BUYUK MUHADDIS Imom Buxoriyning ulug‘ligi sabablari: dunyo olimlari nima deydi?
ZIYO
2022-yil 15-avgustda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Imom Buxoriy” ordenini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonun imzolandi. Qonunga muvofiq, orden ikki darajadan iborat bo‘lib, “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni hamda “Imom Buxoriy” ordeni ko‘rinishida bo‘ladi. Mazkur orden bilan ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom ma’rifati rivojiga hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish hamda targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishgan vatandoshlar va xorijlik fuqarolar mukofotlanadi.
Prezidentimiz farmoni bilan O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli qo‘shma dastur va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi ulkan hissasi uchun Saudiya Arabistoni Podshohi, Ikki muqaddas masjid xodimi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordenining ilk sohibiga aylandi.
Yuksak mukofot O‘zbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi chog‘ida topshirildi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning muborak ruhi-poklari orom topgan Madinai munavvara shahrida Imom Buxoriy masjidi qad rostlab turibdi. Saudlar yurtida Imom Buxoriy vatandoshlariga hurmat-e’tibor benihoya yuqori.
Darhaqiqat, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy nomi bilan ataladigan masjidlar, qiroatxonalar, oliy ta’lim muassasalari, nashriyotlar, qadamjolarni kurrai zaminning turli burchaklarida uchratish mumkin. Dunyoning eng mashhur oliygohlaridan biri bo‘lmish Oksford universiteti Islom tadqiqotlari markazining kirish qismidagi birinchi darsxona (auditoriya) Imom Buxoriy nomi bilan yuritiladi. Bu yerda dunyoning atoqli olimlari talabalar uchun ma’ruzalar o‘qiydi, islom ilmining eng oxirgi yutuqlari jahon ahliga taqdim etiladi.
Imom Buxoriy buyuk muhaddis sifatida barcha musulmonlar tomonidan birdek ulug‘lanadi. Shunday ekan, “Buxoriyning buyukligi sabablari nimada”, “U haqida dunyo olimlari qanday fikrda, umuman, dunyo olimlari Buxoriy haqida nimalar biladi va uning merosini qanday baholaydi” kabi savollar tug‘ilishi tabiiy.
Bu savollarga javob topish uchun xorijiy tillarda bitilgan asarlarga nazar tashlamoq joiz. Qolaversa, Imom Buxoriyning muhaddislik faoliyatiga oid xorijiy manbalarni bilish va ommalashtirish mamlakatimizda uning merosini o‘rganish ishlariga ko‘mak beradi. Tan olishimiz kerakki, biz buyuk allomalarimiz haqida juda kam bilamiz. Shu bois, Imom Buxoriy haqida dunyo olimlari asarlari bilan tanishish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Hadislar islomda Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda keluvchi muhim manba sanaladi. Ular ijtimoiy hayotning muqaddas kitobda ko‘zda tutilmagan masalalariga echimlar taqdim etadi. Hadislar o‘zida sunnani mujassamlashtiradi. Ya’ni sunna hadislarda o‘z aksini topgan va ular orqali keyingi avlodlarga yetkazilgan.
Xalifalar davridan keyin hadis ilmi taraqqiy eta boshladi. Hadis ilmi nafaqat hadislarni yig‘ish, balki ularning sahihlarini soxta va to‘qimalaridan ajratish, tizimlashtirish, tasniflash va sharhlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni o‘z ichiga oladi. VIII asrdayoq hadislar soni haddan ziyod ko‘payib ketib, sahihlarini alohida ajratib olish va tizimlashtirish zarurati yuzaga keladi.
IX asr (hijriy III asr) hadis ilmining gullab-yashnagan davri bo‘ldi. Sahih hadislarni soxta va to‘qimalardan ajratib olishga to‘liq muvaffaq bo‘lindi. Oltita eng sahih hadislar to‘plami – “Sihohi sitta” (“Sihah Sittah”) yaratildi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (vafoti milodiy 870/hijriy 256-y.), Muslim ibn al-Hajjoj (vafoti milodiy 875/hijriy 261-y.), Muhammad ibn Iso at-Termiziy (vafoti milodiy 892/hijriy 279-y.)ning “Jome’ as-sahih”lari va Abu Dovud Sulaymon (vafoti milodiy 889/hijriy 275-y.), Ahmad ibn Shuayb an-Nasoiy (vafoti milodiy 915/hijriy 303-y.), Ibn Moja al-Qazviniy (vafoti milodiy 886/hijriy 273-y.) ning “Sunan”lari mana shu davrda dunyoga keldi.
Bular orasida dunyo bo‘ylab eng ko‘p tarqalgani Imom Buxoriyning sahih hadislar to‘plamidir. Aksariyat manbalarda Imom Buxoriy 600 mingta hadisdan 200 mingtasini yod bilgani, shundan 7275 tasini sahih sifatida taqdim qilgani qayd etiladi.
Imom Buxoriyning sahih hadislar to‘plami asli arab tilida bitilgan, keyinchalik ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan hamda qayta va qayta nashr etilgan. Ularning eng ko‘p tarqalgan tarjimalari ingliz tilida bo‘lib, aksariyati Buyuk Britaniya kutubxonalarida saqlanadi. Imom Buxoriyning o‘zi haqidagi asarlar ham turli tillarda bitilgan bo‘lsa-da, ularning eng ommalashganlari ingliz tilidadir. Islom dini keng yoyilgan Indoneziya, Malayziya, Bangladesh, Pokiston, Nigeriya, ba’zi arab davlatlari va qisman Hindistonda ingliz tilining rasmiy va ilm-fan tili sifatidagi maqomi buning sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. Shu bois, Imom Buxoriy haqida ma’lumot beruvchi manbalar ichida ingliz tilida yozilgan yoki mahalliy tillardan ingliz tiliga tarjima qilinganlari salmoqli o‘rin egallaydi.
Imom Buxoriyning hayoti va faoliyatiga bevosita bag‘ishlangan monografik asarlar nisbatan kam uchraydi. Chunki buyuk alloma haqida asar yozishga jur’at etadigan qalam sohiblari barcha zamonlarda sanoqli bo‘lgan. Ammo islomshunoslikning turli mavzulari doirasida Imom Buxoriy va uning faoliyati haqida so‘z yuritilgan bilvosita asarlar talaygina. Bunday asarlarda alloma haqida to‘liq ma’lumotlar berilmasa-da, ulug‘ muhaddis shaxsining u yoki bu qirralari turli mavzular ohangida bayon etiladi.
Yevropa tillarida islomshunoslik, ayniqsa, islom tarixi va manbashunosligi sohasida yozilgan asarlarning deyarli barchasida Imom Buxoriy nomi va uning “Sahih”i qayd etiladi.
Yevropalik mumtoz islomshunoslar Jozef Shaxt, Ignas Goldsiyer, Xarald Moski va boshqalarning asarlarida ham hadis bobida Imom Buxoriyga murojaat qilinadi. Yevropa va Sharq islomshunoslari Buxoriyning “Al-Jomi’ as-sahih” asarini eng ishonchli manba sifatida qayd etadi.
Oxirgi 15 yillik davrni olsak, Imom Buxoriy haqida ingliz tilida yozilgan monografik asarlar sirasiga asli pokistonlik bo‘lgan doktor Hasan Abdul Jabborning 2007-yilda Oksfordda nashr qilingan “Buxoriy” asarini kiritish mumkin. Unda Imom Buxoriyning hayoti va faoliyatiga oid mumtoz manbalarga havolalar qilinadi. Asarda Imom Buxoriyning hayoti, talabalik davrlari, sayohatlari va hadis ilmidagi bemisl o‘rni xususida qiziqarli ma’lumotlar beriladi. Doktor Abdul Jabbor Imom Buxoriyning tug‘ma xotira sohibi bo‘lganini bir necha marta ta’kidlaydi va manbalarga tayangan holda aniq misollar bilan batafsil ta’riflaydi. Uning yozishicha, Imom Buxoriy faqat tug‘ma xotira bilan cheklanib qolmagan, balki o‘z quvvai hofizasini muttasil kuchaytirib borgan. Muallifga ko‘ra, Buxoriy bir shaharda eshitgan hadisini o‘sha joyning o‘zidayoq yozib olmagan, balki uni muayyan muddat xotirasida saqlab yurgan va keyingi shaharga yetib borgandagina o‘zi uchun qayd qilib yozib qo‘ygan. Imom Buxoriy 16 yillik mehnatdan so‘ng, 39 yoshida “Sahih”ni yozib tugatgach, umrining qolgan qismini hadis saboqlariga baxshida etadi. Muallifning bildirishicha, Buxoriy yurtma-yurt kezib, 90 mingdan ortiq talabaga shaxsan o‘zi sahih hadislarni etkazgan. Asarda Muhammad (s.a.v.)ga muhabbat va ixlos Buxoriyni buyuklik sari etaklagan omil ekaniga ishora qilinadi. Shuningdek, buyuk muhaddisning so‘nggi kunlari va o‘limidan oldingi vasiyati haqida ma’lumot beriladi.
Imom Buxoriy ilmda xolis, insoniylikda esa juda xokisor bo‘lgan. Muhaddis Xurosonda bir muddat yashagan paytlarida viloyat hukmdori Xolid al-Zuhaliy Buxoriydan uning xonadoniga kelib, farzandlariga “Sahih” va hadis ilmidan saboq berishini so‘raydi. Buxoriy uning taklifini rad etadi. U Xolidga uning farzandlarini o‘z talabalari orasida ko‘rishdan xursand bo‘lishini, ammo uning uyiga alohida dars berish uchun bora olmasligini ma’lum qiladi.
Yana bir manba sifatida Imom Buxoriy “Sahih”ining ingliz tilidagi 9, 3 va 2 tomlik tarjima nashrlarini keltirish mumkin. Ularning muqaddimasida buyuk muhaddis haqida qisqacha ma’lumotlar beriladi. Xususan, Madina al-Munavvara Islom universiteti doktori Muhammad Muhsin Xon tomonidan ingliz tilidagi 9 tomlik “Sahih al-Buxoriy ma’nolarining tarjimasi” asarining kirish qismida aytilishicha, “Mashhur bo‘lishiga qaramay, Buxoriy haqqoniyligi va xokisorligi bois, hukmdorlardan o‘zini uzoq tutardi. Ularning ra’yiga qarab, biror noto‘g‘ri so‘z aytib qo‘yishdan o‘zini tiyardi. Zotan, o‘sha zamonlarda aksar olimlar hukmdorlarning nazariga tushish uchungina hadis ilmi bilan shug‘ullanardi”.
Nigeriyalik islom huquqshunos olimi Rahmon Doiyning Londonda chop etilgan va keng tarqalgan “Islom huquqi” kitobida keltirilishicha, Buxoriy hadislarni saralash jarayonida ularning musulmonlar yashash tarzi va kundalik hayoti uchun qanchalik ahamiyat kasb etishini ham e’tiborga olgan. U hadislar musulmonlar uchun barcha sohada oq va qorani ajratib beruvchi qo‘llanma bo‘lishi zarur, deb hisoblagan.
Yuqorida eslatilgan oltita sahih hadislar to‘plami (Sihohi sitta) orasida Buxoriy va Muslim tomonidan yaratilgan “ikki sahih” (“as-sahihayn”) eng mashhurlaridir. Ularning ikkisi o‘rtasida nisbiylik o‘tkazilganda, Imom Buxoriyning hadislariga ustuvorlik beriladi. Malayziyada 2008-yilda chop etilgan “Hadis va sunna” kitobida Imom Buxoriyga bag‘ishlangan kichkina bo‘lim mavjud bo‘lib, unda mualliflardan biri Muhammad Ali Imom Buxoriyning ustunligini asoslab beradi. Xuddi shunday yondashuv Said Abdullo tomonidan 2006-yilda Nyu-York va Londonda chop etilgan “Islom ta’limoti” asarida uchraydi.
Mualliflar Imom Buxoriyning Imom Muslimdan ustunligini quyidagicha izohlaydi:
birinchidan, Imom Buxoriy Imom Muslimdan ko‘ra ko‘proq hadis yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Buxoriy 600 mingta hadisdan 7275 tasini, ya’ni ularning bor-yo‘g‘i 1,5 foizini sahih sifatida tanlab olgan. Muslim Nishopuriy esa 300 mingta hadis to‘plagan bo‘lib, shundan 12 mingtasini, ya’ni 4 foizini saralab olgan. Mazkur miqdoriy ko‘rsatkichlar Imom Buxoriy tomonidan juda katta hajmdagi ish o‘ta sinchkovlik bilan amalga oshirilganidan darak beradi;
ikkinchidan, har ikki muhaddis tomonidan hadis rivoyat qiluvchi roviylarga qat’iy talablar qo‘yilgan, ayniqsa, Buxoriy ularning ziyolilik darajasi va akademik salohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Buxoriyning saralash mezonlariga ko‘ra, ayni bir hadisni ketma-ketlikda naql qilayotgan ikki roviy (hadis yetkazuvchi)ning har biri o‘z ustozidan ayricha ta’lim olgan bo‘lishi, ayni bir zamonda va makonda yashagan bo‘lishi va albatta, bir-biri bilan yuzma-yuz uchrashib, biri ikkinchisidan tegishli hadisni o‘zlashtirgan bo‘lishi lozim. Muslim roviylarga bunday talab qo‘ymagan: ikki roviyning ayni bir zamonda va mintaqada yashaganining o‘zi kifoya, ular o‘zaro uchrashib, bir-biridan hadis o‘rganganini isbotlash shart emas, deb hisoblagan. Xuddi shu joyda Muslimning sahih hadislarni saralash mezoni bo‘yicha roviylar o‘rtasidagi uzviylik talabi Buxoriy talabidan ko‘ra zaifroqligini namoyon qiladi. Shu bois, Buxoriy hadislari islomda Qur’ondan keyingi eng ishonchli manba sifatida ko‘riladi.
Umuman, Imom Buxoriyni boshqa muhaddislar bilan taqqoslaganda, uning quyidagi ustunliklari ko‘zga tashlanadi:
birinchidan, Imom Buxoriy hadis ilmi gurkiragan davrda yashab o‘tgan va oltita sahih muhaddisning eng yoshi ulug‘i bo‘lgan. Buning ahamiyati shundaki, boshqa yirik muhaddislar uning to‘plamidan andoza olgan va hadis bilan bog‘liq mavzularda Imom Buxoriyga suyangan, hadis to‘plash va ularni saralashda uslubiy jihatdan uning izidan borgan;
ikkinchidan, Imom Buxoriy hadislarning sahihligini tekshirishda juda tanqidiy yondashgan, har bir dalilni sinchkovlik bilan tekshirgan va ushbu ulug‘ vazifaga o‘zini butunlay baxshida etgan;
uchinchidan, Buxoriy tabiatan o‘ta ziyrak, o‘tkir zakovat va aqliy salohiyat sohibi, tug‘ma iste’dod va kuchli xotira egasi bo‘lgan. Uning bu xislatlari ko‘plab manbalarda o‘z isbotiga ega;
to‘rtinchidan, Imom Buxoriy hadislar to‘plamidagi har bir bobning Qur’oni karim matni bilan uzviyligini ta’minlagan. Bu bilan islomning ushbu ikki manbasini uyg‘unlashtirgan va hadislar vositasida Qur’onni tushunish va anglab olishni osonlashtirgan;
beshinchidan, Buxoriy hadislar to‘plamini yaratishda usuli fiqh me’yorlariga rioya etishga harakat qilgan. Boshqacha aytganda, Imom Buxoriy hadislarga shunday tartib berganki, natijada birlamchi manbadan hukm hosil qilish faqihlar uchun qulaylik tug‘dirgan. Islomshunoslar Imom Buxoriy usul al-fiqhdan to‘liq xabardor bo‘lganini taxmin qiladi.
Buxoriyning hadis ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi betakrordir, uning hadislar to‘plami esa favqulodda mukammallik kasb etadi. Shu bois, Imom Buxoriy hadislari butun islom dunyosida keng tarqaldi, uning o‘zi buyuk muhaddis sifatida shuhrat qozondi.
Haydarali YUNUSOV,
O‘zFA Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimi,
Oksford universiteti Islom tadqiqotlari markazining
Imom Buxoriy va Imom Termiziy granti sovrindori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 24-avgust, 172-son
Izoh qoldirish