444

Tinch va osoyishta yurtda yashash – bebaho ne’mat

SHUKRONA

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisi xalqchil islohotlarga xayrixohlik va qat’iy ishonch bilan qarab, bu o‘zgarishlarning samarasidan xursand bo‘lyapti. Aholi farovonligi, xalq roziligi har qachongidan ham dolzarb masalaga aylandi.

Davlatimiz tomonidan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi. Shu asosda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oyani amalga oshirish vazifa qilib belgilandi.

“Insonlarning dard-u tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir” shiori ostida kechayotgan xayrli islohotlar ijobiy natijalarini berayotganini har qadamda ko‘ryapmiz. Aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, keksalarni e’zozlash, yoshlarga oid davlat siyosati, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash kabi qator masalalarda yuksak yutuqlar qo‘lga kiritildi. Iqtisod ham, ma’naviyat ham, yurtimiz ravnaqi ham keng ko‘lamda rivoj topdi. Taraqqiyotimizning yangi davrida insonlarning vijdon va e’tiqod erkinligi huquqini ta’minlashga e’tibor kuchaydi.

Sohada mutaxassis kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi oliy maktabi, 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat ko‘rsatyapti. Ularda hadis, kalom, fiqh va tasavvuf sirlari o‘rgatilayotgani bu boradagi ishlar ko‘lami nechog‘liq keng ekanidan dalolat berib turibdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga tamal toshi qo‘yildi. Markaz o‘z g‘oyasi va ahamiyatiga ko‘ra betakror loyiha bo‘lib, islom dinining ilmiy-ma’naviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan. Muhim jihati, u xalqning bunyodkorlik qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda Uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshiradi hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtiradi. 

Markaz “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini keng targ‘ib qiluvchi, mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi, moddiy-madaniy meros namunalarini, islom dini bilan bog‘liq qadimiy va boy an’analarni targ‘ib qiluvchi ilmiy-ma’rifiy bilim maskanidir.

Yurtimizda birinchi va ikkinchi Renessanslarga sababchi bo‘lgan buyuk allomalarimizning muborak nomlari abadiylashtirildi. Shuningdek, ilk bor Prezidentimiz tashabbusi bilan “Imom Buxoriy” ordeni ta’sis etildi. 

Allomalarning ilmiy meroslarini tadqiq qilishga keng e’tibor qaratilmoqda. So‘zimizning dalili sifatida so‘nggi yillarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Hakim Termiziy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, Suzuk ota kabi allomalarimiz nomlari bilan bog‘liq qadamjolar, ziyoratgohlar tarixda kuzatilmagan darajada go‘zal loyihalar bilan obodonlashtirilganini keltirish mumkin.

Birgina Namangan viloyatidagi Sulton Uvays Qaraniy masjid-majmuasining yangi binosi ochilishi, Ishoqxon Ibrat nomidagi muzey, ilmiy maktab va bog‘ barpo qilinishi hamda O‘n bir Ahmad ziyoratgohi qaytadan bunyod etilishi yurtdoshlarimizning quvonchiga yanada quvonch qo‘shdi. Mo‘min-musulmonlarning umra va haj ziyoratlarini ado etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. 2017-yilda ziyoratchilar ko‘rsatkichi 7200 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil raqamlar salmog‘i ancha ortgan. Qariyb 12 ming yurtdoshimiz haj qilishga musharraf bo‘ldi.

Bugun tinch va osoyishta hayot kechiryapmiz. Bu aslida bebaho ne’mat. Har bir go‘shada “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan ezgu shior, ezgu g‘oya tantana qilayotir. Joylardagi sayillarda, tadbirlarda, davra suhbatlarida bu g‘oya faxr bilan baralla ovozda yangramoqda, qalblarga ruh baxsh etmoqda. Chunki bu dunyoda Vatandan azizroq makon yo‘q. Yer yuzida O‘zbekistonimiz – yakka-yu yagona. Uning boy o‘tmishi, ravnaq topayotgan buguni, porloq kelajagi uning qiymatini yanada oshiradi.

Shu o‘rinda har bir yurtdoshimizni Vatanimiz tinchligini, xotirjamligini asrashga, mustaqilligimizni qadrlashga chorlaymiz.

Abdulhay TURSUNOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyati vakili, 

Namangan viloyati bosh imom-xatibi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 28-avgust, 176-son

 

 

Izoh qoldirish