik, fiqh, kalom ilmi, ilohiyot ixtisosliklari bo‘yicha ko‘plab yangi kashfiyotlar qilindi. 

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Manbalar xazinasi” bo‘limida 448 ta noyob qo‘lyozma, 1500 ta tarixiy toshbosma hamda 10 ming 500 ta zamonaviy nashrdagi kitoblar mavjud bo‘lib, ular tadqiqi asosida 9 ta risola, 6 ta kitob, 2 ta kitob-albom, 67 ta ilmiy va ommabop maqola keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Shuningdek, bo‘limdagi 413 ta qo‘lyozma kitoblarning qisqa katalogi nashr qilinib, 400 ta qo‘lyozmaning kengaytirilgan katalogi tuzildi va 160 ta qo‘lyozmaning raqamlashtirilgan elektron nusxalari yaratildi.

Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan 90 ta monografiya nashr qilindi. 216 ta ilmiy ishlanmalar uchun mualliflik guvohnomalari qo‘lga kiritilib, ilmiy nashrlarga iqtiboslilik ko‘rsatkichi 4425 ta tashkil qilmoqda. Shuningdek, ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazida “Dinshunoslikning zamonaviy muammolari”, “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon”, “Konfessiyalararo muloqot – barqarorlik garovi”, “Globallashuv jarayonida islomni tushunish muammolari”, “Xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish metodologiyasi”, “O‘zbekistonda din psixologiyasining ilmiy-nazariy masalalari” va shu kabi bir qator dolzarb mavzularda 100 dan ortiq respublika ilmiy-amaliy konferensiyalari, ilmiy seminar, simpoziumlar hamda 60 dan ortiq xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etildi.

Birgina 2021-yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan 31 ta noyob ilmiy ishlanma Scopus bazasidagi jurnallarda butun dunyo olimlari e’tiboriga taqdim etildi. Bugungi kunda akademiyada 6 ta ilmiy-amaliy, innovatsion loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib, unga soha mutaxassislari bilan bir qatorda 8 nafar magistr hamda 12 nafar talaba jalb qilingan.

Yosh ilmiy tadqiqotchilarning ilg‘or ishlanmalarini keng jamoatchilikka taqdim etish maqsadida “Islom ziyosi” va “Islom tafakkuri” ilmiy jurnallari chop etib kelinmoqda. Shuni ham ta’kidlash kerakki, “Islom ziyosi” jurnali respublika oliy ta’lim muassasalari ilmiy jurnallari noyob platformasi – uzjournals.edu.uzdagi eng faol 5 ta jurnaldan biri sifatida e’tirof etilgan nashrdir.

Akademiyada tahsil olayotgan ko‘plab iqtidorli talabalar nufuzli fan olimpiadalari va davlat stipendiyalari tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib g‘olib va sovrindor bo‘lib kelmoqda. Xususan, so‘nggi uch yilda 1 nafar talaba O‘zbekiston Prezidenti Davlat stipendiyasi, 11 nafar talaba Imom Buxoriy nomidagi Davlat stipendiyasi, 4 nafar talaba Islom Karimov nomidagi, 5 nafar talaba Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi, 3 nafar talaba Ubaydulla Uvatov nomidagi maxsus stipendiyalarni hamda 5 nafar talaba “Aloqa bank” tomonidan tashkil etilgan stipendiyani qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 13 nafar talaba Respublika fan olimpiadasi hamda 5 nafar talaba xalqaro onlayn fan olimpiadalari g‘olibi bo‘ldi.

Muxtasar aytganda, dunyo sivilizatsiyasiga beshik bo‘lgan yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning boy ilmiy-tarixiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishda ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu, tabiiyki, necha asrlardan buyon islom diniga e’tiqod qilib kelayotgan xalqimizning diniy e’tiqodini mustahkamlash va ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishda dasturulamal vazifasini bajaradi

Zohidjon ISLOMOV,

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish